4. Sinfdan tashqari o‘qish.
Adabiyotdan, sinfdan va maktabdan tashqari ishlarning eng muhimi sinfdan tashqari o‘qishni pedagogika talablari asosida to‘g‘ri tashkil qilishdir. Maktabdan tashqari o‘qishdan kuzatilgan maqsadga erishish uchun uni sinf mashg‘uloti bilan ma’lum darajada bog‘lash lozim. Maktabdan tashqari mashg‘ulotlarning turlarini to‘g‘ri tashkil qilish va uyushtirish uchun o‘quvchining sharoitini, maktabdan tashqaridagi mashg‘ulotini, qisqacha aytganda, maktabdan tashqaridagi muhitini o‘rganib chiqish va shularni hisobga olgan holda ish olib borish lozim.
O‘quvchining qanday kitoblar o‘qishi, bu kitoblarni qayerdan olishi, uning shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarning xarakteri, kitob o‘qishda kimlardan maslahat olishi, shu kitoblar uning yosh xususiyatiga qanchalik mosligi masalalarini puxta o‘rganish har bir o‘qituvchining muhim vazifasidir.
O‘quvchilarning maktabdan tashqari mashg‘ulotlarini o‘rganish va uni to‘g‘ri uyushtirish maqsadida o‘qituvchi maktab kutubxonasi bilan yaqin aloqada bo‘lishi kerak. O‘qituvchi o‘z o‘quvchilarining kutubxonaga a’zolik varaqalarida yozilgan kitoblar bilan tanishadi, o‘quvchilarning qanday kitoblarga qiziqishlarini kutubxona xodimlaridan aniqlaydi va, nihoyat, qanday kitoblarni berish lozimligini ko‘rsatadi. O‘quvchilarning qiziqishlarini hisobga olish maqsadida ayrim asarlar yoki mavzular yuzasidan muhokamalar uyushtiradi.
Sinfdan tashqari o‘qish mashg‘ulotini to‘g‘ri uyushtirish uchun ishni adabiyot dasturlarining oxiridagi sinfdan tashqari o‘qish uchun tavsiya etilgan asarlar ro‘yxati bilan tanishib chiqishdan boshlash lozim. Tavsiya qilingan ro‘yxatdagi asarlarni asosan 3 guruhga bo‘lish mumkin:
1. Sinfda o‘rganiladigan yozuvchilarning dasturga kirmagan asarlari.
2. Dasturga kirmagan, lekin adabiy o‘qish va adabiyot darslari uchun zarur hamda xarakterli bo‘lgan yozuvchilarning asarlari.
3. Sinfda o‘rganiladigan materiallarga aloqasi bo‘lmasa ham, o‘quvchilarning bilim, saviyalarini oshirish uchun xizmat qiladigan asarlar.
O‘quvchilarning qiziqishlarini tarbiyalash uchun shu ro‘yxatda ko‘rsatilgan asarlardan ma’ruza mavzulari uchun ham yordamchi material sifatida foydalanish tavsiya qilinadi.
Olingan bilimni mustahkamlash yuzasidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda, ayniqsa, yuqori sinflardagi referat xarakterida o‘tkaziladigan ishlarda sinfdan tashqarida o‘qish natijasida olingan bilimni mustahkamlash, uni shu sinfdagi ish bilan bog‘lash lozim.
Sinfdan tashqari o‘qishni to‘g‘ri uyushtirishning ikkinchi yo‘li -"Adabiyot yangiliklari" degan plakatlar tuzish va shu plakatlarda kundalik adabiyot yangiliklarini aks ettirib borishdir. Shu "Adabiyot yangiliklari" nomli plakatda ko‘rsatilgan asarlarning qisqacha annotasiyasini berib borish lozim. Bu annotatsiyada asarning muallifi, nashr qilingan vaqti, nomi, hajmi, mavzu va g‘oyasi, asosiy qahramonlari, bahosi ko‘rsatilishi lozim. Eng yaxshisi, shu yangi chiqqan asarni sinfga olib kelib ko‘rsatishdir.
O‘qituvchining bu ishiga maktab kutubxonasi ham yaxshi yordam berishi kerak. Maktab kutubxonasi alohida vitrinalarda vaqti-vaqti bilan yangi kitoblarning ko‘rgazmasini tashkil qilib borishi lozim.
Nihoyat, rahbarlik ishining yana bir turi o‘quv yilida bir yoki ikki marta o‘quvchilarning sinfdan tashqari o‘qishlari yuzasidan umumiy ko‘rik o‘tkazishdir. Bu ko‘rikda "Sinf (maktab)ning eng kitobxon o‘quvchisi" bo‘yicha nominatsiya o‘tkazilishi kitobxonlik borasida raqobatni yuzaga keltiradi. Kitobxonlik ko‘p kitob o‘qishgina emas, o‘qiganlarini badiiy did bilan, uqib tahlillay bilish ham ekanligi bolalarga singdirilishi lozim.
Bu ko‘rikda o‘quvchilar o‘qigan asarlari yuzasidan o‘z fikrlarini aytadilar. O‘qilgan asarlarning qaysi jihatdan yoqqanligini so‘zlab beradilar. Shundan so‘ng o‘qituvchi o‘qilgan asarlar yuzasidan aytilgan fikrlarga xulosa yasaydi. Shu asarlar ichidan eng muhimlarini ajratib ko‘rsatadi. Ayniqsa, qaysi asarni o‘qish kerakligini aytib beradi.
Asar yuzasidan daftarga o‘z fikrlarini qayd qilishda o‘quvchilar quyidagi masalalarni e’tiborga olishi lozim: o‘quvchining yozuvi asardan olgan tushunchalari doirasida bo‘lishi kerak, yozuvda o‘quvchi nimani istasa, qanday tushungan bo‘lsa, shunday aks ettirsin. Bundan tashqari, o‘qituvchi yozuvning qisqa bo‘lishini o‘rgatsin. Bu yozuv asosan quyidagi moddalarni o‘z ichiga olishi kerak:
1. Muallif va asarning nomi.
2. Asarda nimalar haqida so‘zlanadi?
3. Asar qaysi jihatdan ahamiyatli? (qahramonlar, voqealar, tasvir, ayrim fikrlar va boshqalar.)
Sinfdan tashqarida o‘qilgan asarlar yuzasidan uyushtiriladigan konferensiyalarda bayon qilinadigan annotatsiyalar xuddi shu sxema asosida yoritilsa, o‘quvchilarda o‘qishga havas yana ham ortishi mumkin.
Kitobxonlarning konferensiyalari ham o‘qilganlarni hisobga olishda ahamiyatga egadir. Konferensiyalar bir yilda bir yoki ikki marta o‘tkaziladi. Konferensiyada ma’ruza qiluvchi kitobxonlar oldindan tayyorlanib keladilar. O‘z ma’ruzalarida qanday asarlarni o‘qiganliklarini, yana qaysi asarlarni o‘qimoqchi ekanliklarini aytadilar. Bunday konferensiyalarni jonli va qiziqarli o‘tkazish maqsadida maktabning sharoitiga qarab, mehmonlar - yozuvchi va shoirlar ham taklif qilinadi. Ota-onalar, boshqa sinflarning o‘quvchilari, hatto boshqa maktabning vaqillari ham taklif qilinadi.
Konferensiyada o‘qilgan asarlarning ko‘rgazmasi tashkil qilinadi. O‘qituvchilar ba'zi asarlarni ifodali o‘qib beradilar, mazmunini gapirib beradilar, kichik parchalarni yod aytib beradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |