4. Tarixiy o‘lkashunoslikda maktab muzeyi va uning o‘rni. Maktab muzeyi sohasini tanlash. Maktab muzeyi sohasini tanlab olishda maktab yoshlar tashkilotlari va o‘qituvchilar jamoasi hamda ota-onalar kengashi uning g‘oyaviy-siyosiy va ta’lim-tarbiyaviy vazifalarini hisobga olishlari kerak.
Maktab muzeyiga asosiy soha qilib madaniyat obidalari va tarixiy joylar tanlab olinsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda bevosita yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, o‘z o‘lkasidagi mavjud tarixiy, moddiy va ma’naviy yodgorliklarni qidirib, u yerlardan muzey uchun yaroqli bo‘lgan arxeologiya, etnografiya, toponimikaga oid topilmalarni muzey fondiga topshirish va shu yo‘l bilan eksponatlar sonini ko‘paytirish mumkin.
Bunda o‘lkashunos rahbar-o‘qituvchi ma’lum hududni tanlab olishi va tadqiqot olib boradigan mahalla, qishloq, tuman va shaharlarni aniq chegaralab qo‘yishi zarur. Ayrim hollarda maktab muzeyi faqat maktab tarixini o‘rganish bilangina chegaralanib qoladi. Bunda, albatta, maktabning qadimgi hayoti, arxeologiyasi, etnografiyasi va toponomikasiga oid materiallari bilan ham qiziqish kerak. Shu bilan birga o‘sha hududda yashab mehnat qilgan, hozirda ham ishlab turgan xalq qaxramonlarining va mehnat qaxramonlarining, fuqarolar urushida va ikkinchi jahon urushida qatnashgan kishilarning faoliyatiga oid materiallar muzey fondlaridan joy olishi lozim.
Muzeyning xronologik davri yoki ramkasi ham har xil bo‘lishi mumkin. Muzey o‘rganish ob’ekti qilib olgan hududning eng qadimgi davridan to 1917 yilgacha bo‘lgan davrini o‘rganish ham mumkin, undan keyingi davrdan to 1991 yil mustaqilikkacha bo‘lgan davrni yoki mustaqillik davrini o‘rganish mumkin. Juda ko‘pchilik maktablar o‘lkashunoslik sohasini tanlab to‘g‘ri qiladi. Bu narsa birinchidan, maktab muzeyini tashkil etishda va turli-tuman materiallar to‘plashda qulaylik tug‘dirsa, ikkinchidan, bu sohada muzey uchun istalganicha o‘quvchilarning bevosita yordamida o‘z o‘lkalarining madaniyat tarixini, ya’ni arxeologiyasi, etnografiyasi, toponimikasi va arxiv hujjatlarini yig‘ish imkonini beradi. Uchinchidan, bu ishga o‘quvchilarning hoxishlari va istaklari katta bo‘ladi.
To‘rtinchidan, u boshqa fanlar bilan, ya’ni tarix, inson va jamiyat, geografiya, adabiyot, tilshunoslik fanlari bilan yaqin aloqada bo‘ladi, bu esa muzey materiallarini ko‘p miqdorda topishga imkon beradi.
Mabodo maktab sharoiti uchun qadimgi davrni o‘rganish qiyinchilik tug‘dirgunday bo‘lsa yoki material topilmasa, oshkoralik, demokratiya, tarixni ro‘y-rost yoritish keng avj oldirilgan hozirgi davrni o‘rganish va shu haqda material to‘plash, mana shular asosida muzey tashkil qilish ham mumkin.
Shunday qilib, maktabda tashkil etilgan tarix va o‘lkashunoslik muzeyi va unga qo‘yilgan eksponatlar maktab o‘quv ta’lim-tarbiya talablariga to‘liq javob berishi kerak.
Maktab muzeyi yuqorida aytilgandek, avvalo yoshlar hamda o‘qituvchilar jamoasining, o‘qituvchilar va keng jamoatchilikning faol ishtirokida tashkil etiladi. Muzey tashkil etish uchun avvalo materiallar yig‘ish, hujjatlar to‘plash va ularni o‘rganish zarur. Muzey tashkil etish ishining tashkilotchisi o‘lkashunos-tarixchi o‘qituvchi bo‘lishi shart. Maktab o‘lkashunosligini avvalo o‘quvchilarning o‘zlari tashkil etadi. Shuning uchun ham bu ish jamoatchilik asosida boshqariladi.
Maktab muzeyini tashkil etish uchun avvalambor quyidagi tashkiliy ishlarni amalga oshirish lozim: muzey sohasi maktab o‘qituvchilari majlisida muhokama qilinib, unga rahbar tayinlanadi; muzey tashkil qilish masalasi yuqori sinf o‘quvchilari yig‘ilishlarida muhokama qilinadi. Yig‘ilishlarda o‘qituvchilar majlisida tayinlangan rahbar muzey tashkil qilish yuzasidan axborot beradi; o‘quvchilar yig‘ilishida muzey kengashi saylanadi. Ular vaqti-vaqti bilan muzey ishlari qanday borayotganligi haqida o‘quvchilar yig‘ilishida axborot berib turadi.
Ko‘pincha o‘lkashunoslik to‘garagi aa’zolari bu ishning tashabbuskori bo‘lishib, ular tarix va o‘lkashunoslik bo‘yicha tashkil qilingan sayohat va ilmiy safarlarda to‘plangan kolleksiyalari, arxeologiya, etnografiya, toponomiyaga oid materiallarni maktab muzeyiga eksponat sifatida topshiradilar. Bu materiallar muzey fondiga aylanadi. Muzey kengashi har yili saylanadi. Uning tarkibida 10-13 kishidan iborat faqat a’lo o‘qiydigan va shu ishga juda qiziqadigan jamoatchi a’zolari bo‘ladi. Bular o‘rtasida ishlar quyidagicha taqsimlanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |