MATNSHUNOSLIK VA MANBASHUNOSLIKDAGI MUSHTARAK QONUNIYATLAR
Ma’ruza rejasi:
1.Matn tarixini tiklashda manbalarning o’rni.
2.Matniy tadqiqda manbalararo ta’sir masalasi.
3.Matnshunoslik va manbashunoslik faoliyatining o’zaro uzviyligi.
Tayanch tushunchalar: Matnshunoslik va manbashunoslik, manba, matn, tekstologik tavsif, yondashuv.
O’quv mashg’ulotining maqsadi: Talabalarga matnshunoslik va manbashunoslikning o’ziga xos bog’liq jihatlari haqida ma’lumot berish
O’quv faoliyatining natijasi:
Talabalar matn tarixi tiklash qoidalari va bu jarayonda manbalarning ishtiroki xususida tushunchaga ega bo’ladilar.
Matnshunoslik va manbashunoslikning faoliyat chegaralari haqida muayyan tasavvur hosil qiladilar. Manbalararo ta’sir masalasidan xabardorlik hosil bo’ladi.
Ma’ruza matni:
Har qanday atamaning yasalishida so’zning lug’aviy ma’nolari negiz vazifasini o’taydi. Shu negiz atrofida muayyan tushuncha barqarorlashadi va yangi nom bilan atala boshlaydi. Fikr, qarash, yondashuvlarning o’zaro kelishuvi, shartlashuvi ostida sodir bo’ladigan bu jarayon ixtiyoriy tarzda kechadi. Misol uchun manba va matn so’zlarining istilohga aylanguncha davom etgan tadrijini kuzataylik. Arabcha “oqib chiqmoq”, “boshlanmoq”, “otilib chiqmoq”, “kelib chiqmoq” ma’nolarini anglatuvchi naba’a ( نَبَعَ) fe’lidan “oqib chiqish joyi”, “boshlanish nuqtasi” “buloq”ma’nosidagi manba ( مَنْبَع) so’zi yasalgan. Har qanday harakat, voqea-hodisaning boshlang’ich nuqtasi, avvali, boshiga nisbatan qo’llangan bu so’z ma’lum soha kishilarining ixtiyoriga binoan ijod mahsuli tushunchasida qarorlashdi va “manba” deyilganida muayyan asar (kitob) tushunila boshladi.
Mutolaa qilingan kitob o’z o’quvchilarida turli xil o’xshash va farqli fikrlarni uyg’otadi. Fikrlarning o’xshashligi qarashlarni, farqliligi yondashuvlarni yuzaga keltiradi. Bu jarayon bamisoli kitobdan kitoblar otilib chiqayotgan, asardan asarlar tarmoqlanib, toshib oqayotgan oqimga o’xshaydi.
Endi matn so’zi xususida to’xtaladigan bo’lsak, arabcha izohli lug’atlarda bu so’z “narsaning ustki, yuza qismi” deb ta’riflangan. Masalan, erning ustki qattiq qismi (متن الارض), yo’lning o’rtasi (متن الطريق), kitob sahifasidagi yozuvlarning hoshiya va sharhlardan xoli asosiy qismi38 (متن الكتاب) matn so’zi bilan ifodalangan. Shunindek, bu so’zning “mustahkam; pishiq” kabi sifat ma’nosida kelgan turi ham mavjud. Tilimizga o’zlashgan matonat, metin so’zlari ham matn bilan o’zakdoshdir.
“Adabiyotshunoslik terminlari lug’ati”da tekst so’zi “avtorning asl so’zi, asarning qo’lyozmasi yoki nashr etilgan nusxasi”39, “Slovar-spravochnik lingvisticheskix terminov» kitobida “yozuv yoki nashrda aks ettirilgan nutqiy asar (bayon qilish”)40, “Hozirgi o’zbek tili faol so’zlarining izohli lug’ati”da “matn – mazmunan va mantiqan o’zaro aloqador bo’lgan gaplar yoki alohida olingan gap”41, “Tilshunoslik terminlarining izohli lug’ati”da “matn – yonma-yon harflar, yozuv orqali aks ettirilgan nutq, umuman, nutq parchasi; tekst”42 tarzida turlicha ifodalangan. Matn bilan teng ma’noda qo’llanadigan tekst so’zi lotincha textus so’zidan olingan bo’lib, “to’qima mato; to’qish; o’rish; chirmash; qo’shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Bu so’zning nisbatan kengroq va qamrovli izohini 2010 yil “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lug’ati”da ko’rish mumkin:
1)“Tekst – yozuvda qayd etib qo’yilgan nutq. Termin bu ma’nosida og’zaki nutqqa qarshi qo’yiladi;
2) nutqiy asar, jumladan, adabiy asarning yozma (harflar) yoki og’zaki (tovushlar) belgilar vositasida qayd etilgan konkret-hissiy (ko’rish yo eshitish) qabul qilinadigan tomoni. Bu ma’nodagi tekst matnshunoslikning ob’ekti sanaladi;
3) nutqiy kommunikatsiyaning nisbiy butunlik, yaxlitlik kasb etgan va nisbiy avtonomlik, alohidalik xususiyatiga ega eng kichik birligi, ya’ni adabiy-badiiy asar. Bu ma’nodagi tekstning mazmuni uni tashkil qilayotgan nutq birliklari, ularning o’zaro aloqalari bilangina cheklanib qolmaydi. Butun sifatida u muallif tomonidan muayyan nutqiy situatsiyada tug’ilgan, uning butun sifatidagi mazmun-mohiyati o’zidan tashqaridagi reallik bilan bog’liq holda voqe bo’ladi”43.
E’tibor berilsa, matn so’zining lug’aviy ma’nolari qaysidir darajada o’zak tushunchada qarorlashgan: “narsaning ustki, yuza qismi”, “aks ettirilgan nutq”, “yozuv orqali aks ettirilgan nutq”, “yozuvda qayd etib qo’yilgan nutq”. Bu ma’nolar asarning yozma yoki og’zaki belgilar vositasida qayd etilgan tashqi, ya’ni konkret-hissiy qabul qilinadigan tomonini aks ettirsa, tekst so’zining “pishiqlik, mustahkamlik, butunlik”ka dalolat qiluvchi lug’aviy ma’nolari esa matn tushunchasining ichki xususiyatlarini anglatadi.
Atama tushunchasini izohlashda gapni manba va matn so’zlari misolida boshlashimizga sabab, avvalo, mavzumiz adabiy manbashunoslik va matnshunoslik muammolarini o’rganishga bag’ishlangan. Qolaversa, butunni anglash uchun uning tarkibiy qismlari haqida to’laroq tasavvurga ega bo’lish anglash jarayonini faollashtiradi. Hodisa anglangani sayin maqsad oydinlasha boradi, muammo echimiga yo’l ochiladi.
Ma’lum adabiy asar bo’yicha tadqiqot olib borayotgan manbashunos o’zi o’rganayotgan ob’ektning yaxlit butunlik sifatida yuzaga kelishiga sabab bo’lgan ta’sirlar zanjirini tiklaydi, tadqiq etilayotgan asarning bu silsiladagi o’rnini belgilaydi, xalqalar orasidagi munosabatlarning umumiy qonuniyatlarini aniqlaydi. Manbashunoslik tadqiqi mana shu uzluksiz jarayon ichida kechadi.
Yuqorida matnning tashqi, ya’ni yozuvda ifodalanishi haqida so’z borib, asarning bu jabhadagi tadqiqi matnshunoslik ob’ektida kechishi aytilgan edi.
Shu jihatdan matnshunoslik ilmida o’rganiladigan matn tilshunoslikdagi matn tushunchasidan farqlanadi.44 Matnshunoslikda har qanday yozuv matn sanaladi. Muayyan matnning paydo bo’lishidan to oxirigi holatigacha davom etgan jarayon matn tarixini tashkil qiladi. Aksar matnlar ma’lum vaqt mobaynida sub’ektiv (muallif, kotib, nashrga tayyorlovchi, muharrir) va ob’ektiv (ijtimoiy) omillar ta’sirida o’zgarishga uchraydi. Matnshunosning vazifasi mana shu o’zgarishlarni aniqlash, ularni tarixiy, ilmiy dalillar bilan asoslash va shu yo’l bilan asl matnni tiklashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |