GM turlari. UGM, OGM, XGM haqida. Grammatik shaklning fahmiy his qilinadigan alohida ma’nosi xususiy grammatik ma’no (qisq. XGM) deyiladi. Masalan, egalik qo‘shimchalari umuman «keyingi so‘zni oldingi so‘zga bog‘lash» mohiyatiga ega. Bu umumiy grammatik ma’no (qisq.UGM) bo‘lib, u nutqiy birlik bo‘lgan Halimning kitobi birikuvida «(kitob) so‘zini (Halim) so‘ziga bog‘lash», daftarning varag‘i birikuvida esa «(varaq) so‘zini (daftar) so‘ziga bog‘lash» tarzida xususiylashgan. Bu – XGM.
UGM lisoniy tabiatli bo‘lib, lisoniy birliklarga xos barcha belgiga, XGM esa nutqiy ma’no bo‘lganligi uchun nutqiy birliklarga xos belgiga ega. UGM umumiy, mavhum, zaruriy, barqaror, invariant, uzual, ijtimoiy bo‘lsa, XGM bu belgilarning aksi bo‘lgan xususiylik, aniq, tasodifiy, beqaror, okkazional, individual kabi belgiga ega.
UGM va XGM xususiyatini idrok etish uchun barcha borliq hodisalarida umumiy yashash qonuniyati bo‘lgan umumiylik va xususiylik tushunchalari munosabatini yaxshi bilish lozim.
Nutqiy birlikda turli lisoniy umumiyliklarning belgilari mujassamlanganligi, qorishganligi kabi, XGMlar ham o‘zi mansub UGM zarralari bilan birgalikda boshqa lisoniy birliklarning zarralarini ham o‘zida birlashtirgan. Masalan, egalik qo‘shimchasining «(kitob) so‘zini (Halim) so‘ziga bog‘lash» XGMsida «keyingi so‘zni oldingi so‘zga bog‘lash» UGMsi ko‘rinishi bilan birgalikda «qarashlilik» ma’nosi, shuningdek, [Halim]va [kitob]leksemalarining (umumiyliklari) zarralari qorishgan holda yuzaga chiqqan.
Grammatik ma’no so‘zning grammatik shakli bilan va undan xoli holdagi holatidan, ya’ni o‘zak-negizidan anglashilganligi kabi UGM va XGMlar ham ikki xil tabiatli. Masalan, «predmetlik» ot turkumining, «jarayonlilik» fe’l turkumining, «belgi» sifat turkumining grammatik shaklsiz ifodalanadigan UGMsi. Bu Halimning kitobidir gapidagi (kitob) so‘zining «Halimga tegishli o‘qish uchun mo‘ljallangan predmetni ifodalovchi turdosh ot» ma’nosi bu so‘zning grammatik shaklsiz ifodalanadigan XGMsi.
UGM va XGM grammatik shaklda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Har bir grammatik kategoriyaning ma’nosi - uning shakllarining ma’nosiga nisbatan UGM. Masalan, barcha kelishik shakllari uchun umumiy bo‘lgan «oldingi mustaqil so‘zni keyingi mustaqil so‘zga bog‘lash» ma’nosi – kelishik kategoriyasining UGMsi. Bu kategorial umumiylik alohida shakllarning ma’nosiga nisbatan belgilanadi. Boshqacha aytganda, kelishik kategoriyasining yuqorida aytilgan UGMsi uning tarkibiga kiruvchi 6 ta kelishik shaklining ma’nosidan sintezlanadi, ya’ni keltirib chiqariladi.
Har bir kelishik shaklining ma’nosi undan quyidagi ma’noga nisbatan UGM. Masalan, qaratqich kelishigining UGMsi – «oldingi ism turkumiga kiruvchi so‘zni keyingi ism turkumiga kiruvchi so‘zga bog‘lash». UGM har doim ham quyi ma’noga nisbatan olinadi. Masalan, kelishik kategoriyasi UGMsi quyidagi kelishiklarning ma’nosiga nisbatan olinsa, har bir kelishikning UGMsi undan quyidagi bu kelishik UGMsining «parchalari»ga nisbatan belgilanadi. Chunki har bir kelishikning ma’nosiga nisbatan UGM termini qo‘llanilmaydi. Kategoriya va shakl ma’nosi hamda uning xususiy ko‘rinishi haqida bahs ketganda ularni qanday baholash muammosi ham bor. Bunda dialektikaning umumiylik-maxsuslik-alohidalik kategoriyasiga metodologiya sifatida tayanish lozim bo‘ladi. Tilshunoslikda grammatik ma’noga nisbatan bu umumiy grammatik ma’no-oraliq grammatik ma’no (qisq.OGM) – xususiy grammatik ma’no tarzida tatbiq etilgan. Misol sifatida tushum kelishigi shakli ma’nosini olaylik. Kelishik kategoriyasining «oldingi mustaqil so‘zni keyingi mustaqil so‘zga bog‘lash», tushum kelishigining «oldingi ismni keyingi fe’lga vositasiz to‘ldiruvchi sifatida bog‘lash» va tushum kelishigining muayyan nutq parchasi bo‘lmish kitobni o‘qimoq birikuvida voqelangan «(kitob)so‘zini (o‘qimoq) so‘ziga vositasiz to‘ldiruvchi sifatida bog‘lash» nutqiy ma’nosi yaxlitlikda olinganda, UGM-OGM-XGM munosabatida. Kelishik kategoriyasining «oldingi mustaqil so‘zni keyingi mustaqil so‘zga bog‘lash» ma’nosi tushum kelishigining «oldingi ismni keyingi fe’lga vositasiz to‘ldiruvchi sifatida bog‘lash» ma’nosiga nisbatan UGM maqomida, tushum kelishigining muayyan nutq parchasi bo‘lgan kitobni o‘qimoq birikuvida voqelangan «(kitob) so‘zini (o‘qimoq)so‘ziga vositasiz to‘ldiruvchi sifatida bog‘lash» nutqiy ma’nosi XGM. Tushum kelishigining «oldingi ismni keyingi fe’lga vositasiz to‘ldiruvchi sifatida bog‘lash» ma’nosi esa UGM va XGM orasida turganligi hamda ularni bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lganligi uchun OGM maqomida.
Demak, borliq hodisalari umumiylik – maxsuslik – xususiylik (alohidalik) munosabatida bo‘lganligi kabi grammatik ma’no ham «umumiy grammatik ma’no – oraliq grammatik ma’no – xususiy grammatik ma’no» ko‘rinishiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |