Dasturning axborot - metodik ta’minoti
Modulni o‘qitish jarayonida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar, tegishli soha bo‘yicha ilmiy jurnallar, Internet resurslari, multimediya mahsulotlari va boshqa elektron va qog‘oz variantdagi manbalardan foydalaniladi.
II. NAZARIY MASHG‘ULOT MATERIALLARI
1-Mavzu: Ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda huquqiy-me’yoriy hujjatlar tushunchasi va turlari
Reja:
1. Ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda huquqiy-me’yoriy hujjatlar tushunchasi. Jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish.
2. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ta’lim sohasiga oid me’yorlar va ularning kafolatlari
3. O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni
Tayanch iboralar: Me’yoriy-huquqiy hujjat. Konstitutsiya, Konstitutsiyaviy qonun, Qonun, farmon, farmoyish, qaror, buyruq, normativ hujjat, Oliy Majlis, Milliy dastur, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda huquqiy-me’yoriy
hujjatlar tushunchasi. Jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish
Huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida, birinchi navbatda, yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimini joriy etish yo‘li bilan amalga oshirishni ko‘zlovchi adliya organlari va tashkilotlariga muhim rol ajratilmoqda.
Adliya organlari va tashkilotlari faoliyatida huquqiy islohotlarning yuqori samaradorlik darajasiga erishish maqsadida bir qator qonun va qonunosti xujjatlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida” 2017 yil 7 sentyabrda qabul qilingan qonunida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 aprel PF-5415-son“Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va tashkilotlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 13 apreldagi PQ-3666-son qarorida jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish masalalari keng yoritib berilgan. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashning asosiy prinsiplari, oshkoraligi, ochiqligi, o‘z vaqtidaligi, huquqiy axborotni izlash va olish erkinligidan iborat ekanligi belgilab berilgan.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatini belgilangan tartibda ta’minlashi shart. Agar huquqiy axborot davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar jumlasiga belgilangan tartibda kiritilgan bo‘lsa, ushbu axborotdan foydalanish cheklanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huquqiy axborotni belgilangan tartibda tarqatadi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni yuborish, e’lon qilish, o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali tarqatadi; huquqiy axborotni o‘z vaqtida tarqatishga va undan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan zarur tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini ta’minlaydi;huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;normativ-huquqiy hujjatlar majburiy tartibda yuboriladigan davlat organlari va tashkilotlarning ro‘yxatini tasdiqlaydi; huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z davlat organlaridan va tashkilotlardan ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini qog‘ozda va elektron shaklda oladi; normativ- huquqiy hujjatlar matnlarining hamda zarur bo‘lgan taqdirda, tegishli axborot- tahliliy materiallarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlariga va tashkilotlarga elektron shaklda yuborilishini ta’minlaydi; normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy e’lon qilinishini amalga oshiradi; normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritish tartibini tasdiqlaydi; normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish va qonun hujjatlarini tizimlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
davlat organlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etgan holda jamiyatda huquqiy targ‘ibotni tashkil etadi; normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga etkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha namunaviy tadbirlar rejasini tasdiqlaydi; huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy organlari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlariga huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqida har yili axborot taqdim etadi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar huquqiy axborotni belgilangan tartibda tarqatadi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni yuborish, e’lon qilish, o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirish orqali tarqatadi; o‘zi qabul qilgan normativ- huquqiy hujjatlarning matnlarini hamda zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot- tahliliy materiallarni yuborish va rasmiy e’lon qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yo‘llaydi; markaziy devonga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga o‘z vaqtida etkazilishini ta’minlaydi; huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan huquqiy axborot bilan ta’minlanadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda ishtirok etadi; aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ishtirok etadi; o‘z faoliyatiga oid huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi; fuqarolarning huquqiy axborot fondidan foydalanishini ta’minlaydi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy targ‘ibot yo‘li bilan tarqatish barcha davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari ham huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi va (yoki) ishlab chiquvchi organlar ushbu hujjatlar qabul qilinganidan keyin bir haftalik muddatda huquqiy targ‘ibot bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy tadbirlar rejasi asosida ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.
Huquqiy targ‘ibot quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va muloqotlar o‘tkazish;
ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkil etish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalariga maqolalar va huquqiy-axborot materiallarini joylashtirish orqali;
sharhlar, risolalar, plakatlar, bukletlar va flaerlar tarqatish;
ijtimoiy reklamalar (videolavhalar, infografikalar va boshqalar) hamda targ‘ibotning qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa turlari orqali.
Do'stlaringiz bilan baham: |