Zamonaviy san’at turlari
Texnikaviy yutuqlar asosida vujudga kelgan zamonaviy san’at turlari insonning har qanday qulay sharoitdan Yangi san’at turi yoki asarlarini yaratish uchun foydalanishini ko’rsatadi, insondagi san’atga bo’lgan azaliy va abadiy intilishidan dalolat beradi. Bir paytlar, o’ta rastional, san’at bilan sig’ishmaydigan, qo’pol deb hisoblangan texnikadan hozirgi paytda inson ildizi norastionallikka borib taqaladigan badiiy qiyofa yaratish uchun foydalanmoqda. SHuning natijasi o’laroq, keyingi bir yarim asr ichida bir necha zamonaviy (texnikaviy) san’at turlari paydo bo’ldi va rivojlandi. Endi shularni qisqacha ko’rib o’tamiz.
Fotosan’at. XIX asrning 20-30-yillarida franstuzlar J.Nens, L.Dager, ingliz U.Tolbot tomonidan shahar manzaralari, mevalarning rassomlik san’atidagi ko’rinishlarini optika va kimyo yordamida suratga ko’chirish amalga oshiriladi. Uni dastlab «fotogeniya», «fotogenik san’at» deb, keyinroq esa, uni rassomlik san’atidagi rangtasvir va grafikaga yaqinligi nazarda tutib, «fotografiya» degan nom bilan atashdi. Muhimi shundaki, suratga tushirishni badiylashtirish, fototexnika asosida san’at asari yaratish boshlandi. Ayni paytda, endi rangtasvirning kuni bitdi, degan, shoshib aytilgan fikrlar ham o’rtaga tashlandi.
Lekin tez orada uni rangtasvirning raqibi emas, balki janrlaridan biri sifatida qabul qilish odat tusiga kirdi. Nihoyat, XX asrning dastlabki yillaridayoq u o’ziga xos tasviriy imkoniyatlarga ega alohida san’at turiga aylandi. Ayniqsa chex foto san’atkori Frantshek Drtikol (1883-1961) ijodi jahon madaniyatida alohida iz qoldirdi. U badiiy suratkashlikning Rafeli degan nom oldi.
Keyingi davrlarda, fototexnika taraqqiyoti natijada, A.Stilist (AQSH), E.Atje (Franstiya), A.Jumaev (O’zbekiston), M.Rodchenko, (Rossiya) v.b. badiiy suratkashlik san’ati namoyandalari asarlari har qanday rangtasvir bilan bellashadigan darajaga ko’tarildi. Bu san’atkorlarda endi, Drtikoldan farqli o’laroq, rangtasvir uslublaridan foydalanish o’rnini bir lahzalik fototasvirning ifodaviy vositalaridan kelib chiqqan holda, fotosan’atga nurtasvir san’ati sifatida qarash ijodiy tamoyil tusiga kirdi. Bunda suratkash lahzalik sahnaning rejissyori bo’lishi, ob’ektdan badiiy qiyofaga aylanishi mumkin bo’lgan xusususiyatni topishi, eng mos rakkurs va suratga olish nuqtasini tanlashi, kompozistion miqyosni ilg’ashi muhim. O’shanda fotosan’atkor «mangu lahza»ni tasvirga tushirishga, ya’ni lahzani mangulashtirishga erishishi mumkin.
Badiiy suratkashlikning, ya’ni nurtasvirning rangtasvirdan farqi va eng muhim belgisi – bu uning hujjatlilik xususiyati, undagi har bir suratga olingan hodisa real asosga ega. Rassom o’zi tanlagan syujet tasvirida tasavvur va xayolotga keng o’rin beradi, fotosan’atkorda bu imkoniyat yo’q, u tasvir ob’ektini real, hayotdagi holatida qanday bo’lsa, shunday suratga tushiradi. Lekin u ob’ektning «yalt» etgan jonli ko’rinishini topa bilishi va o’sha jonlilikni saqlab qoladigan nuqtadan turib ijod qilishi, ba’zan ob’ektning ishiga aralashishi, uni muayyan ruhiy yoki manzaraviy holatga kelishi uchun ko’maklashishi kerak bo’ladi. Biroq u rassomning erkin aralashuvi imkoniga ega emas. SHu bois biz fotosan’atda eng yuksak darajadagi jonlilikni ko’ramiz, tom ma’nodagi real borliqning qo’shig’ini tinglaymiz. Kinoshunos Z.Krakauer: «Fotografiya bilan bir qatorda kino ham materialni nisbatan qo’l tegmagan ko’rinishda etkazib beradigan yagona san’at turidir... Suratga tushirilgan tasvirni idrok etar ekan, tomoshabin ba’zan haqiqiy reallikning ovozini – «borliqning shivirini» tinglaydi», – deganida haqiqatni aytgan edi.207
Fotosan’atning ham turli janrlari mavjud, ularning ko’pi rassomlikdan «o’tgan»: portret, manzara, natyurmort v.h. Ammo har ikki san’at turidagi bir xil janr o’ziga xos tafovutga ega. M., portret janrida rassomlik san’ati har qanday syujetdan yiroq, o’z dunyosiga o’zi sho’ng’igan individual inson tasvirini beradi. Badiiy suratkashlikdagi portret esa aynan «odam ishtirokidagi syujetni» aks ettiradi, undagi individ o’z dunyosidan chiqib ketadi va o’zi ishtirok etayotgan jarayonning bir qismi sifatida gavdalanadi. Ya’ni fotosan’atda insonning o’zi emas, uning tashqi dunyoga munosabati birinchi o’rinda turadi.
Fotosan’atda montaj katta ahamiyatga ega. Montaj orqali badiiy qiyofa yaratish imkoni nihoyatda keng. Fan va texnikaning ravnaqi tufayli u «mo’’jizaviy» darajaga ko’tarildi. Hozirgi kunda tasvir tayyorlashning kompyuterlashtirilishi natijasida badiiy suratkashlik eng qamrovli san’atga aylanib bormoqda va boshqa san’at turlariga tobora katta ta’sir ko’rsatmoqda. Ayni paytda fotoreklama va fototanqiddagi o’ziga xos go’zallik hamda go’zallikka aylanishi kerak bo’lgan xunuklikning badiiy qiyofalar darajasidagi tasviri ham jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega.
Kino. Eng miqyosli zamonaviy san’at turi, bu – kino. Bugungi kunda u hamma erda «hoziru nozir». Uni kinoteatrlarda jamoaviy, televidenie va videomagnitafon orqali esa oilaviy yoki individual tomosha qilish mumkin. Hozirgi paytda kino o’zining dastlabki «harakatdagi fotografiya» holatidan shu qadar uzoqlashib ketganki, endi uning ovozsiz davridagi montaj dramaturgiyasiga suyanib qolgan san’at sifatida tasavvur ham qilish qiyin. Hozir aktyorlar yaratgan, murakkab psixologizmga asoslangan badiiy qiyofalar, adabiy sstenariy zaminida ekranlashtirilgan real hayotni badiiy aks ettiradigan davomli, ko’pchiziqli syujet birinchi o’rinda turadi. Kinoda teatrdagidek dinamik dramatizm hamda uning asosini tashkil etgan harakat, harakat va yana harakat (bunda fikriy harakat ham nazardan qochirilmasligi lozim) asarning moyasini tashkil etadi. Biroq kino, teatrdan farqli ravishda, kadrlar orqali zamondan-zamonga «sakrab» o’tish imkoniga ega, biroq bu «sakrash», agar film rejissurasi puxta bo’lsa, tomoshabinga sezilmaydi, u hozirgi voqealarning ibtidosi, sababchisi – avval bo’lib o’tgan voqealar ekanini his qilib turadi. Chunki o’tgan voqealarning eng muhim, qahramonlar taqdirini belgilaydigan holatlari kadrlarda bugungi voqealar bilan tabiiy ulanib ketadi, ya’ni kecha – bugunga, bugun – kechaga o’tib turishi ekran imkoniyati doirasidagi «oddiy gap», kino san’ati usullaridan biri. Sahnada esa bunday imkoniyat yo’q, unda mazkur holatlar tomoshabinga to’g’ridan-to’g’ri emas, balki dekorastiya va musiqa o’zgarishlari yordamida aktyorlar monologlarida, ba’zan diologlarida nutq (so’z) orqaligina shartli ravishda etkazib beriladi.
Ekranning imkoniyatlari, haqiqatan ham nihoyatda keng: u rassomlik, teatr, adabiyot, stirk, musiqa, estrada v.b. san’at turlaridan bemalol foydalana oladi, ularning zarur jihatlarini o’ziga «qo’shib oladi». Bundan tashqari kinoda kinematografiya tili bilan aytganda «plan»lar bor: umumiy. o’rta, yirik M., umumiy planda film qahramonlari yoki asosiy ob’ekt atrof-muhitdan alohida ajratib olinmaydi, umumiy tasvirning bir qismi sifatida, o’rta planda – u ajratib, lekin atrof-muhit unga fon sifatida xizmat qilgan holda tasvirlanadi. Yirik planda esa qahramon yoki ob’ektning faqat eng muhim tomonlari – inson yuz-ko’zi va undagi ruhiy evrilishlar yoki, deylik, bayroqning butun ekranni tutib hilpirashi kabi holatlar «tomoshabinga qarab keladi». Bunda va umuman, kinoda rejissyor g’oyasi bilan birga tasvirchi – operatorning roli katta. Agar muqim suratga olishda asosan rejissyorning «degani-degan» bo’lsa, harakatdagi kamera orqali tushiriladigan tasvirlarda tasvirchining mahorati, tajribasi, ijodiy fikrlash qobiliyati muhim. SHu bois iste’dodli tasvirchilarning keyinchalik taniqli rejissyorlarga aylanganini kino tarixida uchratishimiz mumkin. Mashhur rejissyor Malik Qayumov ko’p yillar tasvirchi bo’lib ishlagani bunga misol bo’la oladi.
Jahon kinosi bilan deyarli bir vaqtda vujudga kelgan, Hudoybergan Devonov asos solgan o’zbek kinematografiyasi bugungi kunda katta tarix va salohiyatga ega. N.G’anievning «Tohir va Zuhra», K.YOrmatovning «Alisher Navoiy» kabi filmlari kino san’atidagi mumtoz asarlar hisoblanadi. Bugungi kunda xususiy kinostudiyalarning ko’plab vujudga kelishi, ijod erkinligi tufayli o’zbek kinosi ravnaqi uchun har tomonlama etarli sharoit mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |