3-§. Elektr qurilmalari va ularni ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasiga qo‘yiladigan talablar
102. Tashkilotda rahbarning buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xo‘jaligi uchun mas’ul shaxs tayinlangan bo‘lishi va bu shaxs elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
103. Kuchlanish 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishda elektr xo‘jaligi uchun mas’ul shaxs elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga va kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishda IV malaka guruhiga ega bo‘lish talab etiladi. Mas’ul shaxs hamda tashkilotdagi elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatuvchi elektrotexnik xodimlar davriy ravishda o‘rnatilgan tartibda elektr xavfsizligi bo‘yicha bilim sinovidan o‘tishlari shart.
104. Tashkilotning elektr xo‘jaligiga javobgar shaxs quyidagilarni ta’minlashi shart:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma, apparatura va tarmoqlarda rejali ta’mirlash ishlari va profilaktik sinovlarni belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini tashkil etishni;
elektr energiya sarfining hisobini olib borishni;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi va ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishini.
105. Elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi barcha elektrotexnik xodimlar kerakli himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishlari talab etiladi.
106. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
107. Energota’minot korxonasi tomonidan berilgan texnik shartlar talablariga zid bo‘lgan elektr qurilma va jihozlaridan hamda shikastlangan elektr kabellar va simlardan foydalanish taqiqlanadi.
108. Yoritqichlar, elektr qurilmalar hamda elektr tarmoqlari xonalarning muhit sharoitlariga va u yerdagi ishlab chiqarishning xususiyatiga mos holda tanlanishi kerak.
109. Elektr qurilmalarda izolatsiyaning ishdan chiqishi natijasida xodimlarning elektr tokidan jarohatlanishini oldini olish maqsadida barcha elektr qurilmalar zaminlangan yoki nollangan bo‘lishi kerak.
Elektr qurilmalarni zaminlash yoki nollash quyidagi holatlarda amalga oshirilishi lozim:
kuchlanish 380 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda barcha elektr qurilmalarda;
nominal kuchlanish 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past o‘zgarmas tokda — faqat yuqori xavfli, o‘ta xavfli xonalardagi va tashqi qurilmalarda.
Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarni zaminlash yoki nollash talab etilmaydi. Umumiy metall konstruksiyaga o‘rnatilgan, kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda ishlaydigan va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan kontrol kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi cho‘lg‘amlari bundan mustasno.
110. Yerga tok o‘tkazuvchi konstruksiyalar konturga payvandlangan, elektr uskuna, mashina va apparatlarning korpuslari ko‘p tolali egiluvchan sim orqali zanglamaydigan bolt bilan konturga biriktirilgan bo‘lishi kerak.
111. Elektr dvigatellarning aylanadigan qismlari va elektr dvigatelni mexanizmlar bilan bog‘lovchi qismlari (mufta, shkiv) to‘siq bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |