Tayanch tushunchalar:
Nerv, neyron, qo’zg’alish, tormozlanish, bosh va orqa miya, shartli va shartsiz refleks, ichki va tashqi tormozlanish.
Nerv sistemasining funksiyasi ikki qismga bo’lib o’rganiladi. Nerv sistemasining birinchi funktsiyasi odam organizmining barcha, xujayra, to’qima, organlari va sistemalarining ishini boshqarish, tartibga solish, tashqi muhitdan, ichki organlardan keladigan axborotlarni qabul qilish va ularni markaziy nerv sistemasiga yetkazib berish, organizmdagi barcha organlarni bir-biri bilan bog’lash va organizmning bir-butunligini ta‘minlash, ichki sekretsiya bezlarida ishlab chiqariladigan turli gormonlarning qon orqali organizmga ko’rsatadigan ta‘sirini, moddalar almashinuvini boshqarish, o’sish va rivojlanishga ta‘sir etishdan iborat. I.P.Pavlov nerv tizimining bu vazifasini uning quyi funktsiyasi deb atagan. Bu vazifani orqa va bosh miyaning quyi qismlari (uzunchoq, o’rta, oraliq miya va miyacha) da joylashgan nerv markazlari bajaradi.
Nerv tizimining ikkinchi vazifasi shundan iboratki, u odamning tashqi muhit va atrofdagi boshqa odamlar bilan bog’lanishini, muomalasini tashqi muhit sharoitiga moslashuvini ta‘minlaydi. Tashqi muhit ta‘sirida, atrofdagi boshqa odamlar bilan munosabati natijasida odamda paydo bo’lgan fikrlash, bayon etish, bilim olish, hunar o’rganish, xotira kabi yuksak insoniy xususiyatlar ham nerv tizimining ana shu ikkinchi vazifasiga kiradi. I.P. Pavlov nerv tizimining bu vazifasini oliy nerv faoliyati deb atagan. Nerv tizimining bu vazifasini uning yuqori qismida joylashgan (bosh miya yarim sharlari va uning po’stloq qismi) nerv markazlari bajaradi.
Nerv tizimi ikki qismdan iborat: markaziy va periferik nerv tizimi. Markaziy nerv tizimiga bosh va orqa miya kiradi. Markaziy nerv tizimining segmentar, ya‘ni quyi qismiga orqa miya va bosh miyaning pastki qismlari, ya‘ni uzunchoq miya, Varoliy ko’prigi, o’rta va oraliq miya hamda miyacha kiradi. Markaziy nerv sistemasining yuqori, ya‘ni segment ust qismiga bosh miya yarim sharlari va ularning po’stloq qismi kiradi. Markaziy nerv tizimida nerv hujayralari (neyron tanalarining) markazlari bor. Periferik nerv tizimiga orqa miyadan chiqadigan 31 juft sezuvchi, harakatlantiruvchi nerv tolalari, bosh miyadan chiqadigan 12 juft nervlar hamda umurtqa pog’onasi atrofida va ichki organlarda joylashgan nerv tugunchalari kiradi. Nerv tizimining periferik qismi asosan nervlardan, ya‘ni tolalar bog’lamidan iborat.
Bajaradigan vazifasiga ko’ra nerv sistemasi ikki qismga bo’linadi: somatik va vegetativ nerv tizimi. Somatik nerv tizimi odam tanasining sezgi organlari, skelet muskullari ishini boshqaradi. Vegetativ nerv tizimi ichki organlar (nafas olish, qon aylanish, ovqat xazm qilish. ayirish va oshqozon hamda ichki sekretsiya bezlari ishini boshqaradi .
Nerv tizimini nerv xujayralari va nerv tolalari tashkil qiladi. Nerv xujayralariga neyron deb ataladi. Neyronlar katta kichikligi va shakli jixatidan har xil bo’ladi. Har bir neyronning tanasida bir talay kalta, shoxlangan o’simtalar-dendritlar va bipa shoxlanmagan uzun o’simta-akson bor. Nerv xujayralarining tanalari va ularning dendritlari to’planib, kulrang moddani qosil qiladi. Miyaning oq moddasi esa mielin pardasi bilan qoplangan nerv tolalari (aksonlar) dan tashkil topgan bo’ladi. Neyronlar tashqi tomondan parda-membrana bilan qoplangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |