AYOL — AZIZ, ONA — MUQADDAS!
Yurtimizda mustaqillik yillariga kelibgina ayollar chin ma’noda e’zoz topdi, ularning jamiyatda tutgan mavqei va nufuzini, ijtimoiy hayotimizdagi faolligini oshirish borasida beqiyos ishlar amalga oshirildi.
Bugun onalarimiz, opa-singillarimiz mamlakatimizning katta vazifasini zimmasiga olgan senator, deputat, vazir, hokim, tashkilot rahbari, ilm so‘qmoqlarida ixtirolar yaratayotgan olima, madaniy merosimiz rivojiga hissa qo‘shayotgan san’atkor, xalqimiz baxtini tarannum etayotgan adiba, xalqaro musiqa, fan olimpiadalari va sport musobaqalarining g‘oliblari, yangi avlodning oqila murabbiyasi, dillariga darmon shifokori, xullasi kalom, har biri yurtimizning fidoyisi.
Yurtboshimizning «Ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz», «Dunyoda «muqaddas» degan so‘zga eng munosib zot ham — Onadir», degan da’vati bugun har birimizning ongu shuurimizni munavvar etib, ezgu ishlarimizga qanot bag‘ishlayapti. Ayol — Oila — Jamiyat — Taraqqiyot tushunchalarining bir-biriga uzviy bog‘langanligini teranroq anglatib, bu uzviylikni qadrlashga, mustahkamlashga undayapti.
Dunyoda onaday zahmatkash zot yo‘q, deb bejiz aytilmaydi. Darhaqiqat, onalarning umri davomida amalga oshiradigan ishlarini uncha-muncha alloma hisoblab adog‘iga yeta olmaydi.
Lekin barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz, bizning yurtimizda, bizning davrimizda onalarning, ayollarning zahmatli mehnati munosib sharaflanayapti. Ko‘ksida Qahramonlik yulduzi, yuzida quyosh balqib turgan ayollarimizga qaraganda qalbimiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ladi. Vatanimizning yuksak mukofotlariga loyiq ko‘rilgan opa-singillarimizni, ayniqsa, o‘z iqtidorlarini namoyon qilib «Nihol» va Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan yosh-yosh qizlarimizni ko‘rganda, ko‘ngillarimiz quvonchdan yashnab, sevimli shoiramizning farahbaxsh tilaklarini dilda takrorlaymiz: «Bu bog‘lar — bir bog‘lar bo‘ladi hali!»
Ha, o‘z bekalari, begoyim, bekajonlarini e’zozlayotgan O‘zbekiston deb atalgan bu bog‘ jannatmonand bir bog‘ bo‘ladi. Bunga ayollarni qadrlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, og‘irini yengil qilish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani kafolat beradi. Ayollarni, onalarni e’zozlagan yurt esa taraqqiyotda yuksak bo‘lsa yuksak bo‘ladi, aslo hech bir mamlakatdan kam bo‘lmaydi.
Bizning qulog‘imizga onalarimiz allasi bilan ezgulik singgan edi. Hozirgi yangi avlod qulog‘iga esa Mustaqillik ne’matlaridan bahra olgan baxtiyor onalarning allalari bilan ezgulikning xush nafasi singmoqda va ular yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash borasida yaratilgan shart-sharoitlardan bahramand bo‘lib voyaga yetmoqda. Demakki, intellektual salohiyati keng bu avlod bizdan ko‘ra ko‘proq yurtimizni, onalarni, ayollarni ulug‘laydi. Ona-O‘zbekistonimizni qudratli davlatlar ichra qudratli, obod mamlakatlar ichra obod davlatga aylantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |