Investitsiya (lot. investio — oʻrash) — iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik loyihalariga uzoq, muddatli kapital kiritish boshqacha qilib aytganda kapital qoʻyish. Pulning vaqt (zamon)ga bogʻliq qiymati nazariyasiga koʻra, investitsiya kelajakda naf olish maqsadida mablagʻlar qoʻyishdir. Investitsiya kapitalni muayyan muddatga bogʻlashni yoki band qilishni bildiradi. Bundan asosiy maqsad kapital qiymatini saqlab qolish yoki boʻlmasa kapital qiymatini vaqtda oʻstirib borishdir. Iqtisodiy mazmuni jihatdan investitsiya turli faoliyatlarga safarbar etilgan moddiy, nomoddiy boyliklar va ularga boʻlgan huquqlarni aks ettiradi. Investitsiya sifatida pul, qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya, sertifikat, veksel), yer, bino, inshoot kabi boyliklar, intellektual mulk boʻlgan ilmiy kashfiyotlar, ixtirolar va boshqalar ishlatiladi. Investitsion loyihalariga mablagʻ qoʻyuvchilar — investorlar davlat, kompaniya, korxona, chet ellik fuqarolar, aholi va boshqalar boʻlishi mumkin.
O‘zbekistonning investitsiya siyosatiga to’xtaladigan bo’lsak, hozirgi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni huquqiy himoya qilishni joriy etish va investitsion muhitni yanada yaxshilash iqtisodiy rivojlanish sohasidagi eng muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi investitsiya siyosati xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni ishonchli huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmini barpo etish, mana shu asosda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilashda MDH mamlakatlari orasida yetakchi hisoblanadi.Bu ham yurtimizda investitsiya siyosatiga qanchalik katta e’tibor berilayotganidan dalolatdir.
“Eng yaxshi investitsiya bu – ta’limga qilingan investitsiya”.
Ta'lim islohoti uzoq yillar davom etadigan jarayondir. Ya'ni, bugun amalga oshirilgan o‘zgarishlarning natijasini, uning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini bir necha o‘n yil o‘tibgina ko‘rish mumkin.
Bu tizimda biror-bir qaror qabul qilish uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati va juda katta mas'uliyatni talab qiladi. Birgina noto‘g‘ri tashlangan qadam yillar o‘tib qimmatga tushishi mumkin. Nega aksariyat rivojlangan davlatlar mustaqilliqning ilk kunlaridanoq ta'lim tizimini isloh qilishga jiddiy kirishishgan? Chunki ular ta'lim uzoq muddatli jarayon va shu bilan birga, kelajakka tikilgan eng to‘g‘ri investitsiya ekanini yaxshi tushunishgan.
So‘nggi 2–3 yil ichida O‘zbekistonda ham ta'lim tizimiga boshqacha yondashish zarurligi dolzarb masalaga aylandi. Tizimdagi kamchiliklar, ayniqsa, qog‘ozbozlik va korrupsiya keskin tanqidlarga uchray boshladi.
Ehtimol, maktab va oliy ta'lim muassasalarining shu paytgacha davlat budjeti hisobidan yashab kelgani ham buning sabablaridan biridir. Negaki, bunday tizimda ko‘pincha sifat emas, son ketidan quviladi. Doimiy ta'minot bo‘lib turgani sababli o‘z-o‘zidan raqobat muhiti yo‘qoladi, faqat natija va hisobot uchun ishlash kayfiyati kuchayadi. Davlat xususiy ta'lim dargohlarini ko‘paytirishga e'tibor qaratayotganda ana shu omillarni ham hisobga oladi.Prezident va hukumat vakillarining so‘nggi yillarda qabul qilayotgan farmon va qarorlari asosida xususiy ta'lim maskanlariga yaratib berilayotgan shart-sharoit bu boradagi yondashuv o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi.
Barchamizga ma’lumki pandemiya davri investitsiyalarga o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi.Quyida 2020-yilda ro’y bergan o’zgarishlarni ko’rishimiz mumkin:
2020 yilda O‘zbekistonning asosiy kapitaliga kiritilgan investitsiyalar oqimi pasaydi. 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida 202 trillion so‘m asosiy kapitalga bo‘lgan investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Ularning 65,4 foizi jalb etilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan, korxona, tashkilot va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan summa esa 34,6 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davriga nisbatan 8,2 foizga kam.
Ma'lumotga ko‘ra, o‘tgan yili jami investitsiyalar hajmida, markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga investitsiyalarning ulushi 2019 yilning mos davridagi ulushga nisbatan 8 foiz punktda kamayib, 19,5 foizni yoki 39 trillion 310 milliard so‘mni tashkil etgan.
Mos ravishda, markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobidan 162 trillion 289,9 milliard so‘m yoki jami investitsiyalarning 80,5 foizi o‘zlashtirilib, 2019 yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 8 foiz punktga ko‘paygan.
2020 yilning yanvar-dekabr oylarida korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan asosiy kapitalga investitsiyalar 51 trillion 911 milliard so‘m yoki jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 25,7 foizini tashkil etgan. Aholi mablag‘lari hisobidan jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 8,9 foizi yoki 18 trillion 77 milliard so‘mi o‘zlashtirilgan.
To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 28 trillion 740 milliard so‘mni tashkil etgan va 2019 yilning mos davriga nisbatan 5,3 foiz punktga kamayib, 14,2 foizni tashkil etgani ma'lum qilindi.
2020 yil yanvar-dekabr oylarida 86 trillion 647 milliard so‘m yoki asosiy kapitalga investitsiyalarning 42,9 foizi xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan o‘zlashtirilgan. Jami xorijiy investitsiya va kreditlar tarkibida xorijiy investitsiyalar 32 trillion 847 milliard so‘mni tashkil etgan va qolgan 53 trillion 799,8 milliard so‘m xorijiy kreditlar hisobiga to‘g‘ri kelganligi ma'lum qilingan.
Asosiy kapitalga investitsiyalarning iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tarkibida qayta ishlash sanoati yetakchilik qilgan. Ushbu iqtisodiy faoliyat turida jami moliyalashtirish manbalari hisobidan 62 trillion 805 milliard so‘m yoki jami asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 31,1 foizi o‘zlashtirilgan. Keyingi o‘rinlarda tog‘-kon sanoati(11,6 foiz) va turar joy qurilishi(9,5 foiz)ga eng ko‘p investitsiya jalb qilingan.
2021-yilda esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini 17 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonda yil yakuni bo‘yicha jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi avvalgi yildagiga nisbatan oshib, 6,6 milliard dollarga yetishi va eksport ko‘rsatkichi 15,1 milliard dollar miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.Dunyoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdorining 40 foizga pasayishi va 2020 yilda jahon savdosi hajmining 25 foizga kamayganiga qaramay, mamlakatda yirik investitsiya loyihalar ishga tushirilgan.
Yuqorida keltirilganlar barchasi yurtimizda investitsion rivojlanish yo’li aks etgan.Agar biz investitsiya siyosatini to’g’ri yuritib, amalda yuqori natijalarga intilsak, ushbu investitsion rivojlanish davrida yurtimiz iqtisodiyotida o’sishga erishishimiz mumkin.Ayniqsa, bugungi davrda davlat tashqi qarzi keskin oshgan davrda investitsiyalar orqali rivojlanish eng to’g’ri yo’l bo’lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |