3.2. Kichik biznesni belgilovchi mezonlar
Kichik biznesning mezonlarini belgilash zaruriyati kichik korxonalarning davlatning jiddiy yordamiga muhtojligidan kelib chiqadi, bu yordam adresli bо‘lishi va korxonalar faoliyatining belgilangan tomonlarini yaxshilashga yо‘naltirilishi kerak. Kichik korxonalarni alohida kategoriyalarga ajratish ular faoliyatini о‘rganish va samaradorlik darajasini tahlil qilish, ularning iqtisodiyot umumiy tizimidagi о‘rni va rolini aniqlash uchun zarur.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan barcha mamlakatlarda kichik korxonalarni belgilashda quyidagi mezonlardan foydalanadilar:
- miqdoriy kо‘rsatkichlar: xodimlarning soni, sotish hajmi, asosiy kapitalning balans qiymati;
- sifat kо‘rsatkichlari: ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning nisbatan kichik soni; cheklangan resurslar va quvvatlar, boshqa-ruvning kamroq rivojlangan tizimlari va boshqalar;
- yuqoridagi kо‘rsatkichlarning birinchi va ikkinchi guruhlarini birlashtiruvchi kombinatsiyasi.
Har xil mamlakatlarda korxonalarni kattaliklariga kо‘ra u yoki bu guruhga kirituvchi mezonlari qо‘llaniladi. Yevropa Ittifoqining metodologiyasi bо‘yicha kichik va о‘rta korxonalar 2-jadvalda kо‘rsatilgan mezonlar bilan belgilanadi.
2-jadval
Yevropa Ittifoqi metodologiyasi bо‘yicha kichik va о‘rta korxonalar о‘lchamini belgilash mezonlari
Aniqlanadigan korxonalar
|
Xodimlar soni
(kishi)
|
Yillik oborot
|
Balans qiymati
|
Kichik
|
50 tagacha
|
4 mln.yevrogacha
|
2 mln.yevrogacha
|
О‘rta
|
50-250 tagacha
|
16 mln.yevrogacha
|
8 mln.yevrogacha
|
Xorijiy mamlakatlarda 1 kishidan 20 kishigacha xodimi bо‘lgan korxonalar hunarmandchilik korxonalariga, 20 dan 100 tagacha xodimi bо‘lganlari kichik, 100 dan 500 gacha xodimi bо‘lganlari о‘rta korxonalarga kiritiladi.
AQShda kichik biznes korxonalarini ikki tomonlama guruhlashdan foydalaniladi. Birinchi holda bu tushuncha ishchilar soni 500 kishigacha bо‘lgan korxonalarni qamrab oladi. Ikkinchi holda esa korxonalar sohalar bо‘yicha yillik tushumlar hajmi bо‘yicha bо‘linadilar: transport sohasida yillik tushumlar hajmi 3,5 mln dollardan 20 mln dollargacha, qurilishda 9 mln dollardan 21 mln dollargacha, ulgurji savdoda 15 mln dollardan 35 mln dollargacha, chakana savdoda 3,5 mln dollardan 13,5 mln dollargacha, xizmatlar sohasida 2,5 mln dollardan 14,5 mln dollargacha bо‘lgan korxonalar kichik firmalar hisoblanadi.
Germaniyada ishlovchilar soni va yillik oborot kо‘rsatkichlaridan foydalaniladi. Kichik korxonalar ishlovchilar soni 10 kishigacha bо‘lgan, о‘rtachalarga esa ishlovchilar soni 50 kishigacha va yillik oboroti 100 mln yevrogacha bо‘lgan korxonalar kiritiladi.
Fransiyada kichik va о‘rta biznes tushunchasiga ishlovchilar soni 19 kishigacha bо‘lgan mikrofirmalar, xodimlarning soni 20-299 kishigacha bо‘lganlari kichik korxonalarga kiradi.
Janubiy Koreyada sanoatda va transportda 20 tagacha xodimi bо‘lgan korxonalar kichik, 21 dan 200 kishigacha xodimi bо‘lgan korxonalar о‘rta korxonalar hisoblanadi. Savdo va xizmatlar sohasida 5 tagacha xodimi bо‘lgan korxonalar kichik korxonalar, 6 tadan 20 tagacha xodimi bо‘lgan korxonalar esa о‘rta korxonalar hisoblanadi.
О‘zbekistonda kichik korxonalarni, unda ishlovchi xodimlar soni bо‘yicha guruhlarga ajratish qabul qilingan. Buni 3-jadvaldan kо‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |