3.3. Axborot siyosatining tamoyillari, yo‘nalishlari va istiqbollari
Global axborotlashuv sharoiti o‘zining ijobiy qirralari bilan bir qatorda salbiy jihatlarini ham ko‘rsatib, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda u axborot tahdidi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Axborot almashinuvining bunday tahdidli ko‘rinishlari ko‘lami tobora kengayib, inson ongi va qalbini egallashga urinib, axborot xurujlarini keltirib chiqarmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoev ta’biri bilan aytganda: “...yoshlarimiz o‘zimizning gazeta-jurnallarimizni o‘qimasa, o‘z milliy adabiyotimiz va san’atimizni bilmasa, ular qanday qilib vatanparvar bo‘ladi? Ularning ongu tafakkuri, dunyoqarashi nima hisobidan shakllanadi? Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, katta-kichik rahbarlarning barchasi bu masala bo‘yicha shaxsan mas’ul ekanini unutishga hech qanday haqqi yo‘q. Ayni vaqtda yoshlar auditoriyasiga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari ham o‘z faoliyatini tubdan o‘zgartirishi lozim. Avvalo, quruq rasmiy gaplardan qochish, tanqidiy tahlil, kreativ yondashuv, bugungi hayotni butun ko‘lami, mazmuni, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan yoritishda jurnalistlarimiz faollik ko‘rsatishi kerak. O‘tkir va dolzarb muammolarni sizlar aytmasangiz, baribir xalqning o‘zi aytadi. Axir, sizlarning vazifangiz hayotdan bir qadam oldinda yurish emasmi?.”1 Axborot oqimining bunday zararli mohiyati kichik e’tiborsizlik oqibatida shiddatli tus olib, milliy xususiyat va mentalitetga salbiy ta’sir etish ehtimoli tabiiydir. SHu bois axborot siyosatining tamoyillari, yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilash mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ushbu sohaga mas’ul sub’ektlar uchun kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan hisoblanadi.
Bu borada bir nechta sabablarni ta’kidlab o‘tish joiz. Ularning asosiylaridan biri gegemonlik da’vosidagi ayrim yirik davlatlar o‘z madaniyatlarini “ommaviy madaniyat” sifatida butun dunyoga yoyishga intilmoqdalar. Bunday “ommaviy madaniyat”ning tahlikali tomoni shundan iboratki, u milliy axloqqa, urf-odat va mentalitetga tahdid sifatida namoyon bo‘lib, ijtimoiy-madaniy hayotimizga kirib kelishga urinmoqda. Hatto, ayrim olimlar bunday «ommaviy madaniyat»ning yoyilishini tabiiy hol deb hisoblab, jahon madaniy paradigmalarida Amerika omili etakchi o‘rin egallashini bashorat ham qilganlar. «Bir necha yil ilgari taniqli siyosatshunos S.Xantington bundan buyon butun dunyo faqat gamburgerlar iste’mol qiladi, Amerikada chop etilgan kitoblarni o‘qiydi, Amerika televideniesini ko‘radi, amerikacha liboslar kiyadi deb taxmin qilgan edi. Bunday qarashlar zamirida qanday mafkuraviy maqsadlar yotganini payqash qiyin emas».1 Amerika madaniyatining ijobiy qirralaridan bahramand bo‘lish yaxshi. Ammo ushbu jarayon milliy madaniyatlarni siqib chiqarish hisobiga amalga oshishi lozim degani emas. Buning ustiga targ‘ib etilayotgan jihatlar milliy axloqqa zid bo‘lib, jamiyatda deviant xulq-atvorning shakllanishini tashviq etsachi?! Modomiki, jamiyatda shunday axborot xurujlari mavjud ekan, bunday xurujlarga qarshi samarali kurash tizimini yaratish zarurdir.
Fuqarolik jamiyati asoslari shakllanayotgan bugungi kunda mavjud axborot xurujlariga qarshi ommaviy axborot vositalari faoliyatidan samarali foydalanish yaxshi natija beradi. OAV orqali milliy xususiyatlarimiz targ‘ibini yo‘lga qo‘yib, jamiyat a’zolari ongida g‘oyaviy immunitetni rivojlantirish hamda aholini mustaqil vatanimizning salohiyatini oshirishga safarbar etish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, jahonga gegemonlik da’vosidagi davlatlar tomonidan axborot xurujlarini yuzaga keltirish uchun o‘z mafkurasi targ‘ibiga katta mablag‘lar ajratayotgan davrda, har qanday davlat, u sanoatlashgan, jahonda munosib o‘rin egallagan, yoki endi mustaqilligini qo‘lga kiritgan rivojlanayotgan mamlakat bo‘lishidan qat’i nazar mavjud axborot xurujlaridan xavfsizligini ta’minlashga, mamlakat fuqarolarini mafkuraviy tahdidlardan himoyalashga jiddiy e’tibor qaratadi.
Axborot sohasida samarali faoliyat olib borish avvalo qonuniy asosga ega bo‘lishi muhim. O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi Qonunining «Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda suiiste’mollarga yo‘l qo‘yilmasligi» deb nomlangan 6-moddasida «Ommaviy axborot vositalaridan O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish, urush va zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etish, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan o‘zga sirni oshkor etish, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa hatti-harakatlarni sodir qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi», deyiladi.1 Qonunning ushbu bobida belgilangan jihatlar OAV axborot xurujlariga qarshi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Axborot xurujlarining maqsadi – muayyan hududda milliy, diniy va irqiy adovatni targ‘ib etib, mamlakat yaxlitligiga rahna solish ekan, OAV o‘z faoliyatida milliy birlik, diniy bag‘rikenglik, irqiy hamjihatlikni targ‘ib etib, jamiyat a’zolari faoliyatini mamlakatning fuqaroviy birlik va hududiy yaxlitligini ta’minlashga yo‘naltiradi.
Prezident SH.Mirziyoev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida quyidagi fikrlar mavjud: “Bugun O‘zbekiston barcha sohalarda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Oldimizda turgan, bir-biridan muhim va dolzarb vazifalarni hal etishda, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning o‘z kuchiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish, hayotimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash, davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, bir so‘z bilan aytganda, xalq manfaatining chinakam himoyachisi bo‘lishda ommaviy axborot vositalari bundan buyon ham faol harakat olib boradilar, deb ishonaman”1.
Global axborotlashuv sharoitida axborot siyosatining aniq yo‘nalishlarini belgilab olishdan ko‘zlangan maqsad – inson tafakkurini umummilliy maqsad sari yo‘naltirishdir. “Inson qalbi va ongini egallash uchun kurash xilma-xil g‘oyalar bilan qurollangan, turli manbalardan oziqlanadigan mafkuralarning asosiy maqsadiga aylanmoqda”2. “Boshqacha aytganda, “bir tomonlama integratsiyalashuv” yuzaga kelib, rivojlanish bosqichida borayotgan davlatlarga bu jarayon salbiy ta’sir etmoqda”3.
SHunday ekan, ushbu jarayonning ijobiy mohiyatini ta’minlashda orttirilgan tajribalarga suyangan holda mavjud muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish sohasida muayyan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim. Ushbu jihat jamiyatimiz a’zolari kundalik faoliyatida axborot xurujlari ta’sirini minimallashtirishda zaruriy o‘rin tutadi.
Global axborotlashuv jarayonida o‘zaro manfaatli umumiylikni targ‘ib etish bilan bir qatorda milliy mentalitetimizga yot turmush tarzini tiqishtirish, dunyo xalqlarini o‘ziga xos tarzda g‘arblashtirishga intilish hollari ham kuzatilib, ushbu jarayon ham axborot xuruji tarzida namoyon bo‘lmoqda. Tabiiyki, g‘arblashtirish xalqlarning o‘ziga xosligi, milliy xususiyatlari, madaniy an’analariga putur etkazmoqda.
Axborot sohasida samarali kurash tizimini yaratishda mavjud tajribaga suyanish alohida ahamiyat kasb etadi. Tajriba ijtimoiy hayotda bo‘lib o‘tgan voqea va jarayonlardan olingan ko‘nikmalarning o‘ziga xos shaklidir. SHu bois tajribadan saboq chiqarish hamda unga suyangan holda muammo va kamchiliklarni aniqlab, jarayonning istiqbolli qirralarini belgilash – bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Mamlakatimizda axborot xurujlariga qarshi samarali kurash tizimini yaratishda fikrimizcha, quyidagi muammolar ko‘zga tashlanadi:
OAV orqali demokratik-huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash uchun yanada izchil, doimiy va davomiy ko‘rsatuv, eshittirish va axborot almashuv usullarini kengroq joriy etish;
OAV faoliyatining yanada demokratlashuvini ta’minlab, ulardagi bir xilliklar o‘rniga ma’naviyatni yuksaltiruvchi usullarning turfaligini ta’minlash. YA’ni, xalqimiz tafakkurini boyitishda xilma-xil usullardan foydalanish;
OAVda milliy xususiyat hamda mentalitetimizga mos kinofilmlar targ‘ibini amalga oshirish, bunda milliy birlik, hududiy yaxlitlik, fuqaroviy totuvlik, diniy bag‘rikenglik, madaniyatlararo muloqotning ijtimoiy-siyosiy hayotda pozitiv hodisa ekanligini targ‘ib etuvchi film va ko‘rsatuvlar silsilasini namoyish etish;
Ijtimoiy tafakkurda milliy xususiyatlarimizning ustuvor jihatlarini ta’minlab borish. Buning uchun tarixiy, diniy, umuman milliy qadriyatlarimiz asoslariga ko‘proq murojaat etib, ushbu jihatlar targ‘ibi orqali g‘oyaviy ta’sirning samaradorligini ta’minlashga erishish;
Terrorizm va diniy ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga qarshi ko‘rsatuvlar, eshittirishlar hamda maqola va yondashuvlar miqdorini yanada ko‘paytirib, jamiyat a’zolari ongida ushbu salbiy omillarga qarshi kuchli immunitet tizimini yaratib borish;
Davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash borasida turli tahdidlarga qarshi chora-tadbirlar silsilasini ishlab chiqib, axborot resurslari vositasida xavfsizlikni ta’minlash, milliy manfaatlar rivojiga xizmat qiluvchi pozitiv xarakterdagi dasturlar turkumini yanada ko‘paytirish;
Mustaqil O‘zbekistonning global taraqqiyotda munosib o‘rnining barqarorligini ko‘proq ta’minlash maqsadida mamlakatning jahon axborot makoniga qat’iy integratsiyalashuvi jarayonini ta’minlab borish.
YUqorida ta’kidlangan jihatlar echimi ijtimoiy-siyosiy voqelikda asta-sekinlik bilan o‘z echimini topayotgan bo‘lsada, lekin ushbu jarayonning samaradorligini oshirish maqsadida ta’kidlangan muammolar echimini yanada jadallashtirish milliy taraqqiyotimizni ta’minlovchi omillardan hisoblanadi.
Mamlakatimizda axborot siyosatining tamoyillari, yo‘nalishlari va istiqbollari sifatida quyidagilarni tavsiya etamiz mumkin:
Ommaviy axborot vositalari orqali Harakatlar Strategiyasida belgilangan konseptual jihatlar targ‘ibiga yanada keng imkoniyatlar ochilib, tarixiy, diniy, umuman milliy qadriyatlar targ‘ibi asosida xalqimizning tafakkur boyligi yuksala boradi;
Dasturlar turining kengayishi axborot maydonida o‘ziga xos raqobat muhitining shakllanishini ta’minlab, milliy taraqqiyotimiz asoslari mustahkamlanib borayotgan bugungi kunda jamiyat a’zolarida g‘oyaviy immunitet rivojini ta’minlashda xilma-xil usullardan foydalanish zarurdir;
Davlat organlari funksiyalarining asta-sekin jamoat tashkilotlari zimmasiga o‘tishi ta’minlanib, fuqarolik jamiyati rivojining jadallashuviga imkon yaratiladi;
OAV faoliyati samaradorligining oshishi yoshlarda vatanparvarlik, xalqparvarlik, milliy va diniy bag‘rikenglik kabi xususiyatlarning rivojiga imkon paydo qilib, bugungi global taraqqiyot sharoitida – bu o‘ta muhim;
OAV orqali mamlakat miqyosida «Ta’lim to‘g‘risida», hamda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning ijtimoiy hayotdagi real mohiyatini yanada kuchaytirish lozimki, ushbu omil ham jamiyat a’zolarida axborot xurujlariga qarshi kuchli immunitet rivojida hal qiluvchi o‘rin tutadi;
OAV orqali milliy-ma’naviy meros targ‘ibiga e’tibor qaratish talab etilib, ushbu jihat jamiyat a’zolari intellektual salohiyatini oshirishda muhim va intellektual salohiyat o‘z navbatida mavjud axborot xurujlariga qarshi immunitet rivojini ta’minlovchi omildir.
Umuman olganda, axborot xurujlariga qarshi samarali kurash tizimini yaratish, milliy taraqqiyotimiz rivojini ta’minlashda muhim bo‘lib, inson ongi va qalbi uchun kurash ketayotgan bir sharoitda ushbu omilga e’tibor qaratish milliy manfaatlarni ta’minlash darajasida dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Axborot siyosati tushunchasini chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, oldingi paragraflarda ta’kidlanganidek, axborot siyosati – bu turli ko‘rinishdagi axborotni shakllantirish, qayta ishlash, saqlash, uzatish va foydalanish jarayonlarini amalga oshirishga, shuningdek axborot tizimlarini boshqarish faoliyatida axborotni qo‘llash muammolarini samarali hal qilishga qaratilgan zamonaviy chora-tadbirlar tizimidan iborat. Fikrimizcha O‘zbekiston Respublikasida axborot siyosatining tamoyillari, yo‘nalishlari va istiqboli - mamlakatimizning axborot sohasidagi manfaatlari, asosiy yo‘nalishlari hamda ana shu vazifalarni hal qilish uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar tizimini o‘zida namoyon qiladigan maqsadlar yig‘indisidan iborat. Davlatning axborot siyosati uning tashqi va ichki siyosatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Jumladan:
- jamiyatda axborot olish erkinligini ta’minlaydigan, axborotni tarqatishga mas’ul bo‘lgan sub’ektlar, davlat va nodavlat OAV, shuningdek, axborot sohasida faoliyat yuritadigan barcha rasmiy muassasalar (televidenie, radio, matbuot, internet nashrlari) tomonidan axborotni noqonuniy maqsadlarda foydalanishni taqiqlovchi qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
- mamlakatda axborot infratuzilmalarini keng ko‘lamda rivojlantirish jamoatchilik bilan aloqalar xizmatlari, matbuot markazlari kabi muassasalar faolyatini kuchaytirish;
- davlatning kommunikatsion faoliyatini rivojlantirib borish, axborot-kommunikatsiyalar sohasida rivojlangan mamlakatlar tajribasini milliy xususiyatlarimizga mos ravishda samarali qo‘llash imkoniyatlarini oshirib borish.
O‘zbekiston Respublikasining axborot siyosati mamlakatimizga jahon axborot makoniga kirib borish jarayonida milliy xususiyatlardan uzilib qolmaslik, butun insoniyatning global axborot resurslaridan foydalanish jarayonida ma’naviy omillarga jiddiy e’tibor qaratish, ayniqsa yosh avlodni ommaviy madaniyatning vayronkor g‘oyalaridan shuningdek, diniy mutaassiblikning barcha ko‘rinishlaridan maksimal darajada himoya qilish, hamda yurtimizning an’anaviy milliy qadriyatlari asosida shakllantirishga asosiy e’tiborni qaratishi zarur.
Bundan kelib chiqib, axborot siyosatining asosiy yo‘nalish va tamoyillari quyidagilardan iborat bo‘lishi zarur:
- O‘zbekistondagi ma’naviy-madaniy an’analarni, shonli tarix va buyuk kelajakni o‘zida aks ettirgan davlatchilik g‘oyalarini, milliy ruh, vatanparvarlik tushunchalari, ularni rivojlantirishga qaratilgan harakatlarni targ‘ib qilish, ularni mamlakatimiz yoshlari ongida mustahkamlash;
- jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni ob’ektiv talqin qilish, mamlakat ichkarisida va tashqarisidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, voqea va hodisalar, muammolarni, ularni hal qilish yuzasidan hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinayotgan tegishli chora-tadbirlarni ob’ektiv yoritib borish;
- tarixning turli davrlaridan hikoya qiluvchi hamda, milliy madaniyatimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimiz to‘g‘risidagi ko‘rsatuvlar yaratish;
- jamiyat a’zolarini qiziqtirgan yo‘nalishlarda, ayniqsa yoshlar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuv va eshittirishlar yaratib, ular asosiga ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, siyosiy tarbiya va shu kabi dolzarb muammolarni keng yoritish.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasining axborot siyosati targ‘ibot va tarbiyaviy vazifalarni hal qilishga, axborot oqimlarini saralashga, foydali axborotni olish va tarqatishga qaratilgan bo‘lishi zarur. Axborot oqimlarini saralash, foydali axborotni faol izlash va topish uni jamiyatimiz a’zolariga etkazish, shuningdek, O‘zbekistondagi jarayonlarni boshqa mamlakatlarga samarali etkazish sohasida faol siyosat olib borish, har qanday axborot qarama-qarshiligiga tayyorlik, turli mafkuraviy xurujlargi qarshi tura olish imkoniyatlarini oshirish, hamda yagona axborot makonini shakllantirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardandir. Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonning axborot siyosati mamlakatning milliy davlat manfaatlarini jahon axborot makonida ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash va uni himoya qilish uchun amalga oshirilishi zarurdir.
Mamlakatimiz manfaatlariga mos keluvchi va chuqur o‘ylangan samarali axborot siyosati - O‘zbekistonning o‘zga xalqlar qarshisida o‘zining mustahkam pozitsiyasini namoyon qila olishi va shu bilan birga, davlatning kuch-qudratini hamda taraqqiy etgan mamlakatlar safidan o‘rin olish imkonini beradi.
Ushbu bobga xulosa qilib aytish mumkinki, mafkuraviy jarayonlar globllashuvi sharoitida O‘zbekiston Respublikasining axborot siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlab, ushbu jihat xalqimiz tafakkuriga Harakatlar Strategiyasida belgilab berilgan konseptual yo‘nalishlarni singdirish orqali ular ongida turfa g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni rivojlantirishdan iborat bo‘lib, bu inson ongi va qalbi uchun shiddatli kurash ketayotgan bugungi sharoitda o‘ta muhim. Axborot siyosatida O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi mavqei, global muammolar echimida mamlakatimiz ishtiroki kabi jihatlarni ko‘proq targ‘ib etish lozimki, ushbu jihatlar milliy tafakkurning rivojida asosiy omil bo‘lib, axborot siyosatining asosiy yo‘nalishlari va vazifalari sifatida maydonga chiqadi.
O‘zbekiston axborot siyosatining milliy manfaatlarni himoya qilishga yo‘naltirilganligi, unda milliylik, fuqaroviy birlikni targ‘ib etish bilan bir qatorda umuminsoniylikka xos jihatlarga ham e’tibor qaratilayotganligi axborot siyosatining tamoyil va yo‘nalishlari bo‘lib keladi.
Mamlakatimizda samarali axborot siyosatini amalga oshirishda OAV o‘ziga xos o‘ringa ega. Mustaqillik yillarida OAV soni dinamik tarzda o‘sib borayotganligi, ularning xalqimiz madaniyati va ma’naviyatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutganidan, shuningdek, mamlakatimizda demokratik jarayonlarning izchillik bilan davom etayotganligidan dalolatdir.
Mamlakatimizda samarali axborot kurash tizimini yaratish jamiyatning umumiy taraqqiyotini ta’minlashda jiddiy o‘rin tutib, bu sohada ham qator muammolar ko‘zga tashlanadi. OAV orqali demokratik-huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash uchun yanada izchil, doimiy va davomiy ko‘rsatuv, eshittirish va axborot almashuv usullarini kengroq joriy etish shular jumlasidan. O‘rganilayotgan muammoning istiqbolli xususiyatlari sifatida Ommaviy axborot vositalari orqali Harakatlar Strategiyasida belgilangan konseptual qarashlar targ‘ibotiga yanada keng imkoniyatlar ochilib, tarixiy, diniy, umuman milliy qadriyatlarni keng yoyish asosida xalqimizning tafakkur boyligi yuksala borib, shu asoslarda milliy taraqqiyotimiz ravnaqi ta’minlanib, jahon hamjamiyati doirasida o‘zining munosib o‘rnini egallayotgan O‘zbekiston uchun bu muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |