Gidning dastlabki ishlari. Gid o‘zi uchun sayohatning barcha masalalariga oydinlik kiritadi, ya’ni bundan oldin o‘tkazilgan turlar natijasini tahlil qiladi, ijobiy va salbiy tomonlarini aniqlashtiradi, o‘z takliflarini kiritadi, muammolarni prognozlab, ularni bartaraf etish mexanizmini ishlab chiqadi. Keyin turistlar (ekskursantlar) ro‘yxatini o‘rganadi (xohishlari, sog‘lig‘i, yoshi va sh.k), tarqatma materiallarni taxlaydi (dastur, sxema, tur marshruti) va brifing o‘tkazadi(sayohatning turli bosqichlari natijalari haqida ma’lumot beradi). 4. Turistlarni (ekskursantlarni) kutib olish. Turistlarni (ekskursantlarni) kutib olish turli joylarda – aeroportda, mehmonxonada, posyolkada bo‘lishi mumkin. Shuning uchun gid quyidagilarga rioya qilishi kerak bo‘ladi: -belgilangan joyda turistlarni (ekskursantlarni) transport olib kelsa gid u yerda o‘z vaqtida borishi kerak. Bu gidga bo‘lgan hurmatni oshiradi; -e’tiborli bo‘lgan holda barcha turistlarni (ekskursantlarni) ko‘zdan kechirishi, kechikkanlar yo‘qligiga ishonch hosil qilishi kerak; -turistlarni (ekskursantlarga) hurmat qilgan holda, ularga avtobusga kirishiga yordam qilishi, savollarga javob berishi kerak. Aeroport va vokzallardan kutib olishda gid firmaning nomi yozilgan tablichka bilan chiqishi, rasmi va ismi-sharifi yozilgan beyjik taqishi kerak. U har bir turist bilan tanishib, yukni qayerda joylash, hujjatlarni saqlash, valyuta ayriboshlash, suvenirlar, kitoblar, xarita sotib olish mumkinligini maslahat beradi. Shuningdek, dasturda ro‘y bergan o‘zgarishlar borasida axborot beradi, turning har bir kunini detallarigacha muhokama qiladi. Barcha zaruriy narsalar olinganligiga ishonch hosil qiladi, aks holda inventarlarni ijaraga olib harakatlanishning o‘z vaqtida bo‘lishini ta’minlaydi. Agar dasturda birinchi kunda kechki ovqat nazarda tutilmagan bo‘lsa, gid turistlar qayerda ovqatlanishi mumkinligini tavsiya beradi. Turistlardagi kasalliklar, ayniqsa, surunkali kasalliklarni aniqlashtirib olishi lozimki, ular sayohat davomida qo‘zg‘alishi mumkin. Shuning uchun, barcha zaruriy dorilar bilan to‘ldirilgan aptechkani o‘zi bilan olishni unutmasligi kerak. Qimmatbaho narsalar (pul, hujjatlar, texnika) va sayohatdagi xavfsizlikka (kriminal, baxtsiz hodisalar) alohida e’tibor qaratadi. Ba’zida turistlar nomerdan o‘z uylariga qo‘ng‘iroq qilishadi yoki mini bardan spirtli ichimliklarni olishadi. Bunday xizmatlar turga kiritilmaganligi va u uchun alohida to‘lovni amalga oshirish kerakligini gid tushuntirishi lozim. Turistlar bir birlarini kutib qolmasliklari uchun ularga bir xil vaqtni e’lon qilishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi standartlariga ko‘ra 10 nafardan iborat, o‘rganish, dam olish, ekskursiya maqsadida kelgan sayohatchilar turistik guruh hisoblanadi. Cho‘qqilar va qoyalarga chiqish, tog‘larda, sahroda sayohat qilish, daryolarda suzib o‘tish, speleologiya va shu kabi maxsus turlardagi marshrutlarni yoqtiruvchilarga 4 nafar, ovchilar 2 nafar bo‘lganda turistik guruh hisoblanadi. 5. Turni amalga oshirishning tashkiliy va boshqaruv masalalari. Bu jarayondan turistlar gidning malakasiga, xizmatlar, harajatlar qay darajada ishonchni oqlaganiga baho beradilar. Marshrut jarayonida gid ob’ektlar haqida ilhomlanib, g‘ururlanib hikoya qilishi kerak. Quruq yodlab olingan ilmiy matnni o‘qish ma’ruza qilayotganga o‘xshaydi. Gid o‘zining ruhiy kechinmalaridan kelib chiqib, faktlarni tushunarli tilda hikoya qilsagina ekskursantlarda qiziqish uyg‘onadi. Turni tashkil etish kundalik brifing o‘tkazishni talab etadi, ya’ni gid turistlar bilan guruhdagi vaziyatni, mahalliy aholi bilan o‘zaro munosabatni, servis va taassurotlarni muhokama qilishi, yuzaga kelgan muammoni aniqlab, birgalikda yechimini topishi kerak. Odatda ikki marotaba brifing o‘tkaziladi: - ertalabki, nonushtadan keyin, unda gid guruhni oldinda kutayotgan hodisalar, xavfsizlik choralari, yo‘ldagi sanitar to‘xtash joylari, marshrutda o‘zini tutish qoidalari haqida qisqacha eslatib o‘tadi; - kechki, ovqatdan keyin, unda kunning natijalari umumlashtiriladi, zaruriy holatlarda o‘zgartirishlar kiritiladi, hudud to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi(o‘lka tarixi, etnografiyasi, flora va faunasi). Turistlar (ekskursantlar) bilan ishlaganda gid qat’iyatli bo‘lishi, kerak bo‘lganda rad javobini ham bera olishi lozim. U odamlarni bir jamoa bo‘lib ishlashga yo‘naltirishi, muammo tug‘ilganda ular bilan alohida gaplashib olishi, nizo chiqarmasligi kerak. Gid har doim guruhning barcha a’zolariga bir xil munosabatda bo‘lib, barchani suhbatga chorlashi, o‘zini ko‘rsata olgan norasmiy liderlar bilan hamkorlikda ishlashi maqsadlidir. Eng asosiysi turistlarni (ekskursantlar) milliy hunarmandchilik, an’analar va madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga chorlashdir. Ular usta-hunarmandlarimiz yasagan suvenirlarni bajonidil harid qilishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |