Bog'liq ФҲ ва ФПҲ фанларидан ЯДА саволлари НАВОИЙ (2) (Восстановлен)
Da’vo muddati. FKning 149-moddasiga muvofiq, da’vo muddati – shaxs o`zining buzilgan huquqini da’vo qo`zg`atish yo`li bilan himoya qilishi mumkin bo`lgan muddatdir. Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari ushbu huquqlarni sud orqali himoya qilish hisoblanganligi sababli, da’vo ana shu himoyani amalga oshirishning asosiy vositasi hisoblanadi. Fuqarolik huquqlari protsessual qonunlar yoki shartnomada belgilanib qo`yilganidek, ishlar qaysi sudga taalluqli bo`lishiga qarab, sud, iqtisodiy sud yoki xolislar (hakamlik) sudi tomonidan himoya qilinadi (FK, 10-modda).
Umumiy qoidaga ko`ra, da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qo`llaniladi.
FK da’vo muddatlarini to`g`ridan to`g`ri: umumiy va maxsus da’vo muddatlariga bo`ladi. Umumiy da’vo muddatlari qonun hujjatlari tomonidan oldindan belgilanmagan muddatlar mavjud bo`lmagan barcha fuqarolik-huquqiy munosabatlarga tatbiq etiladi. FKning 150-moddasiga muvofiq, umumiy da’vo muddati uch yil. Bu muddat o`z nomidan ko`rinib turibdiki, fuqarolar va yuridik shaxslar uchun bir xilda “umumiydir”.
Maxsus da’vo muddatlari. Umumiy da’vo muddatidan farq qilib, maxsus da’vo muddatlari qonun hujjatlarida to`g`ridan to`g`ri ko`rsatilgan talablarga nisbatan qo`llaniladi. Bu muddatlar umumiy da’vo muddatiga qaraganda kamroq vaqt davom etganligi uchun, ular qisqartirilgan da’vo muddatlari deb ham yuritiladi. FKning 151-moddasi esa ayrim turdagi talablar uchun qonunlarda umumiy da’vo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus da’vo muddatlari belgilanishi mumkinligini qayd etadi. Maxsus da’vo muddatlari faqatgina qonun hujjatlarida to`g`ridan to`g`ri ko`rsatilgan hollarda qo`llaniladi va xuddi umumiy da’vo muddatlari kabi imperativ xarakter kasb etadi.
FKning 154-moddasiga muvofiq, da’vo muddati shaxs o`zining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo`lgan kundan o`ta boshlaydi.
FKning 156-moddasiga muvofiq, da’vo muddatining o`tishi quyidagi hollarda to`xtatiladi:
1) agar da’vo qo`zg`atilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib bo`lmaydigan favqulodda hodisa (yengib bo`lmas kuch) to`sqinlik qilgan bo`lsa;
2) O`zbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli;
3) agar da’vogar yoki javobgar harbiy holatga o`tkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qo`shinlari va ichki qo`shinlar tarkibida bo`lsa;
4) agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari bo`lmasa;
5) tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining amal qilishi to`xtatilgan bo`lsa.
Muddatning to`xtatilishiga turilishiga asos bo`lgan holat barham topgan kundan boshlab da’vo muddatining o`tishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, da’vo muddati olti oydan kam bo`lsa, da’vo muddatiga qadar uzaytiriladi.
Da’vo muddati o`tishining uzilishi uzilish uchun asos bo`lgan holatlar vujudga kelgunga qadar o`tgan muddat da’vo muddati tarkibiga kiritilmasligi va da’vo muddati yangidan boshlanishini bildiradi. Da’vo muddati o`tishining uzilish u to`g`risidagi masala butunlay tugaganligini bildirmaydi, aksincha bunda da’vo muddati butunlay yangidan boshlanadi. FKning 157-modasi da’vo muddati o`tishi uzilishining quyidagi ikki holatini belgilaydi:
1) belgilangan tartibda da’vo qo`zg`atilishi bilan;
2) majbur shaxs qarzni tan olganligini ko`rsatuvchi harakatlarni qilishi bilan.
FKning 163-moddasiga muvofiq, da’vo muddati quyidagilarga joriy qilinmaydi:
- shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- omonatchilarning o`z omonatlarini berish to`g`risida bankka qo`yadigan talablariga;
- fuqaroning hayotiga yoki sog`lig`iga yetkazilgan zararni to`lash haqidagi talablarga. Da’vo muddati o`tganidan keyin qo`zg`atilgan talablar da’vo qo`zg`atilishidan oldingi ko`pi bilan uch yil bo`yicha qondiriladi;
- jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to`lash haqidagi talablarga;
- mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining o`z huquqini har qanday buzishlarni, shu jumladan, egalik qilishdan mahrum etish bilan bog`liq bo`lmagan buzishlarni (FKning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga;
- mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega bo`lgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obyektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga;
- qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga.