GRAMMATIKA: SOHAVIY TERMINLAR VA ULARNING QO‘LLANISHI.
Respublikamiz o‘z mustaqilligiga, ona tilimiz esa Davlat tili maqomiga erishgan bugungi kunda turli fanlar, jumladan, o‘zbek tilshunosligi oldida yangidan-yangi vazifalar ko‘ndalang bo‘lmoqda.Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy hamda ilmiy-texnik tub o‘zgarishlar davrida yangi-yangi fanlar va tushunchalar yuzaga kelmoqda. Jumladan, o‘zbek tilida ham yangi terminlar paydo bo‘lmoqda, ilgaridan ishlatib kelingan qator leksemalar yangi ma’nolar kasb etmoqda. Shu boisdan leksikologiya, xususan, terminologiya oldida qator muhim masalalarni yechish vazifasi turibdi.
So‘nggi yillarda va bugungi kunda terminologiyaning amaliy va nazariy masalalarini yanada chuqurroq o‘rganish, terminlar yaratish va ularni qo‘llashni til qonuniyatlari asosida tartibga solish davlat ahamiyatiga molik muammoga aylandi. Shuning uchun ona tilimizning turli terminologik tizimlarini yanada teranroq tadqiq etish, ularni terminologiyaning xilma-xil masalalari bo‘yicha atroflicha tadqiq qilish, bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Qayd etish lozimki, o‘zbek tilshunosligida yuzlab olimlarning monografiya, dissertatsiya va lug‘atlari, ko‘plab maqolalari yuzaga kelgan. Shunga qaramay, yana qator terminologik tizimlar o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. O‘zbek tilining kimyo-texnologiya terminologiyasi tizimi o‘zining to‘liq ifodasini topa olgani yo‘q.
Yangi terminlar ichida kimyo-texnologiya bo‘yicha terminologik tizim ham o‘ziga xos o‘rinni egallab kelmoqda. Shu boisdan fan va texnika taraqqiyotining hozirgi bosqichida bu terminlarni ham tilshunoslik nuqtai nazardan tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Amaliy, ayniqsa, nazariy masalalarni hal etish uchun kimyo-texnologiya terminlar tizimini, ularning yasalish qonunlarini, shakllanish manbalarini, umumtilda qo‘llanish doirasini, mazkur tizimda ro‘y berayotgan kamchiliklarni va ularni bartaraf etish yo‘llarini aniqlash kabi qator masalalarini o‘rganish zaruriyati paydo bo‘ldi.
Hozirda o‘zbek tilida qo‘llanib kelinayotgan soha terminlarni to‘plash va sistemalashtirish ham juda dolzarbdir..
Hozirgi bosqichda, yangi ilmiy-texnik inqilob davrida ishlab chiqarish, fan va texnikaning barcha sohalarida yangidan-yangi narsa, predmetlar va tushunchalar paydo bo‘la boshladi. Bu hol til lug‘at tarkibining salmoqli ravishda boyishiga olib kelmoqda. Binobarin, termin muammosi hozirgi leksikologiyaning, asosiy masalalaridan biri bo‘lib qoldi. Alohida ta’kidlash lozimki, termin hamda terminologiyaning u yoki bu masalasini hal yetish nafaqat ishlab chiqarish, fan va texnikaning tegishli sohalari uchun yemas, balki tilshunoslik uchun ham katta ahamiyatga egadir.
“Termin” tushunchasiga yuklangan mazmun quyidagicha belgilarga asoslanadiki, bular terminlarni umumiste’moldagi so‘zdan farqlash uchun yetarli:
termin-umumadabiy tilning maxsus vazifa bajaruvchi bir turi bo‘lmish ishlab chiqarish, fan va texnika tiliga mansub lisoniy birlik, bir so‘z yoki birikmadir;
termin-konkret narsa-predmet, ashyo, mavhum tushunchalarning maxsuslashtirilgan nomidir;
termin uchun muayyan ta’rif zaruriydirki, uning yordamida tegishli
tushuncha mazmunini aniqroq ifodalash, tushunchaning birini ikkinchisidan chegaralab ajratish imkonini beruvchi, ayni mahalda ma’lum tushunchani muayyan tasnifiy qatorga joylashtirishga yo‘l qo‘yuvchi, farqlovchi belgilarini ravshanroq ko‘rsatish mumkin.
Demak, terminologiya muayyan fanning tushunchalar tizimi bilan o‘zaro munosabatda bo‘lgan terminlar jami sifatida ta’riflanadi. Har qanday tushunchalar tizimiga muayyan terminlar tizimi to‘g‘ri keladi. Terminologik tizimlar fan taraqqiyoti bilan birgalikda rivojlanib boradi. Terminlar umumiste’moldagi so‘zlardan farqli ravishda joriy qilinib ularning qo‘llanishi ma’lum darajada nazorat ostida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika terminologiya qo‘mitasining ish boshladi, terminologiya masalalariga bag‘ishlab Respublika miqyosida bir necha ilmiy-amaliy, ilmiy-nazariy konferensiyalarning o‘tkazilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |