Taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipi. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 10-moddasiga ko‘ra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
Tortishuvlik prinsipiga muvofiq ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs o‘z talab va e’tirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak. Taraflar tortishuvi orqali obyektiv haqiqat aniqlanadi. Chunki tortishuvchilik prinsipi sudga ishni to‘g‘ri hal qilish uchun zarur bo‘lgan ishonchli darajada imkon beradi.
Taraflarning teng huquqliligi prinsipi bir tomondan, ularning protsessual huquqlarining to‘liqligini, ikkinchi tomondan, protsessda taraflarning holati sudga nisbatan tengligini ifoda etadi. Taraflarning teng huquqliligi prinsipiga mulkiy jihatdan emas, balki protsessual nuqtai nazardan yondashish kerak. Shuning uchun ham taraflarning teng huquqliligi protsessual ma’nodagi tengligida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu protsessual ma’nodagi tenglik taraflarning protsessual huquqlardan teng foydalanishida namoyon bo‘ladi.
Sud muhokamasining bevositaligi va og‘zakiligi prinsipi. Sud fuqarolik ishini ko‘rayotganda ishga oid dalillarni bevosita tekshirishi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini va mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitishi, yozma dalillar bilan tanishishi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirishi shart. Ishning muhokamasi og‘zaki ravishda o‘tadi (FPKning 13-moddasi).
Bevositalik prinsipi ish bo‘yicha faqat dalillarni tekshirishdangina iborat bo‘lmay, balki butun sud muhokamasi vaqtida sud tarkibining o‘zgarmasligini ham kafolatlaydi. Masalan, sudya sud muhokamasining tayyorlash qismida almashtirilsa, dastlabki sud tarkibi dalillarni hali tekshirmagan bo‘lsa ham ish boshidan qayta ko‘rilishi kerak. Bevositalik prinsipining eng qo‘pol tarzda buzilishi, ya’ni hal qiluv qarori sudyalardan birortasi tomonidan imzolanmagan bo‘lsa yoki hal qiluv qarorida ko‘rsatilmagan sudyalar tomonidan imzolangan bo‘lsa, yoki hal qiluv qarori ishni ko‘rgan tarkibdagi sudyalardan boshqa sudyalar tomonidan qabul qilingan bo‘lsa protsessual huquq normalarining buzilishi hisoblanib, sud hal qiluv qarorini bekor bo‘lishiga olib keladi (FPKning 377-moddasi).
Sud muhokamasining og‘zakiligi prinsipi bu ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga og‘zaki tushuntirish berishlari, odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxslar – guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislar, tarjimonlarning tushuntirishlari og‘zaki ravishda ifodalanishi tushuniladi. Sudga taqdim qilingan yozma dalillar ham og‘zakilik prinsipiga ko‘ra sudda og‘zaki muhokama qilinadi. Sud majlisida og‘zaki tekshirilgan vaqtda aniqlangan va tasdiqlangan materiallargina sud qaroriga asos qilib olinadi.
Ishning haqiqiy holati, taraflarning huquq va majburiyatlarini sud tomonidan aniqlanishi. Sud taqdim etilgan materiallar va tushuntirishlar bilan cheklanmasdan, ishning haqiqiy holatlarini, taraflarning huquq va majburiyatlarini har taraflama, to‘liq va xolisona aniqlash uchun qonunga muvofiq choralar ko‘rishga haqli.
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, ularni protsessual harakatlarni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslik oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirishi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi kerak (FPKning 15-moddasi).
Sud orqali himoyalanish huquqi prinsipi. Sud orqali himoyalanish huquqi prinsipi – bu fuqarolik protsessining barcha bosqichlarida manfaatdor shaxslarga qonunda belgilangan tartibda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish imkoniyatining kafolatlanishidir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har bir shaxsga o‘z huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlanadi. Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli. Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas (FPKning 3-moddasi).
Sud hujjatlarining majburiyligi prinsipi. Sudning qonuniy kuchga kirgan hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim. Sud hujjatini bajarmaslik qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sud hujjatining majburiyligi manfaatdor shaxslarni o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun, basharti bularga daxldor nizo sudda ko‘rib chiqilmagan va hal etilmagan bo‘lsa, sudga murojaat qilish imkoniyatidan mahrum etmaydi (FPKning 16-moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |