Grammatik kategoriya. Bugungi tilshunosligimizda grammatik kategoriya atamasi ostida, asosan, morfologik kategoriyani tan olish ustuvor. Umuman, sintaktik kategoriya ham grammatik kategoriya sifatida qaralsa-da, xususiy hollarda, ya’ni sintaktik tekshirishlarda kategoriya tushunchasi e’tiborga molik ahamiyat kasb etmaydi. Bunga qo‘shilib bo‘lmaydi, albatta.
Butun uchun qism va ular orasidagi munosabat, sistema uchun element va ularni birlashtiruvchi aloqa shart va zarur bo‘lganligi kabi grammatik kategoriya (qisq.GK) uchun ham (ayni paytda morfologik hodisa haqida so‘z yuritayotganimiz tufayli grammatik kategoriya atamasi ostida morfologik kategoriyani nazarda tutamiz) aloqa va aloqada turuvchi birlik zarur. Muayyan ma’no umumiyligi ostida birlashgan va o‘zaro bu ma’noning parchalanishi, xususiylashuvi asosida zidlanadigan shakllar sistemasi GK hisoblanadi. GK grammatik shakllarning oddiy arifmetik yig‘indisi emas, balki ma’lum bir turdagi shakllarning umumiy ma’no asosidagi barqaror munosabati tizmasidan iborat bo‘lgan yangi bir butunlik. Bunda umumiylik va farq umumiy ma’no asosida bo‘lishi lozim. Buni yorqin idrok etish uchun kelishik kategoriyasi va ravishdoshlarni grammatik kategoriya tushunchasiga munosabat nuqtayi nazaridan kuzatish yetarli.
Ma’lumki, kelishikning mohiyati «oldingi mustaqil so‘zni keyingi mustaqil so‘zga tobelab bog‘lash»dir. Bu mohiyat faqat ana shu morfologik ko‘rsatkichlar tizimiga xos. Har bir kelishik ushbu ma’noni o‘ziga xos tarzda xususiylashtirib, bu bilan bir-biriga zidlanadi. Masalan, qaratqich kelishigi «oldingi ismni keyingi ismga», tushum kelishigi «oldingi ismni keyingi fe’lga» xususiylashmasiga ega. Bu xususiylashmalar lisoniy ma’noning parchalanishlari bo‘lish bilan birga, mazkur kelishiklarning farqlovchi belgisi ham. Demak, har bir kelishikka xos «parcha» kelishik mohiyatining xususiylashmasi, zidlanish esa ana shu parchalar asosida. Ravishdosh shakllari esa «fe’lni fe’lga bog‘lash» ma’nosiga ega. Biroq ravishdosh shakllariaro farq o‘zga kategoriyalar ma’nosining ushbu shakllardagi tajallisi evaziga. Masalan, [-gani]ravishdosh shaklidagi «maqsad» ma’nosi mayl kategoriyasining ushbu shakldagi tajallisi, yoki [-gach]shaklidagi «payt» ma’nosi zamon kategoriyasi ma’nosining mazkur ko‘rsatkichdagi ko‘rinishi. Agar shakllari faqat «fe’lni fe’lga bog‘lash» ma’nosining parchalanishi asosida zidlansa edi, ravishdoshni alohida kategoriya sifatida baholash lozim bo‘lur edi. Holbuki, ravishdosh shakllari fe’lni fe’lga bog‘lash nuqtayi nazaridan o‘zaro farq qilmaydi
Darslik va akademgrammatikada [-niki], [-dagi], [-dek], [-gacha]birliklarini goh nokategorial shakl yasovchi, goh so‘z yasovchi sifatida qarash hollari uchrab turadi. Bu tilshunosligimizda o‘rganilishi lozim bo‘lgan muammolardan.
Demak, nokategorial grammatik shakl bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun grammatik shaklni kategorial va nokategorial kabi turga ajratish va zid qo‘yish ilmiy asosli emas. Shunday qilib, grammatik kategoriyaga quyidagicha ta’rif berish mumkin. Bir umumiy grammatik ma’no ostida birlashuvchi, shu asosda bir-birini taqozo va bu umumiy ma’noning parchalanishi asosida inkor qiluvchi shakllar tizimi grammatik kategoriya deyiladi.
O‘zbek tilshunosligida tilimizdagi 9 ta GK mavjudligi tan olinadi:
1) nisbat kategoriyasi;
2) o‘zgalovchi kategoriyasi;
3) harakat tarzi kategoriyasi;
4) bo‘lishli-bo‘lishsizlik kategoriyasi;
5) son kategoriyasi;
6) daraja kategoriyasi;
7) kelishik kategoriyasi;
8) egalik kategoriyasi;
9) kesimlik kategoriyasi:
9.1) shaxs-son;
9.2) zamon;
9.3) tasdiq-inkor;
9.4) mayl (modallik).
Do'stlaringiz bilan baham: |