Ijtimoiylashuv terminining asosiy sinonimi sifatida “shaxs shakllanishi“ deb olingan. Uning shakllanishi qaysi yo‘llar orqali amalga oshiriladi, degan savol ko‘pchiligimizni qiziqtiradi. Inson bir-biri bilan o‘zaro muloqotga kirishganda, shaxs bo‘lib shakllanadi.
Umumiy psixologiyada qabul qilingan tezisdan kelib chiqqan xolda gapiriladigan bo‘lsa, inson shaxs bo‘lib tug‘ilmaydi, balki shaxs bo‘lib shakllanadi. Ijtimoiylashuvning tuzilishiga ko‘ra, shaxsning shakllanish jarayoni inson tug‘ilgan daqiqadan boshlanadi. G.M.Andreeva o‘zining “Ijtimoiy psixologiya” kitobida shaxs shakllanishining uchta soha orqali amalga oshirilishini aytib o‘tadi: Faoliyat, Muloqot, O‘z-o‘zini anglash.
O‘z-o‘zini anglash shaxsdagi chuqur, nozik va intim xarakteristikalariga mansub. Uning rivojlanishi faoliyat tashqarisida amalga oshmaydi: faqat shu sohadagina shaxsning o‘zi haqidagi tasavvurlari bilan atrofdagilarning u haqidagi tasavvurlari taqqoslab boriladi, ya’ni “korreksiyalanadi”.
O‘zini anglashda ijtimoiy ta’sirlarning ahamiyati katta. Turli madaniyat, jins va irq vakillari bo‘lgani holda shaxs boshqalardan ajralib turishini va atrofdagilarning bu farqlarga qanday reaksiya bildirayotganini tahlil qilib boradi va shu tariqa o‘zini anglab boradi.
O‘zi haqida qayg‘urish shaxsda ijtimoiy xulq-atvorni motivlashtiradi. Ya’ni shaxsning deyarli barcha harakatlarini strategik deb atash mumkin. Ya’ni oddiygina, inson boshqalarda yaxshi taassurot qoldirish umidida o‘z tashqi qiyofasini o‘zgartirish va hatto o‘z vaznini me’yorida saqlash uchun qancha-qancha mablag‘ sarflashining o‘zi buning isbotidir.. Har bir shaxs o‘z atrofidagilarning xulq-atvorini, o‘zi bilan bog‘liq kutuvlarni diqqat markazidan qochirmaydi va o‘z xulq-atvorini ularga moslashtiradi.
Roy F.Baumayster “Odamlarda hech bir mavzu, o‘zlari haqidagi mavzudan ko‘ra katta qiziqish uyg‘otmaydi. Bundan tashqari bularni ko‘pchiligi uchun, o‘zlarini shaxsidan boshqa hech nima qiziqtirmaydi”- deb yozganida qanchalar haq edi. (Roy F.Baumayster, The Self in Social Psychology, 1999).
Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, shaxs va uning atrofidagilar orasidagi aloqa - bu ikki tomonlama harakatli ko‘chaga o‘xshaydi. Kishining o‘z “Men”i bilan bog‘liq fikrlari va hissiyotlari ularning atrofdagi voqea-hodisalarni interpritatsiya qilishga, ularni qanday eslab qolishga, atrofdagilarga reaksiya bildirishiga ta’sir qiladi. Atrofdagilar esa o‘z navbatida har bir shaxsning o‘zini o‘zi anglashini shakllantirishga yordam beradi.
Shu sababli, hozirda o‘zini o‘zi anglash - bu eng tadqiq etiladigan muammo. Shaxsning o‘zligini idrok etishi, anglashi uning fikrlarini, hislarini va harakatlarini boshqaradi.
Shaxsning o‘zini o‘zi anglashi uning xotirasiga qanday ta’sir etishini o‘rganish maqsadida olimlar tomonidan tadqiqot o‘tkazilgan va tadqiqot natijasida shunday xulosaga kelinganki, suhbatdosh bilan muloqotdan bir necha kun o‘tgach, Har kim bo‘lib o‘tgan suhbatdan faqat o‘zi haqida aytilganlarni ko‘proq eslab qolar ekan. Ya’ni psixologik tahlil etilsa, shaxsning “Men” konsepsiyasiga relevant ma’lumot tezroq o‘zlashtiriladi va yaxshi esida qoladi (Kogan & Johnson, 1992). Demak, shaxs o‘ziga aloqador bo‘lgan narsalar haqida o‘ylaydi va buni yaxshiroq esda saqlab qoladi.
O‘zini anglashning markazida atrofdagilarning e’tibori turadi va shaxs buni yuqori baholaydi. Odatda kishi atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga o‘zini mas’ul deb biladi, lekin aslida unda ikkinchi darajali rolni bajaradi (Fenigstein, 1984). Boshqa odamlarni xulq-atvorini yoki harakatini kuzatib, shaxs beixtiyor ularni o‘z harakatlari va xulq-atvori bilan qiyoslaydi (Dunning & Hayes, 1996). Bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Men”
O‘zini o‘zi anglashi shundayki, u o‘z ichiga shaxsning o‘zi haqidagi istaklari, orzularidagi menii haqdagi tasavvurlari - boy, nozik, sevimli va sevuvchi “Men”larni oladi (Marcus et al.,1989; Marcus & Nurius, 1986).
Shaxsning o‘zini hurmat qilishi uning o‘zini o‘zi anglashi bilan qanday aloqadorlikda? Agar shaxs o‘zini jozibador, jismoniy baquvvat, aqlli va boylik hamda muhabbatga loyiq deb bilsa, bu uning o‘ziga nisbatan hurmati “joyida” ekanligini bildiradimi? Psixologlar, o‘ziga yaxshiroq munosabatda bo‘lish uchun o‘zlarini chiroyliroq, jismonan baquvvatroq, aqlliroq va h.k. his etishlari kerakligini ta’kidlaganda aynan shuni nazarda tutishadi. Djennifer Kroker va Konn Volf fikricha, yuqorida ko‘rsatilgan sifatlar haqiqatdan ham shaxsning o‘zini anglashi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashgan. “Bir odam uchun o‘zini hurmat etish uchun faoliyatidagi muvaffaqiyat va tashqi ko‘rinish kerak bo‘lsa, ikkinchisi uchun Xudoni suyukli bandasi ekanligini va u axloq me’yorlarini buzmaganini bilish muhimroqdir”. Demak, agar birinchisiga o‘zini aqlli va chiroyli bo‘lishni o‘rgatishsa, ikkinchisiga esa, uni o‘zini odobli odam deb his etishga o‘rgatgan taqdirda, u o‘zini hurmat etadi.
Lekin, Djonatan Brayn va Keyt Dattonlar o‘zini hurmat etish masalasiga o‘zgacha yondoshadilar, ularning fikricha, sabab va oqibatni o‘rnini almashtirish lozim. Agar, odamlar umuman o‘zlarini qadrlashsa, ular o‘zlarini tashqi ko‘rinishi, o‘zlarini qobiliyatlarini ham qadrlaydilar (Brown & Dutton, 1994).
Shaxsning o‘zini o‘zi anglashida ijtimoiy tajribalarni ham ma’lum darjada roli mavjud. Quyidagi ijtimoiy omillarni ko‘rib chiqaylik:
biz bajaradigan rollar;
biz shakllantiradigan ijtimoiy identifikatsiyalar;
atrofdagilar bilan o‘zimizni taqqoslash;
yutuqlarimiz va omadsizliklarimiz;
atrofdagilarning biz haqimizdagi fikrlari;
mansub bo‘lgan madaniyatimiz;
Do'stlaringiz bilan baham: |