12.6. HUQUQ TIZIMINI XUSUSIY VA OMMAVIY
HUQUQQA AJRATISH
Roman-german huquq oilasi xususiyatlaridan biri huquqning ommaviy va xususiy huquqqa bo‘linishidir. Xususiy huquq alohida shaxslarning ehtiyojini qondirish va manfaatini himoya qilishga qaratilgan bo‘lsa, ommaviy huquq davlatning umumiy manfaatlarini muhofaza etadi. Xususiy va ommaviy huquqning shakllanishi qadimgi Rim huquqiga borib taqaladi. Unda Jus publicum va jus privatum ajratilgan bo‘lib, ularga Rim yuristlari tavsif bergan. Xususan, Ulpianning fikriga ko‘ra, ommaviy huquq – Rim davlatining mavqyei va maqomiga (“ad statum rei Romanae spectat”), xususiy huquq esa alohida shaxslar manfaatiga taalluqlidir (“ad Singulorum itilitatem”).
Demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatida qonun jamiyatga ta'sir ko‘rsatishning asosiy vositasi bo‘ladi, huquq esa ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish vazifasini bajaradi.
Har qanday davlat milliy huquqiy tizim bo‘lishini taqozo etadi. Uning asosiy belgisi – ommaviy va xususiy huquq, markaziy vazifasi esa fuqarolik jamiyatidagi xususiy va umumiy (ommaviy) manfaatlarning eng maqbul nisbatini kafolatlashdir. Ommaviy va xususiy manfaatlar barcha zamonlarda eng liberal demokratik jamiyatlardan tortib totalitar jamiyatlargacha mavjud bo‘lgan. Xususiy va ommaviy manfaatlar nisbati, shu jumladan ommaviy va xususiy huquqning qo‘llanish darajasi konstitutsiyaviy, siyosiy, iqtisodiy tuzum, birinchi navbatda mulkka egalik qilishning shakli, shuningdek mulkning ba'zi shaxslarga tegishliligi yoki umumiy mulk bo‘lishi bilan bog‘liq. Ommaviy va xususiy huquq bir-biridan yuridik xususiyati, ijtimoiy munosabatlarga ta'sir qilish usullari bilan farq qiladi. Ommaviy huquq davlat qatnashgan munosabatlarni tartibga soladi. Bu esa imperativ normalar orqali amalga oshadi. Ommaviy huquq jamiyatni boshqarish, davlat iqtisodiyotini tashkil qilish, aholini ijtimoiy muhofaza etish, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i hamda umumiy va xususiy mulklarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Xususiy huquq esa davlat qatnashmaydigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Huquqning bu turida subyektlar o‘rtasidagi munosabat muvofiqlashtirish va avtonom usulda amalga oshiriladi. Xususiy huquqda normalar dispozitiv xususiyatga ega bo‘ladi. Xususiy huquq fuqarolarning shaxsiy hayoti, ijtimoiy munosabatlari, shuningdek tovar-pul munosabatlari, mehnat munosabatlarini o‘z ichiga oladi. Huquqning bu turida davlat faqat xususiy huquq bilan tartibga solinadigan munosabatlarda qatnashadi.
Masalan, fuqarolik huquqiy munosabatlarida davlat mulk egasi sifatida yoki xususiy huquq bilan tartibga solinadigan ommaviy manfaatlar va boshqa munosabatlarni hal qilishda xususiy huquqdan foydalanadi. Fuqarolik va mehnat munosabatlarida erkin raqobatni shakllantirish, monopoliyani tugatish, iqtisodiy jihatdan zaifroq bo‘lgan tomonning manfaatlarini himoya qilish maqsadida ommaviy huquq normalari qo‘llaniladi.
Ommaviy va xususiy huquqning o‘zaro ta'siri natijasida fuqarolik huquqining mehnat huquqi, ekologiya, ya'ni tabiiy resurslardan foydalanish huquqi kabi sohalari ajratiladi.
Demak, ommaviy huquq – bu umumiy ommaviy va davlat manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan huquq sohalaridir. Masalan, konstitutsiyaviy, jinoyat, ma'muriy huquq va boshqalar. Xususiy huquq – bu alohida shaxslar (jismoniy va yuridik shaxslar) ehtiyojini qondirish va manfaatini himoya qilishga qaratilgan huquq sohalari. Masalan, fuqarolik, oila, mehnat huquqi va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |