Ziyoli bo’lish osonmi?
Kirish:
Qanaqa odamni ziyoli deyish kerak? Ziyoli boʻlish uchun nima qilish lozim? Har kuni soqolini qirtishlab oladigan, chiroyli kiyinadigan, begona ayolning qoʻlidan oʻpib koʻrishadigan odam ziyoli boʻladimi? Yoki qaysi kiyimga qanday boʻyinbogʻ mos kelishini yoddan biladigan, kiborlar davrasidagi ziyofatga borganida oʻng tomondagi oltita pichoq bilan chap tomondagi oltita sanchqining qay birini qanday taomga ishlatishni bilmay esankirab qolmaydigan, bir emas, bir necha tilni biladigan kishi ziyolimi? Yoinki ziyoli boʻlish uchun, deylik, mingta kitob oʻqish, akademik unvoniga ega boʻlish shartmi?
Asosiy qisim:
Albatta, ziyoli odam uchun bunday fazilatlar kerak. Biroq, nazarimda, bularning oʻzi kamlik qiladi. Avvalo, insonning qalbi va ruhini ich-ichidan yoritib, ilitib turadigan nur boʻlmogʻi lozim. Bu nur imon bilan imonsizlik, vijdon bilan vijdonsizlik, insof bilan insofsizlik, bir soʻz bilan aytganda, odamiylik bilan hayvoniylik chegarasini ajratib turmogʻi shart.
Yaratganga shukronalar boʻlsinki, umrimda qalbi nurga toʻliq odamlarning anchasini koʻrdim. Men koʻrgan va bilgan ana shunday insonlardan biri – Ibrohim Gʻafurov. Ibrohim aka olim va munaqqid, shoir va adib, tarjimon va talay yoshlarning ustozi. “Hayo – xaloskor” degan iborani faqat ziyoli odamgina ayta oladi. Ibrohim Gʻafurovning keyingi kitobi shu nom bilan ataladi. Yaxshi ijodkorning oʻzi eʼtirof etishi yoki etmasligidan qatʼi nazar, asosiy kitobi boʻladi. Nazarimda, Ibrohim Gʻafurovning shu asarini uning asosiy kitobi yoki “umr daftari” deyish mumkin. Sababi, bu toʻplamda olim, munaqqid, tarjimon, adib va shoirning hayot haqida, makon va zamon haqidagi qariyb ellik yillik kuzatuvlari, xulosalari, oʻkinch va quvonchlari, oʻzining iborasi bilan aytganda, tavallosi aks etgan. Kitobda sinchkov, oʻychan, qalbida bir qadar maʼyuslik sezilib turgan inson kechinmalari, xotiralari jamlangan.
Ona haqida yozmagan qalamkash yoʻq. Ibrohim Gʻafurovning “Ona rizosi – rohat” lavhasidagi jumlaga eʼtibor bering: “Onam allaqachon oʻtib ketdilar. Ruhlari bu orada necha bor oyga borib kelgandir. Menga negadir ruhlar oyga safar qiladilar, degan tasavvur oʻrnashib qolgan. Qayerdan? Bilmayman…” Bu satrlarni tushunish emas, his qilish kerak!
Ibrohim Gʻafurovning asosiy kasbi – olimlik, munaqqidlik. Biroq (bu gapni avval ham aytganman) Ibrohim Gʻafurov agar munaqqid boʻlmasa, shoir boʻlardi. Olim boʻlmasa, adib boʻlardi. Tarjimon boʻlmasa, rassom boʻlar edi. Sababi, uning asarlarida, tadqiqot va tarjimalarida sheʼriyat ohanglari bor. Yaxshi adibga xos aniq tasvir bor. Anvoyi ranglar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |