5-§. Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar
25. Mavjud bioxilma-xillikni saqlab qolish uchun boy tabiiy meros asosida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarning to‘laqonli tarmog‘ini tashkil etish O‘zbekistonni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
26. Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, jumladan:
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati;
“Do‘rmon” milliy bog‘i;
“Sayg‘oqli” kompleks lanfdashft buyurtmaxonasi;
“Ugom-Chotqol” davlat biosfera rezervati tashkil etilishi respublikaning katta muvaffaqiyati bo‘ldi.
Shuningdek, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigini rivojlantirish, Ramsar Konvensiyasi doirasida suvli-botqoq joylar xalqaro ro‘yxatiga yangi tabiiy hududlarni kiritish, mamlakatning 51 ta muhim arnetologik hududini xatlovdan o‘tkazish va ularni tavsiflash katta yutuq bo‘ldi.
27. Bugungi kunda respublikada 7 ta qo‘riqxona (188,3 ming ga), 1 ta kompleks landshaft-buyurtmaxona (628,3 ming ga), 2 ta biosfera rezervati (111,7 ming ga), 3 ta milliy tabiiy bog‘ (558,2 ming ga), 1 ta “Do‘rmon” milliy bog‘i (32,4 ga), 10 ta tabiat yodgorligi (3,8 ming ga), 12 ta buyurtmaxona (572,4 ming ga) va Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi (165, ming ga), shuningdek, o‘rmon va o‘rmon ovchilik xo‘jaliklari (11,121 mln ga) mavjud.
28. Bioxilma-xillik barqaror saqlanishini ta’minlaydigan muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarning (muhofaza qilinadigan landshaftlar — kurort tabiiy hududlar, rekreatsion zonalar, suvni muhofaza qilish zonalari, qirg‘oqbo‘yi polosalari, suv obyektlarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalari, yuza va yerosti suvlar hosil bo‘lishi zonalarisiz) umumiy maydoni 13,2 mln gektarga yaqinni tashkil etadi. Ayni vaqtda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni o‘rmon xo‘jaliklari va o‘rmon-ovchilik xo‘jaliklari hisobga olinmaganda 2079,2 ming gektarni yoki mamlakat hududining 4,64 foizini tashkil etadi.
6-§. Ekoturizm
29. O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish uchun noyob tabiat, har xil landshaftlar (cho‘llar, tog‘lar, plato, daryolar, ko‘llar, sharsharalar), o‘simlik va hayvonot dunyosining kamyob va yo‘qolib borayotgan turlari, arxeologik topilmalar, poleontologik qoldiqlar, petrogliflar, nodir geologik obyektlar mavjud. Shunga qaramay, respublikada turistlarni tabiiy obyektlarga jalb qilish uchun infratuzilma yetarli darajada rivojlanmagan.
30. Respublikaning ayrim muhofaza qilinadigan tabiiy hududlari turistlarni qabul qilish uchun eng uyushtirilgan va munosib joylar hisoblanadi, chunki ushbu hududlarda belgilangan maydon va chegaralar, turistlar tashrif buyurishi uchun ajratilgan uchastkalar, keluvchilar bilan ishlash tajribasi mavjud, ayrimlarida esa — belgilangan yo‘nalishlar hamda ushbu hudud va uning xususiyatlari bo‘yicha muayyan bilimlarga ega bo‘lgan xodimlar bor.
31. Biroq qonun hujjatlariga muvofiq ekoturizmni, shu jumladan, rekreatsion faoliyatni amalga oshirish uchun davlat qo‘riqxonalariga, tabiiy bog‘larning qo‘riqxona zonalariga va biosfera rezervatlariga kirish taqiqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |