4. Farg‘ona vodiysidagi qishloq, shahar nomlarining kelib chiqish tarixini dars jarayonida o‘rganish. Ko‘pgina ko‘hna va yangi qishloqlar, tumanlar va shaharlarning nomlari shu joylarning o‘rtasi yoki yonidan oqib o‘tuvchi ariq, kanal, soy va daryolar nomini olganligi azaldan ma’lum. Masalan: Shahrixonsoy Farg‘ona vodiysining deyarli ko‘p qismi suv bilan ta’minlaydi.
Bu soy bir qancha shahar va tumanlarning ekin maydonlarini sug‘oradi. Ana shu ulkan soy sohilida qad ko‘targan shahar Shahrixon shu soy nomi bilan ataladi. Quvasoy ham shu vodiyning, xususan Farg‘ona viloyatining ko‘pgina tumanlarini sug‘oradigan suv arteriyalaridan biridir.
Bu soy sohilida bunyod etilgan shahar ham shu soy nomi bilan Quvasoy shahri deb nomlangan.
Bunday toponim nomlar juda ko‘p bo‘lib, eng muqobil bo‘lgan ayrim nomlarinigina toponimikasiga to‘xtalib o‘tamiz:
Andijonning Andijon deb nomlanishi xuddi shahar tarixi singari moziyning eng olis qatlamriga borib taqaladi. Uning nima uchun bunday deb atalishi barchani birdek qiziqtirishi tabiiy, albatta. Keling, dastlab Andijon nomining kelib chiqishini asrlar osha tildan-tilga o‘tib kelgan afsona va rivoyatlar asosida ko‘rib chiqsak, so‘ng yozma manbalarga, tarixchi olimlarimizning ilmiy xulosalariga e’tiborni qaratsak.
Yuqorida aytganimizdek, xalq orasida Andijon atamasining kelib chiqishi bilan bog‘liq ko‘plab afsona va rivoyatlar mavjud. Ular turli davrlarda yaratilgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib, asl mohiyatini yo‘qota boshlagan. Ana shunday afsonalardan birida Andijon nomining kelib chiqishi afsonaviy Turon podshosi Afrosiyobga borib taqaladi. Uning og‘ir xastalangan qizi Odinajon Taxti
Sulaymon etagidagi tog‘li vodiyga kelib darddan xalos bo‘ladi. Qizining shifo topgani sharafiga Afrosiyob O‘sh soyining quyi oqimidaga ushbu mo‘zikor go‘shada o‘rda barpo etib, atrofini bog‘urog‘lar bilan o‘raydi. Odinajonni uzoq muddat bu diyorda qoldirgan Afrosiyob «Qoldi anda jonim mening» degan ekan. Keyinchalik Odinajon ismi xalq tilida Andijon atamasiga aylanib qolgan degan tushuncha mavjud.
Yana bir rivoyatda Andijon toponimining kelib chiqishi qadimda bu yerda yashagan «And» qabilasi, ya’ni hindlar bilan bog‘lansa, boshqa bir rivoyatda shahar nomi unga ilk poydevor qo‘ygan shaxs-Andi ismidan kelib chiqqan deyiladi.
Turli davrlarda tarixchi olimlar, mutafakkirlar, geograflar tomonidan Andijon toponimikasining kelib chiqishi bo‘yicha qator tadqiqotlar olib borilgan. Masalan, chorizmning O‘rta Osiyoga qilgan xarbiy yurishlarida qatnashgan rus tarixchisi Vladimir Petrovich Nalivkin «Andijon» so‘zi hozirgi shahar hududida yashagan «andi» qabilasi nomidan olingan deb ko‘rsatadi. U «Andi» so‘ziga «gon» qo‘shimchasining qo‘shilishi bilan «Andigon» yasalgan va keyinchalik bu Andijonga aylanib ketgan degan naqlni keltiradi. Biroq 92 ta o‘zbek urug‘i ro‘yxatida «Andi» deb nomlangani uchramaydi.
Andijon ilk bor yozma manbalarda arab sayyohlari Ibn Xavqal va Muqaddasiy asarlarida Andukan shaklida qayd etilgan. Jumladan X asrda yashab o‘tgan arab geografi va sayyohi Ibn Havkal Andijon shahri to‘g‘risida shunda yozgan: «Dehqonchiligi rivojlangan shahar, iqtisodiy va siyosiy jihatdan ham rivojlangan, katta hunarmandlar shahri Andukan».
Demak, Andijon arab xalifaligi davrida Andukan deb atalgan. Andijon shahrining qadimiyligi va uning toponimi xususida Ibrat yuqorida qayd etilgan «Tarixi Farg‘ona» asarida quyidagi fikrlarni ilgari suradi: «Andijon avvalda Andigon bo‘lib, arabiyga olganda Andijon bo‘lur, chunonchi, «qofi» forsiy arabda «jim» o‘qilur. Mana, farangi lafzi arabda afranji, bangni banch. Kofi forsi arabda «j» bo‘lib, Andigon arab lafzalarida Andijon bo‘lgan bo‘lsa kerak. Ozarboygon arabda Ozarbayjon yoziladur va o‘qiladur. Shunga o‘xshash Andijon lafzi asli Andigon bo‘lsa kerak.»
Mashhur tarixchi, sharqshunos, akademik Vasiliy Vladimirovich Bartold ko‘plab qo‘lyozma asarlarni chuqur tahlil qilib Andijon haqida shunday yozadi: «XII asr oxiri - XIII asrda Farg‘ona vodiysining yangi poytaxti Tuva va Haydu tomonidan bunyod etilgan Andijondir. Shahar arab geograflari tomonidan Andukan deb nomlanib... boshqa bir uyg‘ur hujjatida Sulton Umarshayx davrida Andigan deb nomlangan».
Yana bir taniqli tarixchi olim A. Nabiev o‘z tadqiqotlarida IV asrdan V asrgacha Andukan, XII asrdan to XIX asrgacha Andijon deb yuritiladi, degan xulosaga kelgan.
O‘rta asrlar (IX-XVI) davri tarixini yorituvchi bir necha yozma manbalar bor. Shahar nomi X asrdan keyingi yozma manbalarda «Andukan», «Andugan», «Andigan», «Andikan» ko‘rinishlarida uchraydi. Andijon toponomikasi xususida ko‘plab fikr va mulohazalar bor. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘at ut-turk» asarida «Azg‘ish(Adg‘ish)» joy nomi deyilgan. Bularning barchasida «ad» o‘zagi bo‘lib, u «adoq», «azoq» ma’nosidagi o‘zbeklarning 92 urug‘idan birining qadimgi turkcha nomidan kelib chiqqan, deb yoziladi. Taniqli tilshunos olim, Andijon farzandi professor Sobirjon Ibroximov 1967 yili «Fan» nashriyotida chop etilgan «O‘zbek tilining Andijon shevasi» (Fonetika va morfologiya) birinchilardan bo‘lib Andijonning nomlanishini haqida shunday yozgan: «Mahmud Qoshg‘ariy Qadimgi Farg‘onada, jumladan, O‘zgan shahrida yashovchi turkiy aholining etnik tarkibi chigillardan iboratligini yozganda O‘zgand va unga yaqin Azg‘ish shaharlarida arg‘ular ham yashashlarini ko‘rsatgan. U davrlarda O‘zgandga yaqin shaharlar O‘sh va Andugon edi. Azg‘ishning O‘sh bo‘lishi mumkin emas. Shayxi Sulaymoni Buxoriy o‘zning ( «Lug‘oti chig‘atoyi va turki usmoni») nomli lug‘atida (1881 yil) Adoq so‘ziga: «Turkistonda voqi’ Andijon shahrining nomi qadimiysidir» deb izoh bergan. Professor S. Ibroximov shunday yozgan: «Toponomik nomlarda bunday fonetik o‘zgarish ko‘p uchraydi: Guruch mozor (asli Gurof nomli bir rus mutaxassisining qabri), Hakan (Xoqon), Jalavek (Jalolbek), Olamaydon (Alimaydon) kabi. Bular Andijon atrofidagi qishloq, joy nomlaridir...» S.Ibroximov shunday yozadi: «Bunda Adoq bilan Azg‘ish, Adg‘ishning Ad o‘zaklari bir-biriga munosabatli ko‘rinadi. Shunga ko‘ra Mahmud Qoshg‘ariy aytgan Azg‘ish shahri Andijon (Andugon bo‘lmog‘i, A(n)dgon) A(n)di yoki A(n(du)gon o‘sha Az(Ad)g‘ishning fonetik varianti bo‘lishi mumkin.»
Oradan 26 yil o‘tib tarix fanlari nomzodi, Andijon davlat universiteti fahriy professori S.Jalilov 1993 yili «Bobur va Andijon» risolasida, 38 yil o‘tib esa 2005 yilda «XV-XVI asr boshlarida Farg‘ona va Andijon. Madaniyat va ma’naviy hayot» kitobida aynan S.Ibroximov fikrlarini takrorlagan. Masalan, S.Jalilov: «Shaharning Andijon yoki Andigon deb atalishi masalasiga qaytsak, bu atama qabila, urug‘ nomidan olinmay, balki boshqa biron qadimiy joyning yoki ma’lum kasbdagi kishilar guruxining nomi bo‘lishi mumkin, degan mulohazada jon bor» – deya shunday yozadi: «1881 yili Istanbul shahrida Shayx Sulaymon Afandi O‘zbakiy-Buxoriyning «Lug‘oti chig‘atoyi va turki usmoni» nomli lug‘ati nashr etilib, unda «Adoq» so‘ziga shunday ta’rif berilgan: «Adoq–Turkistonda voqe’ Andijon shahrining nomi qadimiysidir».
So‘ng ushbu so‘z ta’rifiga quyidagi she’riy misol keltirilgan. Yuz-ikki yuzcha kishi birla qazoq, Ki biri Xorazm erdi, biri Adoq.
Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘atit turk» asarida «Azg‘iz»(yoki «Adg‘ish») joy nomiga izoh berilib, u O‘zganning g‘arb tomonida, deyiladi. Til tarixi tadqiqotchilari bu so‘zlarning barchasida bitta ad o‘zagi bo‘lib, u adoq, adg‘ish, azg‘ish ma’nosida urug‘ nomini bildirishini ma’lum qilishgan.
«Tuhfat at tavorixi xoni» nomli qo‘lyozma asarida keltirilgan 92 ta o‘zbek urug‘i ro‘yxatida azoq nomi bor. Ushbu urug‘larning Sergey Abramzon tuzgan ro‘yxatida esa adoq(azoq) deb berilgan. Tilning fonetik qoidasiga ko‘ra, so‘z talaffuz etilayotganda uning ayrim harflari o‘zgarishi, almashinib ketish xodisasi bor. Chunonchi; adoq-azoq-ayoq, azg‘in–arg‘in, qadoq-qazoq, quzuq-quduq kabi.
Shunga ko‘ra S.Jalilov fikricha, Andijonning hozirgi nomi aslida Andigon bo‘lib, ad o‘zagiga keyincha talaffuzda k va.n harfi qo‘shilgan. So‘ngra A(n)dgon yoki A(n)digon shakliga kelib qolgan. Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining mashhur «Devoni lug‘at ut-turk» asarida Andijon shahriga qadimda Alp El Arslon asos solgan, degan ma’lumotni keltirgan .
Endi e’tiboringizni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi Abdulaxat Muhammadjonovning «Buyuk ipak yo‘li va «Farg‘ona» gidrotoponimining etimologi haqida»gi ilmiy maqolasiga qaratsak. Ushbu maqola olimning 2004 yili «Buyuk ipak yo‘li va Farg‘ona vodiysi» mavzuida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida o‘qilgan ma’ruzasidan olingan bo‘lib, unda Farg‘ona shahri bilan bir qatorda Andijon toponimini ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilib bergan. Agar yana tarixiy yozma manbaalarga murojaat qiladigan bo‘lsak, arab geograf olimi Ibn Havqal 977-78 yillarda yozgan «Kitob suratal-Ard (Yerning sur’ati kitobi)» kitobining «Movarounnahr» qismidagi «Farg‘ona viloyatlari» bo‘limida boshqa shaharlar bilan bir qatorda Andukan ham tilga olingan. Arab tilidan tarjima qilgan va izohlarni tuzib chiqqan professor Sh.S. Kamoliddinov Andukonni sharhlab va izohlab shunday yozgan: Andukon–XII asrda qishloq sifatida qayd etilgan (as-Sam’oniy 1:364; LACUT) So‘nggi asarlarida uning nomi Andijon (Bobur-name: 29,30,40,153,206;Mahmud ibn Vali), tangalarda esa Andikon yoki Andigon shaklida qayd etilgan (Shpeneva 1991: 207; To‘xtiev 2006:68). Bu shahar nomining ikkinchi qismi eroniy kon (gon) jon -»suv», «daryo» so‘zidan yasalgan. Uning birinchi qismi haqida bir nechta fikrlar aytilgan. Bir fikrga ko‘ra, u turkiy andi/andu etnonimidan (Obzor, 1901: 42:) Xasanov 1965: 43; Istoriya 1980:7) yoki andi–»orol» so‘zidan yasalgan (Turg‘unov 1987: 130-136). Boshqa fikrga ko‘ra «do‘st tutunish», «aka-uka tutunish» (Ahmadaliev 1997:24) yoki «suv bo‘yidagi shahar» ma’nosini bildiradi (Muhammadjonov 2002: 23). Yana bir fikrga ko‘ra bu nom lug‘dcha–»hind» so‘zidan yasalgan bo‘lishi mumkin ( Lure 2004:69). Bu shahar hozir ham o‘zining qadimgi nomini saqlab qolib, Andijon deb ataladi (Abdulg‘ozieva 1990: 91-96; Abdulgazieva, Abdullaev, Matboboev 2002: 4-12; Abdulg‘ozieva 1994: 28-29) u haqda yana qarang: al-idrisi; 707; Vorojeykina 2002: 37; Bartold 1965: 326.
Zahriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» kitobida «Andijon» deb uch xil shaklda yozilgan. Ko‘rinib turibdiki, «Andijon» toponimi ikki o‘zakli so‘z bo‘lib, «Anda» so‘zi qadimgi turkmo‘g‘ul tilida «yaqin», «do‘st», «tutingan birodar» kabi ma’nolarni bildiradi. Keyingi bo‘g‘indagi «jon» leksemasi «daryo» yoki «soy» ma’nosini anglatadi.
Shunday qilib, soy bo‘yi ma’nosini anglatgan Andijon shahri qadimda «hindular» deb talqin etilgan «andi»lar tomonidan emas, Andijonsoy bo‘ylaridan suv chiqarib o‘z muzofotini obod etgan tub joy, andijonliklarning asriy mehnati bilan bino qilingan va Andijonsoy bo‘yi deb ma’nodor nom bilan ulug‘langan.
Jahon tamaddunida ulkan o‘rin egallagan «Buyuk ipak yo‘li» yo‘nalishidagi Andijon shahri qadimgi davrdan, bundan deyarli 2,5 ming yildan beri tarix sahnasida o‘z o‘rniga, boy va ko‘rkam o‘tmishiga ega bo‘lgan, kelajagi porloq va buyuk azim shahardir. U bilan o‘zini andijonlikman deb bilgan har bir inson har qancha fahrlansa, g‘ururlansa arziydi.
Farg‘ona-antik davr yunon olimlari bu viloyatdan deyarli bexabar qolganlar. Makedoniyalik
Iskandarning Xo‘jandgacha kelgani aniq. Ammo undan Sharqqa Farg‘onaning ichiga o‘ta olmagan.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, yunoncha kitoblarda qadimiy Farg‘onaning tavsifi yo‘q. U tomonda «Yaksart» orqasida alla qanday o‘troq aholi borligigina qayd etilgan xolos. Faqat ilk o‘rta asr adabiyotidagina Farg‘ona nomining ma’nosi shu choqqacha aniqlangan emas. Lekin bu haqida bir qancha izoh, tahlil va mulohazalar bor: Gerodotning yozishicha, qadim zamonlarda O‘rta Osiyoda
Parikan nomli qabila bo‘lgan, sanskrit tilida parkana deb kichik viloyatga aytiladi; parixona ya’ni «go‘zallar yurti» degan ma’nosi ham bor. Forscha parand (arabcha farand) – «shoyi», «ipak» so‘zlaridan kelib chiqqan (farandxona, ipakxona); qadimiy fors-tojikchada pargona – «tog‘ oralig‘idagi vodiy» demakdir. Bu so‘zni mahalliy qabilalar o‘rganib olib, o‘z yurtlarini Farg‘ona deb atay boshlaganlar; Farg‘ona «Har xona» so‘zlaridan olingan ham deyiladi. Bu yerning yaxshiligini bilib, har joydan turli qavmlar ko‘chib kelgan, ekinzor barpo qilib, turg‘un bo‘lib qolgan. Xonadaonlari har joyda tillari ham har xil bo‘lgan. Ularni «Harxona» deganlar. Bu so‘zlar iste’molda Farg‘ona bo‘lib ketgan deydi Nojib Bakron (XIX asr boshlari) o‘zining «Jahonnoma» kitobida. Buni Yoqut Hamaviy boshqacharoq izohlaydi: har xonadan bittadan kishi ko‘chirilib keltirilgan, shundan «az har xona» (har xonadan) deyilgan, keyinchalik bu so‘z Farg‘ona bo‘lib qolgan, deydi u: Tojikiston tog‘lari (Turkiston, Zarafshon tizmalari) Falg‘or deb atalgan. Bu so‘zning «Tog‘ etagi» degan ma’nosi ham bor.
Shundan Farg‘ona nomi yasalgan deydi N.G.Malliskiy: parkana qadimgi tojik tilida «berk vodiy» degan so‘z Pomirdagi rushon shevasida parkana deb «har tarafi tog‘, bir tomoni ochiq bo‘lgan vodiyga aytiladi» deydi professor M.S.Andreev.
Zahiriddin Muhammad Bobur Farg‘ona viloyatini tasvirlar ekan M.S.Andreev aytgan rushoncha iborani o‘zbekcha bayon etgan: «Girdogirdi tog‘ voqe’ bo‘libtur. G‘arbiy tarafidan tog‘ yo‘qtur. Ushbu janubtin o‘zga hech jonibtin qish yog‘i kela olmas». (Boburnoma).
Antik davr tarixchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, parfiyaliklar (Janubiy Turkmaniston) bir zamonlar skiflar orasidan quvilgan qabila edilar, parf so‘zi skiflar «quvilgan kishilar demakdir... ularning kiyimi tiniq (ipak) va burmalardir... ko‘pgina ot minib yuradilar... prafiliyaliklarning birdan bir kuchli otliq askarlardir».
Davan (Parkana) bilan Ansi (Parfiya) shevalari o‘rtasida ancha farq bo‘lmasada, ularning tili
xiyla o‘xshash va ular gaplashganda bir-birini tushunadilar. Parf qabilasining ko‘p xususiyatlari Farg‘onada ham bor: yaxshi otlar, ipak kiyimli, til o‘xshashligi. «Farg‘ona» nomi parfiyona-ParfonaFarg‘ona tarnsforamatsiyasi bo‘lmaganligini, degan fikr ham hayolga keldai.
Ammo yuqoridagi 10 ta izohning birortasini ham qat’iy deb aytala olmaymiz. Faqat shunisi aniqki, bu viloyatning eng dastlabki nomi Farg‘ona yoki parfona bo‘lganligini yirik Sharqshunos V.A. Livщis isbotlab bergan.
Namangan-Farg‘ona vodiysining go‘zal shaharlaridan biri. Namangan soy, Yangi ariq va Shimoliy Farg‘ona kanalidan suv ichadi. Namangan haqidagi dastlabki ma’lumotlar Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» kitobida tilga olinadi. Namangan qishlog‘i «tuz koniga» yaqinligidan «Namak kon» deb atalgan. Keyinchalik bu nom o‘zgarib Namangan bo‘lib ketgan. Novmakon (yangi joy) degan rivoyat ham bor.
Shaharning vujudga kelishiga qadimgi Axsikent shahridan ko‘chib kelgan aholi ham ta’sir qilgan bo‘lsa kerak. Axsikent shahri Namangan yaqinida Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘ida bo‘lgan. U
1620 yilgi zilziladan yakson bo‘lib ketgan. Namangan shahrining rivojlanishida Norin daryosidan 1819-1822 yillarda o‘tkazilgan Yangi ariq kanali katta rol o‘ynaydi. Bu yerda hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlanadi. 1842-1845 yillarda shahar yangi devor bilan o‘raladi. Farg‘ona viloyati tuzilgach, Namangan uning uezd shaharlaridan biri bo‘lib qoldi. 1877 yili yangi shahar qurilishi boshlanadi. Bu yerda dastlab Andijon va Farg‘ona shaharlaridagi singari qo‘rg‘on qurilgan, yangi shahar uchastkasida harbiy mashqlar o‘tkaziladigan maydon shahar bog‘i va bozor uchun joy ajratilgan.
1894-1895 yillarda shahar aholisi 60 ming kishidan ko‘proq bo‘lgan. XX asr boshlarida Namangan temir yo‘l orqali Qo‘qon bilan bog‘lanadi. Shundan keyin paxta va yog‘ zavodlari paydo bo‘ladi.
Qo‘qon - bu so‘zning etimologiyasi haqida ham turli - tuman ma’lumotlar bor. Aytishlaricha shahar joylashgan hudud botqoqlik, qamishzorlardan iborat bo‘lgan va u yerlarda ho‘k (yovvoyi cho‘chqa)lar juda ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun u yerlarni cho‘chqalar ya’ni to‘ng‘izlar makonixo‘kkon deb atashgan. Keyinchalik bu so‘z Qo‘qon deyilgan. Ammo bu sohtadir. Akademik Kononov «Ho‘» so‘zi «shamol» ma’nosida keladi va Qo‘qon (Xo‘kand) «Shamol shahri», yershamol ma’nosida bo‘lishi mumkin deb ta’kidlaydi.
Dastlab «Hudud ul olam»da Xo‘kan, Xuvakand-xalq zich yashaydigan shaharcha deyilgan. Ibn
Havqal Muqaddasiy asarlarida Xo‘kand (Xuvakand) shakllarida qayd qilingan. «Boburnoma» da Xo‘qon viloyati deb tilga olingan. Hozirgi Qo‘qon shahri tarixiy Xo‘kand o‘rnida XVIII asrda o‘zbeklarning ming urug‘ boshlig‘i Shohruxbiy tomonidan barpo etilgan. V.V.Bartold shahar nomini adabiy jihatdan shakli Xo‘kand bo‘lib, Qo‘qon jonli tilda talaffuz etilishidir deb hisoblaydi.
Yuqoridagi olimlarning turli izohlaridan qat’iy nazar hozirgi kunga qadar Qo‘qon so‘zining etimologiyasi ilmiy asosda o‘rganilgan emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |