Minorai kalon (Katta minora), Arslonxon minorasi (Buxoro, 1127)
Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Muxandis va me’mor Baqo loyihasi asosida Qoraxoniy Arslonxon qurdirgan (1127). Minorai kalon o‘rnida avval ham minora bo‘lgan, u qulab tushgach, mustahkam qilib qayta qurilgan. Poydevori tosh va maxsus qir qorishmasidan terilgan. Yer sathidan 9 m chuqur, bal. 50,0 m, kursisi qirrador, tanasi g‘o‘lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa – ko‘shk bilan bog‘langan.
Minorai kalonning o‘zagi ham, bezagi ham chorsi g‘isht ganchxok loyida terilgan. Bezaklar orasida tarixiy va diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Shakllarning o‘zaro monandligi va mutanosibligi, handasiy uyg‘unlik, ajoyib ko‘rk va mahobatlilik Minorai kalonga chinakam go‘zallik bag‘ishlaydi. 1924 yilda binoning tanasi va muqarnaslari ta’mir etilgan. 1960 yilda esa yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib ta’mirlangan. Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan Minorai kalonda ta’mirlash ishlari olib borildi (1997). Minorai kalon Buxoro shahrining noyob va qo‘hna yodgorlikdari qatoridan markaziy o‘rin egallagan.
Vobkent minorasi (Buxoro, XII asr)
Buxoro viloyati Vobkent shahridagi me’moriy yodgorlik. O‘n ikki qirrali supa asosga o‘rnatilgan g‘o‘la (quyi qismining diametri 6,19 m, yuqori qisminiki – 2,81 m) shaklida rangdor, pishik g‘ishtlardan qurilgan. Bir paytlar yonida mavjud bo‘lgan masjid tomonidan kirib, yuqoriga aylanma zinapoya orqali chiqilgan. Bo‘rtma naqshli 10 belbog‘ bilan qismlarga ajratilgan, har bir qismi bir – biriga o‘xshamaydigan qilib g‘isht terib naqshlangan, quyisidagi naqshlar orasida qurilgan yili va qurdirgan shaxs – Sadr Burhoniddin Abdulaziz II ning nomi kufiy uslubida yozilgan. Minoraning uchi kengaytirilib, qafasa ishlangan (diametri 3,66 m), g‘isht terib ishlangan 10 ravoq orasida 10 darcha hosil kilingan, darchalarning quyisi g‘isht panjara bilan to‘silgan. Minoraning tashqi ko‘rinishi ko‘p jihatdan Minorai kalonga o‘xshaydi, lekin muqarnaslari ancha sodda. Minora supasi tuproq ostida qolgan, qurilgan paytida uning balandligi 2,3 m bo‘lganini arxeologik tadqiqotlar ko‘rsatadi. Minoraning umumiy balandligi esa 40,3 m.
Sulton Sanjar maqbarasi (Marv, (Turkmaniston) XII asrning 40 – yillari)
Saljuqiylar sultoni Sanjar (1157 yilda vafot etgan) o‘zi uchun qurdirgan ulkan bino. Me’mori
Muhammad ibn Otsiz as Saraxsiy. Sulton qal’a markaziga joylashgan. Sulton Sanjar maqbarasi bizgacha xaroba holda yetib kelgan. Maqbaraga Saljuqiylar saroyi va masjid tutash bo‘lgan. Sulton Sanjar maqbarasiga turli urushlar ko‘p putur yetkazilganiga qaramay, o‘z mahobatini yo‘qotmagan. 1980 yilda qayta tiklangan.
Ushbu me’moriy yodgorliklar bilan birqatorda bu davrida barpo etilgan ko‘plab noyob me’mochilik inshootlari qatorida O‘zgandagi Qoraxoniylar maqbarasi (XI asr), G‘azna yaqinida marmar koshinlardan barpo etilgan 32 ta kirish eshiklari, 4 ta ayvoni bo‘lgan, baland qubbalari lojuvard osmonni eslatuvchi G‘aznaviylarning mahobatli yozgi saroyi (1112 yilda qurilgan)ni ham aytish mumkin. Amir Temur va temuriylar davri memoriy obidalari
Amir Temur va temuriylar mamlakat mustaqilligi, el – yurt osoyishtaligi, uni obod etishda bunyodkorlik ishlariga katta ahamiyat berdilar. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham me’morlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat bo‘lgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta – hunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar. Bu davrda Chingizxon hujumi va mo‘g‘ullarning beto‘xtov bosqinlari oqibatida vayronaga aylangan Samarqand, Buxoro, Termiz, Marv, Banokat (Shohruxiya) kabi qadimgi shaharlar, qal’a va istehkomlar qayta tiklandi, ya’ni shaharlar va qishloqlar qad ko‘tardi. Sohibqironning buyrug‘iga asosan 1365 yilda Qarshi, 1370 yilda Samarqand, 1380 yilda Kesh shaharlari atrofida mudofaa devorlari barpo etiladi.
Amir Temur zabt etgan mamlakatlarida ham bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib bir qator shaharlari (1258 yil mo‘g‘ullar tomonini vayron qilgan Iroq poytaxti Bag‘dodni, Dog‘iston Respublikasidagi Darbandni, 1221 yilda mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron qilingan Arake va Kura daryolari birlashadigan yerga yaqin bo‘lgan shahar – Baylaqonni (1403 yil))ni qayta tikladi. Amir Temur tomonidan Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bag‘dodda madrasa, 1389 – 1395 yillarda Turkistonda mashhur shayx Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirilgan bo‘lsa-da, lekin asosiy e’tiborini ona shahri Kesh (Shahrisabz) va poytaxti Samarqandga qaratdi.
Keshda otasining qabri ustiga maqbara, o‘g‘li Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir
Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida bo‘lib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad ko‘tardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar «Qubbat ul – ilm val adab», ya’ni «Ilm va ta’lim gumbazi» degan sifat bilan shuhrat topgan. Amir Temur va Temuriylar davrida Shahrisabzda ulkan saltanatning yirik shahriga, barlos beklarining yozga qarorgohiga aylantirilgan. Shahar atrofi qal’a devori bilan o‘rab olingan.
Shahrisabzda Amir Temur tomonidan «Dor us – Siyodat» («Sayyidlar uyi») maqbarasi va Oqsaroy qurilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |