Bog'liq Yuridik va jismoniy shaxslarni bojxona nazoratidan o (2)
2-bob. Bojxona nazorati ostida yetkazilgan tovarlar bo‘yicha yuk operatsiyalarini amalga oshirish 9. Tovarlar bojxona omboriga yetkazib berilgach, bojxona ombori egasi yoki uning vakolatli shaxsi transport vositalarining tovarlar ortilgan yuk bo‘limlari va unga qo‘yilgan bojxona identifikatsiya vositalarini tovarlarning kuzatuv hujjatlari hamda tovarni yetkazib berish nazorat hujjatida ko‘rsatilgan ma’lumotlar asosida ko‘zdan kechiradi.
Ko‘zdan kechirish bojxona identifikatsiyalash vositalari mavjudligi, ularga shikast yetkazilmaganligi, o‘zgartirilmaganligi, buzilmaganligi va yo‘q qilinmaganligiga hamda tashilayotgan tovarlarni transport vositalarining plombalangan qismidan ko‘zga tashlanadigan izlar qoldirmasdan chiqarib olish va (yoki) unga boshqa tovarlarni joylash istisno etilganligiga, shuningdek, plomba qo‘yilgan jihozlarga (konteyner konstruksiyasi, tirkama trosi, tenti, tom, pol qismlari va boshqalar) zarar yetkazilmaganligiga alohida ahamiyat bergan holda amalga oshiriladi.
10. Bojxona ombori egasi yoki uning vakolatli shaxsi transport vositalari bojxona omboriga yetib kelganligini ushbu Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan harakatlarni bajargan holda axborot tizimida belgi qo‘yish orqali tasdiqlaydi.
11. Bojxona omboriga yetib kelganligini tasdiqlash uchun avtomobil va temir yo‘l transporti vositasi bojxona organlariga onlayn uzatish imkoniga ega bo‘lgan, avtotransport vositasining davlat raqami belgisini va temir yo‘l transporti vositasining raqamini aniqlash bo‘yicha kunu tun ishlaydigan tizim bilan jihozlangan nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tadi.
Avtotransport vositasining davlat raqami belgisini va temir yo‘l transporti vositasining raqamini aniqlash tizimidagi raqam bilan tovarni yetkazib berishning nazorat hujjatidagi raqam aynan mos bo‘lishi hamda yetib kelganligi tasdiqlanishi avtotransport vositasi davlat raqami belgisi va temir yo‘l transporti vositasi raqami qayd etilgandan o‘ttiz daqiqa ichida amalga oshirilishi lozim.
Bunda faqat axborot tizimidagi uzilishlar (elektr manbai sababli uzilishlar bundan mustasno) hamda Bojxona kodeksiga muvofiq yengib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida transport vositalarining yetib kelganligini tasdiqlash imkoni bo‘lmaganda, bojxona ombori egasi yoki uning vakolatli shaxsi darhol bojxona organini o‘z vakolatlari doirasida qaror qabul qilishi uchun xabardor qiladi.
12. Axborot tizimida transport vositalarining bojxona omboriga yetib kelganligi tasdiqlanishi bilan tovarlarning to‘liq saqlanishini ta’minlash bo‘yicha javobgarlik bojxona ombori egasiga o‘tadi.
13. Bojxona ombori egasi yoki uning vakolatli shaxsi ushbu Nizomning 9-bandida belgilangan tartibda transport vositalari va ularga qo‘yilgan bojxona identifikatsiyalash vositalarini ko‘zdan kechirishi natijasida aniqlagan har qanday tafovutlar va nomuvofiqliklar to‘g‘risida darhol bojxona organini xabardor qiladi.
Tegishli xabarga asosan bojxona organlari tovarlar va (yoki) transport vositalariga nisbatan Bojxona kodeksining 188-moddasiga muvofiq bojxona nazorati shakllarini amalga oshiradi.
Bojxona nazorati yakuni bo‘yicha bojxonaga oid huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, bojxona organi tovarlar va (yoki) transport vositalariga nisbatan yuk va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishni to‘xtatib turadi, huquqbuzarlik to‘g‘risida ish yuritadi hamda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, ma’muriy ish yoki jinoyat ishini qo‘zg‘atadi.
Bunda tovarlar va transport vositalari yetkazib berilganligini tasdiqlash bojxona organi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.