ko'ramiz, ular jamiyatda adolat, erkinlik, teng huquqlilik tamoyillarini qaror toptirishga da'vat
etgan. Bu g'oyalar Vatan ozodligi uchun kurashgan Muqanna boshchiligidagi harakatning
ma'naviy manbalaridan biri bo'lib xizmat qilgan. Mamlakatimiz tarixi islom dini yurtimizga kirib
kelguniga qadar ham ming yillar mobaynida amal qilib kelgan turli g'oyalar tizimiga ega
bo'lganidan dalolat beradi. Arablar yurtimiz hududini bosib olganlaridan so'ng o'zlarining
g'oyalariga mos kelmaydigan juda ko'p ma'naviy boyliklarni ayovsiz yo'q qilishgan. Bu haqda
Abu Rayhon Beruniy ―Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar‖ asarida yozganidek, ―Qutayba
Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o'rgangan va bilimini
boshqalarga o'rgatadigan kishilarni halok etib va butkul yo'q qilib yuborgan edi. Shuning uchun
u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib bo'lmaydigan darajada yashirin
qoldi‖. Istiqlol tufayli ajdodlarimiz yaratgan boy va o'lmas madaniy merosni o'rganish, tarixiy
xotirani tiklash, xalqimiz
qalbida haqiqiy vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga sodiqlik
tuyg'ularini shakllantirish imkoni tug'ildi.
Mintaqamizda ilk o'rta asrlarda vujudga kelgan g'oyalar o'sha davr madaniyatining bir
qismi bo'lib, u ulug' bobokalonlarimizning islom diniga, Sharq falsafasi va jahon sivilizasiyasiga
katta ta'sir ko'rsatgan ta'limotlarida ifodalangan. Ma'lumki, islomiy g'oyalar Qur'oni Karim va
hadislardagi ta'limotning asosi sifatida shakllanib, ular islom qonun-qoidalari, iymon-e'tiqod
talablari, huquqiy va axloqiy me'yorlarda o'z ifodasini topgan. Bunday g'oyalarni anglashda
Imom Buxoriyning Qur'oni karimdan keyingi asosiy kitoblardan biri sifatida tan olinadigan
―Sahihi Buxoriy‖ asari katta ahamiyat kasb etadi. Unda islom ta'limotining asosiy g'oyalari
sharhi o'z ifodasini topgan.
Ushbu ta'limotni o'rganish va uning turlicha talqin qilinishi ko'plab mazhablarni vujudga
keltirdi. Islom falsafasida mashshoiyunlar va tabbiiyunlarning (Arastu falsafasi va tabiatni
o'rganishga ahd qilganlarning) falsafiy g'oyalari o'sha davr ma'naviyatining dunyoviy hamda
diniy masalalarda, jahon falsafiy tafakkurida ro'y berayotgan jarayonlarga nisbatan tashabbuskor
kuch ekanini ko'rsatib turibdi. Bu sohadagi asosiy g'oyalarga ko'ra,
insoniyat istiqboli komil
insonni shakllantirish orqali yuzaga keladi, iymon-e'tiqod, axloq-odob esa inson tafakkurining
ajralmas tarkibiy qismidir. Mazkur yo'nalishdagi g'oyalar talqinida o'z o'rniga ega bo'lgan Xoja
Ahmad Yassaviy ta'limotida insonning o'z gunohlarini, jumladan, shaxsiyatparastlik, ta'magirlik,
boriga qanoat qilmaslik kabi illatlari ayovsiz ochib tashlanib, ulardan uzoqlashishga da'vat
qilinadi. Vatanparvarlik jasoratini ibrat tariqasida ko'rsatgan Najmiddin Kubro o'z tariqatining
mohiyatini o'nta usulda mujassamlagan. Bular - Tangriga o'z xohishi bilan yuzlashish, zuxd fi
dunyo - har qanday lazzatdan o'zini tiyish, tavakkul - Allohga e'tiqodi pokligi uchun barcha
narsalardan voz kechish, qanoat, uzlat - xilvatni ixtiyor qilish, mulozamat az-zikr - uzluksiz zikr,
tavajjuh - Haqqa muhabbat qo'yish, sabr - nafs balosidan ozod bo'lish, muroqaba - tafakkurga
g'arq bo'lish, rizo - Tangri xushnudligini qozonishdan iborat. Tasavvuf ta'limotiga ko'ra, ezgu
g'oyalarni insonlar qalbida shakllantirish bilan birga, farovon hayot kechirishning asosiy manbai
mehnat orqali kun kechirish ekanini targ'ib etishdir. Bahouddin Naqshband ta'limotining
mohiyati ―Dil ba yoru dast ba kor‖ g'oyasida yakqol ifodasini topgan. Inson Alloh inoyati natijasi
bo'lib, bu dunyoni unutib qo'ymasligi lozim,
uning qalbi doimo Allohda, qo'li esa mehnatda
bo'lmog'i kerak. Uning ta'kidlashicha, qonun vujud va qalbni tarbiyalaydi, bu esa ko'ngilni
poklab, ruhni ilohiy kuvvatdan bahramand qiladi. Abu Nasr Forobiy inson aql vositasida ilm-
fanni yaratadi, deydi. Fan tufayli hodisalar mohiyati ochib beriladi, har bir fan insonning
muayyan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Mutafakkir o'z asarlarida komil inson, fozil
fuqaro, odil hukmdor,
baxt-saodat, unga erishish yo'llari, davlatning xususiyatlari, axloqiy va
aqliy tarbiya, ijtimoiy istiqbol to'g'risidagi ilg'or g'oyalarni ilgari surgan. Buyuk qomusiy alloma
Abu Rayhon Beruniyning falsafiy qarashlari tabiiy-ilmiy g'oyalari asosida shakllandi. Beruniy
―Oddiy javharlar paydo bo'lish va yo'q bo'lishni bilmaydi‖, degan g'oyani ilgari surgan. Bunda
abadiylik birinchi sabab bilan bog'liq, chunki u yaratuvchi umrini anglatadi. Yana bir alloma
Abu Ali ibn Sino o'z asarlarida ilm va axloq-odob uyg'unligi, inson kamoloti, baxt-saodat,
ijtimoiy adolat, kishilarning o'zaro hamkorligi, hukmdorning burchi to'g'risida qiziqarli
g'oyalarni ilgari surgan. Uningcha, barchani bir xil ijtimoiy mavqega erishtirib bo'lmaydi. Aslida
ular uchun muayyan sharoit yaratib bermoq lozim.
Insoniyat tarixida shunday g'oyalar borki, ular buyuk ishlarga tayyor millatlarni o'zining
yo'lboshchilari yetakchiligida, tarixning muayyan qisqa bosqichlarida ming yillarda qo'lga
kiritish mumkin bo'lgan natijalarga erishishga undaydi. Aynan
bunday goyalarning amaliy
ifodasi insoniyat tarixiga shu millatga mansub buyuk kishilarning o'chmas nomini bitadi, jahon
madaniyatini boyitadi, umumbashariy taraqqiyotga ulkan hissa bo'lib qo'shiladi.
Har bir xalqning tarixi shu xalqdan etishib chiqqan buyuk siymolar, mard qahramonlar va
fidoyi insonlar hayoti hamda faoliyati asosida bitiladi. Xalqimizning Shiroq va To'maris,
Spetamen, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug'bek, Navoiy va Bobur
Mirzo kabi atoqli farzandlari bunyodkor g'oyalar sohiblaridir. Amir Temur va temuriylar
davridagi ana shunday yuksak g'oyalar xalqimizning milliy dahosini eng yuksak cho'qqiga
ko'tardi. Amir Temurning ―Kuch - adolatda‖ g'oyasi mamlakatdaga salbiy illatlarni yo'qotishda,
turli janjal va nizolarni bartaraf qilishda, haqiqat va adolat o'rnatishda, insonparvarlik g'oyalarini
tarqatishda
asosiy
o'rin
egalladi.
Shu davrning mevasi - Alisher Navoiy ijodiy merosida insonparvarlik va komil inson
g'oyalari muhim o'rin egallaydi. Shoir o'z asarlari orqali ushbu g'oyalarni yoydi, turli millat va
elatlar o'rtasidagi do'stlikni ulug'ladi. Xalqni farovonlikka, baxt-saodatga eltuvchi, hamma teng,
zulm-istibdoddan xoli bo'lgan davlat tuzumini orzu qildi. Navoiyning yaxshilik, ezgulik,
muhabbat, do'stlik, adolat,
tinchlik, osoyishtalik kabi umuminsoniy g'oyalari, ma'naviy-axloqiy
qadriyatlar to'g'risidagi qimmatli fikrlari respublikamiz istiqlolga erishganidan so'ng ham
barkamol insonni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz o'tmishida temuriylardan
keyingi ijtimoiy-falsafiy g'oyalar rivoji alohida o'ringa ega. Ma'lumki, temuriylar davlati asta-
sekin inqirozga yuz tutib, mayda davlat-larga bo'linib ketdi, mahalliy nizolar kuchayishiga olib
keldi. Bu iqtisod, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san'at ravnaqiga o'z ta'sirini ko'rsatdi. Ayniqsa,
tabiiy-ilmiy fanlar rivoji zaiflashdi, dunyoviy bilimda tanazzul ro'y berdi. Shunga qaramasdan,
davr mohiyatini aks ettiradigan teran fikr va g'oyalar vujudga keldi. Masalan, Boborahim
Mashrab insof, adolat, diyonat, saxovat, aql-zakovat,
ruhiy komillik, halol-lik, mehr-oqibat,
kamtarlik kabi ma'naviy-axlokiy fazilatlarni tahlil qilib, salbiy illatlarni qoraladi. Uningcha,
inson o'z millati boyligi bilan emas, balki odamiyligi, insonparvarligi. vijdoni bilan boshqalardan
afzal bo'la oladi. Shoir o'z ijodida Allohga muhabbat g'oyasini tasvirlaydi. U tasavvufning
qalandarlik tariqatini tanlaydi, xalqni ezgulikka, insof va diyonatga, to'g'rilikka chaqiradi. Inson
hirsu ochko'zlik, hayvoniy sifatlar, manmanlik, xudbinlik kabi xislatlardan poklanish uchun o'z
asli - ilohiy ishqqa yuz tutishi lozim. Aks holda, u insoniyligini yo'qotib, tubanlashib ketishi
muqarrar. Ogahiy o'z ijtimoiy qarashlarida insonparvarlik g'oyalarini ilgari surdi, odamlarni
yaxshilik va ezgulikka, xayrli ishlarga va ma'rifatparvarlikka da'vat etdi. Ahmad Donish esa o'z
asarlarida mamlakatni odilona boshqarish uchun islohot zarurligini uqtirdi. Uningcha, hukmdor
bilimdon, aqlli bo'lib, xalqning
manfaatini himoya qilishi, o'z atrofidagilar bilan kengashib,
davlatni idora qilishi lozim. A.Donishning g'oyalari hamon o'z ahamiyatini yo'qotmagan.
XX asr boshida vujudga kelgan jadidchilik harakatining taraqqiyparvar namoyondalari -
Behbudiy, Fitrat, Cho'lpon, Munavvar qori, Abdulla Avloniylar ijodi va faoliyatida
ma'rifatparvarlik g'oyalari yanada kuchaydi. Ular yangi maktablar qurish, yosh avlodni ilmli
kilishga, ma'rifat va taraqqiyot uchun kurashga katta hissa qo'shgan mutafakkirlardir. Ularning
asarlarida millat va Vatan taqdiri, axloq va ta'lim-tarbiya kabi masalalar, xalqlarni birlashtirish,
butun o'lkaning ma'rifiy taraqqiyoti uchun kurash g'oyalari ilgari surilgan.
Shuningdek, xalqni asriy qoloqlikdan qutqarish yo'llari, iqtisod, tadbirkorlikni
rivojlantirish, mamlakatni xom ashyo qaram-ligidan xalos etish, ma'rifat va ma'naviyatni
yuksaltirish
masalalari yoritilib, jaxon fani hamda texnikasi yutukdarini o'rganish kabi g'oyalar
ham jadidlar faoliyatining asosiy mezonlaridan biri edi. Ularning millatparvarlik va
vatanparvarlik ruxi bilan sug'o-rilgan g'oyalari hozir ham ma'naviyat hamda ma'rifatni ravnaq
toptirishda, xalqning o'zligini anglashida muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: