16. Ma`ruza. ORGANIZMNING BIOLOGIK XUSUSIYATLARI VA TOKSIK SAMARA.
Zaharlarga ta’sirchanlikning tur va jinsga qarab farqlanishi.
Yosh va individual ta’sirchanlikning intoksikatsiyaga ta’siri
Bioritmlar va toksik samara
Atrof muhitni ifloslantiruvchilarning asosiy o‘lchamlari
Tayanch iboralar: diskineziya, nevrasteniya, kolit va sistit, stirol, divinil, xloropren, bioritmlar, toksik samara, konsentratsiya, Silikoz.
Har xil tur va jinsga tegishli organizmlarning zaharlarga ta’sirchanligi turlicha bo‘lishi anchadan beri ma’lum. Bunday bilimlar juda muhim ahamiyatga ega, chunki hayvonlar bilan o‘tkazilgan tajribalardan olingan ma’lumotlar gigiyenik reglamentatsiya vazifalarini hal qilishda insonga nisbatan ham qo‘llaniladi. Masalan, ma’lumki, inson ftorga nisbatan kalamushlarga qaraganda 2-3 baravar ta’sirchanroq, nitritlarga esa ta’sirchanligi 3 baravar, margimushga nisbatan 5 baravar, qo‘rg‘oshinga nisbatan 1.5 baravar, simobga nisbatan 4 baravar ortiq va h.k.
Hayvonlarning zaharga nisbatan ta’sirchanligi turga qarab farqlanishi moddalar almashinuvi xususiyatlariga bog‘liq. Organizmning zaharga ta’sirchanligini belgilab beradigan boshqa omillarga markaziy asab tizimining murakkabligi, hayot davomiyligi, hayvonning o‘lchamlari, teri qoplamalari xususiyatlari kiradi.
Jinsiy mansublikning toksik samaraga ta’siri bugungi kunda hali yaxshi o‘rganilmagan soha bo‘lib qolmoqda. Chunki bu boradagi tajribalar ko‘p hollarda bir biriga zid natijalarni bermoqda. Ayrim mualliflarning tadqiqotlari natijalariga ko‘ra urg‘ochilarning zaharlarga ta’sirchanligi yuqori bo‘lsa, boshqa mualliflar teskari ma’lumotlarni olmoqdalar. Tasodifiy intoksikatsiya tufayli odamlarda olingan ma’lumot ham ziddiyatlilikka ega.
Pokrovskiy V.A. (1967) sintetik kauchik zavodida mehnat qiladigan erkaklar va ayollarning sog‘ligi va kasalanishi holatlari haqida olingan ma’lumotlarni umumlashtirib, ayol organizmi ayrim organik birikmalarga nisbatan erkak organizmiga qaraganda yuqoriroq ta’sirchanlikka ega degan xulosaga kelgan.
Bor kislotasi ishlab chiqarishda band erkaklar va xotin qizlar sog‘ligini o‘rganish quyidagi kasalliklar bo‘yicha zaharlarga ta’sirchanlikda jinsga oid farqlar mavjudligini ko‘rsatdi: asab kasalliklari (nevrasteniya) 15% ayollarda kuzatildi, erkaklarda esa bu kasallik umuman kuzatilmadi; ayollarda erkaklarga nisbatan surunkali poliartrit 9 marta, kolit va sistit – 4 marta, diskineziya – 5 marta ko‘proq kuzatildi. Ayni paytda surunkali bronxit erkaklarda ayollarga nisbatan 5 baravar ko‘p uchradi, ya’ni bu ma’lumotlar bir qator ko‘rsatgichlar bo‘yicha ayollar va erkaklar o‘rtasida jiddiy farqlar borligini ko‘rsatib berdi.
Sanoatning bir qator intoksikatsiyalarida erkaklar va ayollarda qon ko‘rsatgichlarini tekshirish katta qiziqish uyg‘otadi. Bunda ularda gemoglobin va eritrotsitlar miqdoridagi og‘ishlar turli yo‘nalishlarga egaligi etiborni tortadi. Ayollarda bu ko‘rsatgichlar ko‘tarilsa, erkaklarda pasayadi.
Olib borilgan bir qator tadqiqotlar natijalari rezina buyulari ishlab chiqarishda ayollar organizmi yuqoriroqta’sirchanlikka egaligini ko‘rsatdi (stirol, divinil, xloroprenning aralash ta’siri).
Silikozga nisbatan ta’sirchanlikdagi jinsga oid farqlarni o‘rganishda ushbu kasallikka xos miqdoriy o‘zgarishlar ayollarda erkaklarga qaraganda yaqqolroq namoyon bo‘lishi aniqlangan.
Biroq adabiyotlarda ayollar organizmining zaharlarga kamroq ta’sirchanligi haqida ma’lumotlar ham uchraydi. Masalan, bir qator mualliflar etil spirti ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlangan ishlarida shunday xulosaga kelgan.
Shunday qilib, toksik samarada jinsiy farqlarning rolihaqidagi ma’lumotlar ziddiyatlidir. Ayrim turdagi zaharlarga erkaklarning ta’sirchanligi yuqoriroq bo‘lsa,boshqa zaharlarga nisbatan ayollar ko‘proq ta’sirchanlikka ega. Biroq bir masalada mualliflarning fikri bir xil: xomiladorlik paytida zaharlanish ancha katta xavf tug‘dirishi hamda intoksikatsiyaning og‘ir kechishi hech qanday shubha tug‘dirmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |