Yangi elektr hisoblagichlar qanday afzalliklarga ega?
.
Avvalgi hisoblagichlarda sanoqli ma'lumotlar jamlangan bo'lsa, tizimga ulanganlarida 40 taga yaqin ma'lumotni ko'rish imkoniyati mavjud bo'lib, xonadon sohibiga taxminan 25 yilgacha xizmat qilishi ko'zda tutilgan.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz aholining kundalik ehtiyojlari uchun eng zarur manbalardan hisoblanadi. Ulardan samarali foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish esa aholining ham vaqtini, ham naqdini tejashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz raisligida 14-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish avtomatlashtirilgan tizimlarini toʻliq joriy etish masalalari tahlil etildi. Joriy yilning 28-sentyabrida Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qoʻyilgan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida ayni vaqtga qadar joylarda qariyb 4 million dona elektr hisoblagich oʻrnatilib, ulardan 2 milliondan ortigʻi joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizimga ulandi. Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yil yakunigacha yana 3,5 million dona shunday hisoblagich oʻrnatilib, 2021-yil 1-martga qadar elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini toʻliq ishga tushirish koʻzda tutilgan. Mazkur jarayonlar 2021-yil 1-yanvardan boshlab elektr energiyasi hisobini toʻliq yoʻlga qoʻyish, toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq undirishni taʼminlash, tizim orqali aniqlangan xatoliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish ishlarini tashkillashtirish kabi vazifalarni amalga oshirish bilan bir vaqtda olib boriladi.
Oʻz-oʻzini nazorat qiladigan “aqlli” hisoblagichlar Avtomatlashtirilgan tizim inson omili taʼsirisiz hisoblagich koʻrsatkichlarini qayd etish, qarzdorlik mavjud boʻlganda tarmoqdan ajratish, bartaraf etilgandan keyin unga qayta ulashning avtomatlashtirilgan mexanizmidir. Bugungi kunda isteʼmolchilarning mavjud elektr hisoblagichlarini joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazishning imkoni yoʻq. Shu bois, respublikamizda yangi tizimga mos keluvchi elektr hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Amaldagi elektr hisoblagichlarni yangisiga almashtirishda aholidan hech qanday ortiqcha xarajat talab qilinmaydi. Ularni olib borib, oʻrnatib berish ishlarining bari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xodimlari tomonidan bepul amalga oshiriladi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 522 million AQSH dollariga teng. Uning ilk bosqichi Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilib, 150 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilgan va Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshirilmoqda.
Respublika boʻyicha elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini toʻliq joriy etish uchun joriy yil yakuniga qadar 7 million 418 mingta elektr hisoblagich oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar bu reja 54 foizga bajarildi.
Hisoblagichlarni oʻrnatish bilan parallel tarzda ularni avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlari ham olib borilyapti.
Yangi elektr hisoblagichlar haqida aniq tasavvurga ega boʻlmagan ayrim fuqarolar orasida uning oʻrnatilishidan norozi boʻlayotganlar ham uchrab turibdi. Ammo qurilma nafaqat tizim mutaxassislari, balki aholi uchun ham foydalanishda qulay va bir qator afzalliklarga ega.
— Elektr energetikasi sohasida hisob-kitobning yoʻqligi, debitor qarzdorlikning yildan yilga oʻsib borishi tizimni tubdan isloh qilish, mavjud elektr hisoblagichlarni avtomatlashgan turdagilariga almashtirish zaruratini yuzaga keltirdi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi .