Globallashuv sharoitida davlatning zamonaviy funksiyalarini tasniflashning yagona tizimini joriy etish, ya’ni ularni quyidagi 5 ta umumiy funksiyalar guruhiga ajratish maqsadga muvofiq:
1) siyosiy, ya’ni davlatning siyosiy hayotni boshqarish, davlat organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini tashkil etish hamda xalq hokimiyatchiligini ta’minlash funksiyasi;
2) iqtisodiy funksiya bu davlat tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish borasida asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish, boshqaruvni amalga oshirish hamda tartibga solib turishdan iboratdir. Bundan tashqari, jamiyatning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini aniqlash, turli xil mulk shakllarining tenglik sharoitida amal qilinishini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash kabilar ham davlatning iqtisodiy sohadagi funksiyasi doirasiga kiradi;
3) ijtimoiy, bu aholini ijtimoiy himoya qilish, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, insonlarga munosib turmush tarzini yaratish va boshqalar;
4) mafkuraviy, ya’ni jamiyat a'zolarini tarbiyalash, ularda ta’lim, ommaviy axborot vositalari, madaniyat orqali fuqarolik va vatanparvarlik qadriyatlarni shakllantirish borasidagi davlat faoliyatining yo‘nalishi;
5) ekologik funksiya – jamiyat talab va ehtiyojlarini yanada to‘liqroq ta’minlash va jamiyat a’zolarining yashash, mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish vazifalarini hal etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni tiklash va ko‘paytirish borasidagi davlat faoliyati yo‘nalishi.
ugungi kunda demokratik qadriyatlarning globallashuv jarayonlari kechayotganligini qayd etar ekan, bu borada I.I. Lukashuk quyidagilarni bildirib o‘tadi: “demokratiya xalqaro tamoyil sifatida umumbashariy ahamiyat kasb etmoqda. Unga bo‘lgan huquq global huquq sifatida tan olinib, uning amalga oshishi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng miqyosda ta'minlanmoqda”.
O‘zbekiston o‘zi uchun demokratik rivojlanish va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lini aniq-ravshan belgilab olgan va bu maqsad Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan. Bu yo‘l demokratiya va erkinlikning umume'tirof etilgan va asosiy prinsiplariga tayanadi.
Zamonaviy davlatlar siyosiy funksiyasining asosiy yo‘nalishi xalq hokimiyatchiligini ta'minlash ekanligi ko‘pchilik olimlar tomonidan muayyan qoida sifatida e'tirof etilgan. Mazkur qoida xalq tomonidan quyidagi vakolatlarni amalga oshirishni nazarda tutadi: birinchidan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda ishtirok etish; ikkinchidan, davlat va jamiyat ahamiyatiga molik bo‘lgan eng muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish (masalan, referendum orqali); uchinchidan, davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida mazkur qoidaning deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha zarur konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar yaratilishi bilan bir qatorda ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan ham muayyan yutuqlarga erishildi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va uni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda globalizatsiya jarayonlari, ayniqsa, davlatning iqtisodiy funksiyasiga ko‘proq ta'sir etayotganligi haqida fikrlar bildirilmoqda. O‘z navbatida, mazkur holat dunyo bozorining baynalmilallashuvi, transmilliy korporatsiyalar ta'sirining kuchayishi hamda davlatlarning iqtisodiy integratsiyasi natijasida turli xil xalqaro iqtisodiy institutlarning yuzaga kelganligi bilan ham bog‘liq ekanligini qayd etish joizdir.
Mazkur sohada globallashuv jarayonlarining davlat iqtisodiy funksiyasiga ijobiy ta'sir o‘tkazishi bilan birga ko‘rsatib o‘tilgan jarayonlar davlatlarning milliy iqtisodiyotni boshqarish borasidagi imkoniyatlarini muayyan darajada cheklayotganligini ham e'tirof etish lozim. Ayniqsa, bugungi kunda transmilliy korporatsiyalarning global iqtisodiyotni tartibga solish borasidagi vakolatlari kengayib bormoqda. qtisodiy sohadagi globalizatsiya, shuningdek xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuviga hamda xalqaro bozorda raqobatning keskin kuchayishiga olib keldi. Ushbu holatlar, o‘z navbatida, hozirgi zamon davlatlarini o‘z iqtisodiy funksiyalarini ushbu jarayonlarga moslashtirishga va iqtisodiy siyosatni amalga oshirishning yangi shakllarini izlashga undamoqda.
Bugungi kunda globalizatsiya jarayonlari davlatlarning ekologik funksiyasiga ham jiddiy ta'sir o‘tkazmoqda. Dunyo miqyosida qulay atrof tabiiy muhitni qaror toptirishda butun xalqaro hamjamiyat birdek manfaatdordir. Shu bois, ekologik muammolarni hal etish tobora global ahamiyat kasb etib bormoqda. Global muammolarni hal etishda yuqori sanoat va ilmiy-texnik potensialga hamda tabiiy resurslarga boy bo‘lgan mamlakatlar muhim o‘rin tutadi. Zero, tabiiy muhitning keng hajmda ifloslanishi va dunyo miqyosida iqlimning o‘zgarishida aynan ushbu davlatlarning hissasi yuqoridir. Bozor iqtisodiyotining tobora o‘sib borayotgan ehtiyojlari ko‘p holatlarda tabiatdan oqilona foydalanish, o‘rmonlar, o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish va o‘zlashtirish qoidalarini inkor etishga olib kelmoqda. Ko‘p yillar mobaynida inson tabiatni o‘ziga to‘liq bo‘ysundirishga urindi, tabiiy resurslarni bitmas-tuganmas hisoblab, ularga faqat iste'mol obyekti sifatida qaradi. Natijada yer kurrasida, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida ham ekologik jihatdan, xavfli vaziyat yuzaga keldi, ayrim shaharlar atmosferasida zaharli gazlar miqdori haddan tashqari oshib ketdi, biologik rang-baranglik, muvozanat buzildi. Shuning uchun ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir, uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko‘p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir.
Shu jihatdan olganda, har bir davlat o‘z hududida aholisining yashash shart-sharoitlari munosib darajada saqlanishini o‘z zimmasiga olmasa, ya'ni insoniyatning umumiy tabiiy muhitda normal yashashini saqlab turish borasida boshqa davlatlar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilmasa, yaqin istiqbolda umumbashariy kollaps, ya'ni global tanglik yuz berishi ehtimoldan xoli emas.
Umuman olganda, dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari davlatlarning yuqorida qayd etib o‘tilgan funksiyalari bilan bir qatorda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, mudofaa, mafkuraviy, madaniy va boshqa sohalardagi funksiyalariga ham muayyan darajada ta'sir o‘tkazadi.
Insoniyat oldida turgan umumbashariy muammolar ularni hal etishga qaratilgan davlatlarning yangi global funksiyalarini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu global funksiyalar qatorida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish; demografik, xomashyo hamda energetik muammolarni hal etish; xalqaro jinoyatchilik, ayniqsa, terrorizmga qarshi kurash; kosmik fazoni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik qilish; umumsayyoraviy axborot makonini yaratishda kuchlarni birlashtirish kabi funksiyalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Shu jihatdan qaraganda, davlat funksiyalari tizimiga global muammolarni hal etish borasidagi davlat funksiyasini kiritish mumkin. Mazkur funksiya umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan global muammolarni hal etishda davlatlarning birgalikda faoliyat yuritishini nazarda tutadi. Globalizatsiya jarayonlari zamonaviy davlatlar oldiga milliy va xalqaro manfaatlarni uyg‘unlashtirish tamoyili asosida hamkorlikni kengaytirish hamda shu asosda ichki va tashqi funksiyalarning mazmun-mohiyatiga jiddiy o‘zgartishlar kiritish vazifasini qo‘yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |