2. Laboratoriya ishlarini bajarish qoidalari
Har bir laboratoriya ishini bajarishda quyidagilar:
a) ishning dasturi va mazmuni bilan oldindan tanishib chiqish;
b) laboratoriyada bajariladigan ish o‘rni bilan tanishib chiqish;
v) kerakli o‘lchov asboblar va apparatlarni tanlab olib, sxemani yig‘ish;
g) ish rejasi asosida tajribalar o‘tkazish;
d)bajarilgan laboratoriya ishiga asoslanib tuzilgan hisobotni o‘qituvchiga topshirish talab qilinadi.
Ish jarayonida kuchlanish, tok, quvvat, qarshilik va shu kabi bir necha kattaliklarni bir paytda o‘lchash zarur bo‘lganligidan har bir laboratoriya ishini 3…4 talaba birgalikda bajaradi.
Ish rejasidagi topshiriqlarni talabalar laboratoriyaga kelishdan oldin tavsiya qilingan adabiyotdan o‘qib o‘rganadilar. So‘ngra laboratoriya qo‘llanmasida ko‘rsatilgan ishning bajarilish tartibi, tajribada kerakli sxemalar, tajribadan olingan ma’lumotlar, yoziladigan jadvallarni va hisoblarni bajarishda foydalanadigan formula va boshqa kerakli ma’lumotlarning hammasi ish daftariga ko‘chiriladi. . Bunday tayyorgarlik natijasida talaba bajariladigan ishning nazariy tomonlarini o‘zlashtirishi, tajriba sxemasi va ish tartibini yaxshi bilishi, elektr mashinalaridagi jarayonlarning tub ma’nosini, fizikasini tasavvur qila olishi va tajribadan olinadigan ma’lumotlarning o‘zgarish qonuniyatlarini bilib olishi lozim.
Talaba ish daftarini o‘qituvchiga ko‘rsatib, laboratoriya ishini boshlashga ruxsat oladi. Bunda o‘qituvchi talabaning ishni bajarishga tayyorligini tekshiradi. Tayyorgarlik ko‘rmagan talabalarga laboratoriya ishini boshlashga ruxsat etilmaydi. O‘qituvchidan ishni bajarishga ruxsat olgan talabalar apparatlar bilan tanishishlari, hamda ularni tekshirib ko‘rishlari kerak. Tajriba sxemasini tuzishda, dastavval elektr tarmog‘ining bosh qutbiga zanjirning ketma-ket element ulanib, uning oxirgi elementi esa tarmoqning ikkinchi qutbiga ulanadi. So‘ngra, parallel zanjirlar yig‘iladi. Zanjirlarni yig‘ishda ulanish kontaktlarining mustahkamligiga e’tibor berish lozim. Tajribani boshlashdan avval elektr o‘lchov asboblarining strelkalari korrektor bilan nolga keltiriladi. Yig‘ilgan sxema o‘qituvchiga ko‘rsatiladi va uning ruxsati bilan elektr tarmog‘iga ulanadi. Ulangandan keyin elektr elementlari normal ishlamasa, o‘lchov asboblar strelkalarining og‘ishi normaldan keskin farq qilsa, sxema darhol elektr tarmog‘idan ajratiladi va kamchiliklari tuzatiladi, o‘qituvchidan ruxsati bilan elektr tarmog‘iga qayta ulanadi. Rejada ko‘rsatilgan hamma rejimlarda sxemaning normal ishlashi tekshirilib, tajribaning bajarilganligiga ishonch hosil qilinadi.
Tajriba o‘tkazishda guruhning har bir a’zosi belgilangan ishii mustaqil bajaradi. Olingan ma’lumotlarning to‘g‘riligini o‘qituvchi tekshirgandan so‘ng, uning ruxsati bilan, sxemani elektr tarmog‘idan, elementlarini esa sxemadan ajratish mumkin. Tajriba natijalaridan foydalanib, dasturda ko‘rsatilgan vazifalar asosida hisobot yoziladi. Hisobot uchun alohida daftar tutilib, uning boshida ishning nomi, tartib nomeri, bajarilgan sanasi, talabaning familiyasi, elektr elementlari yoki transformatorlarning nominal kattaliklari ko‘rsatiladi. .
Bunda tajriba sxemasi, o‘lchangan va hisoblangan ma’lumotlar jadvali, yasalishi talab etilgan grafiklar, hamda hisoblash formulalari beriladi. Hisobot oxirida ish yuzasidan qisqa xulosalar keltiriladi.Hisobotdagi tekst, formula va raqamlar siyohda yozilib, tajriba sxemalari va grafiklar qalam bilan chizmachilik asboblari yordamida chiziladi. Grafik ishlari uchun millimetrovkadan foydalanish tavsiya qilinadi.
Laboratoriya ishlari yuzasidan yozilgan har bir hisobot o‘qituvchiga taqdim etiladi. O‘qituvchi uni tekshirib, navbatdagi ishni boshlashga ruxsat etadi. Hamma laboratoriya ishlarini bajarib, hisobot yozib topshirgan talabaga sinov qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |