Tuzuvchi: dots. Ismailov Ermamat.
dots. Mamatqulov Nuriddin.
o’qt. Namazov Furqat
o’qt. Norqulov Odil
o’qt. Xodjayeva Umida
KIRISH
Fizika so’zi grekchadan – fisics, ya’ni tabiat demakdir. Fizik jarayonlar kosmosda ham, mikrodunyoda ham, organik va noorganik moddalarda ham, tirik va o’lik tabiatda ham kuzatiladi. Bizning tevarak – atrofimiz, barcha narsalar, bizning o’zimiz ham materianing bir bo’lagimiz. Boshqa tabiiy fanlar kabi “fizika ” fanining maqsadi ham tabiatni o’rganishdan iborat. Materiya doimo harakatdadir. Bu harakat oddiy ko’chishdan tortib tafakkurga qadar koinotda sodir bo’ladigan hamma o’zgarishlar va jarayonlarni o’z ichiga oladi.
Ushbu uslubiy ko`rsatma asosan qishloq xo’jalik oliygohlari bakalavr talabalari uchun mo’ljallangan, lekin boshqa oliygohlar nofizikaviy yo’nalish talabalari ham foydalanishlari mumkin. Uslubiy ko`rsatma fizikaning barcha bo’limlariga doir laboratoriya ishlarini o’z ichiga olgan. Bundan tashqari ushbu qo’llanma lotin alifbosida yozilishi ham katta ahamiyatga ega. Laboratoriya ishlarining har birida shu mavzu bo’yicha qisqacha nazariya, ishni bajarish tartibi, jadvallar, sinov savollari keltirilgan.
Laboratoriya ishlarida yo’l qo’yiladigan xatoliklarni hisoblash usullarini ushbu uslubiy ko`rsatmada keltirishni lozim topmadik, chunki bu haqda avval chop etilgan adabiyotlarda ko’plab keltirilgan.
Laboratoriya ishi № 1
FIZIK KATTALIKLAR O‘LCHOV BIRLIKLARINING TIZIMLARI
Hozirgi zamon texnikasida, ilmiy tekshirishlarda va juda ko‘p masalalarda fizik kattaliklarni o‘lchash xamda taqqoslash vaqtida bir xillikka erishish juda muhimdir. Bunga fizik kattaliklarning kelishib olingan o‘lchov birliklaridan foydlanish bilan erishiladi.
Qulay birliklar tanlashga va ulardan muntazam tizim tuzishga XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab va butun hozirgi asrimiz davomida ayniqsa katta e’tibor berilib kelinmoqda. Bu sohadagi ishlar Xalqaro birliklar tizimi “SI” ning yaratilishiga olib keldi. Bu tizim hozir O‘zbekistonning ham davlat standartidir.
Fizik kattaliklar o‘lchov birliklarining yagona tizimini yaratishni dastlab 1832-yili Gauss taklif qilgan edi. Ixtiyoriy, lekin bir-biridan mustaqil ba’zi birliklar, masalan, uzunlik, massa va vaqt birliklari asos qilib olinganda boshqa ko‘p birliklar shu asosiy birliklar orqali hosil qilinishi mumkinligiga Gauss e’tiborni jalb qildi. Elektriklarning 1881-yildagi I kongressi Gauss taklif qilgan birliklar tizimining progressiv ekanligini ta’kidladi va asosiy birliklar sifatida uzunlik birligi – santimetrni, massa birligi – grammni va vaqt birligi – sekundni qabul qilib, asosiy birliklar tizimi – SGS (santimetr, gramm, sekund) ni tuzdi. O‘shandayoq elektr va magnit kattaliklarning shu tizimdagi o‘lchov birliklari aniqlanib, ularga asos qilib elektrlangan jismlarning o‘zaro ta’siri (elektr tizim) va magnitlangan jismlarning o‘zaro ta’siri (elektromagnit tizim) olindi. SHu sababli barcha mamlakatlar fiziklari bu tizimdan keng foydalanadilar. SGS tizimi turli xil nazariy hisoblashlarda, shuningdek, metrologik jihatdan juda qulaydir.
Biroq SGS tizimi amaliy maqsadlarda ishlatishga noqulaydir, chunki bu hollarda asosiy va hosilaviy birliklarning o‘lchamlari noqulay bo‘ladi. Elektriklarning 1881-yilgi I xalqaro kongressi amaliy maqsadlar uchun elektr birliklarning “absolyut amaliy” tizimini qabul qildi. Bu tizim SGS tizimidagi tegishli birliklarni 10 ning tegishli darajalariga ko‘paytirish orqali hosil qilinadi.
Fransiyada 1925-yili MTS tizimi qabul qilindi. Unda asosiy birliklar qilib, metr, tonna (massa) va sekund olindi. Bularni 1932-yili sovet standartlari ham o‘lchov birliklari sifatida tavsiya qildi. Biroq bu tizim Fransiyada tarala olmadi. Texnik o‘lchashlar va hisoblashlarda boshqa birliklar tizimi MKGSS (metr, kilogramm-kuch, sekund) ko‘p qo‘llaniladi. Bu tizimda uzunlik birligi – metr, kuch birligi – kilogramm va vaqt birligi – sekunddir. Biroq sanab o‘tilgan barcha tizimlarga xos bo‘lgan asosiy kamchilik shundaki, ular elektr va magnit hodisalarining birligini aks ettirmaydi va bu jihatdan elektr haqidagi ta’limot rivojlanishining dastlabki paytlaridagi qarashlarnigina aks ettiradi.
SHuning uchun ham asrimizning o‘ttizinchi yillaridan boshlab xalqaro elektrotexnik tashkilotlarda o‘lchov birliklarining MKSA (metr, kilogramm, sekund, amper) tizimi ishlab chiqila boshladi. Bu tizimning asosini 1901-yil italyan olimi Jorji taklif qilgan edi. Jorji tizimi elektr va magnit hodisalarining ichki birligini o‘z ichiga oladi.
Tarixan bir vaqtning o‘zida issiqlik va yorug‘lik birliklarining mustaqil tizimlari ham yuzaga keldi. Ravshanki, bu hol fizik hodisalar orasidagi uzviy o‘zaro bog‘lanishga mos kelmaydi. Bundan tashqari, fizikaning mexanika, elektr va boshqa sohalarida hamda texnikada bir nechta tizimlardan foydalanish ilmiy-texnik maqsadlarda ham, o‘qitishda ham o‘ng‘aysizlik tug‘diradi.
SHuning uchun ham fizik o‘lchovlarning barcha sohalarini, ya’ni mexanik va elektr o‘lchovlardan tashqari, issiqlik va yorug‘lik o‘lchovlarini ham ichiga oluvchi bitta xalqaro o‘lchov birliklari tizimini yaratishga zarurat tug‘ildi. Bitta mukammal birliklar tizimini yaratishni taqozo qiluvchi sabablardan yana biri tanlanadigan asosiy kattaliklarning xarakteriga va ularni etalonlashga taalluqlidir. Fizik kattaliklarni o‘lchash protsessi ularni namuna sifatida olingan bir jinsli kattaliklar – etalonlar bilan taqqoslashdan iboratdir. SHu sababli, birinchidan, asosiy kattaliklar sifatida fan va texnikaning hozirgi taraqqiyot darajasida etarlicha aniq o‘lchanuvchi fizik kattaliklarnigina olish mumkin. Masalan, SGSE tizimida asosiy kattalik hisoblangan elektr zaryadi katta aniqlik bilan o‘lchanishi mumkin bo‘lgan tok kuchiga nisbatan bu shartni kamroq qanoatlantiradi. SHu sababli asosiy kattalik sifatida elektr miqdorini emas, balki tok kuchini olish afzaldir. Ikkinchidan, etalon o‘zgarmaydigan bo‘lishi kerak. (Qarab o‘tilgan tizimlarda asos qilib olingan deyarli barcha etalonlar hozirgi zamon o‘lchash metodlari ega bo‘lgan aniqlik talabiga javob berolmasligini keyinchalik ko‘ramiz.) Nihoyat, etalonni laboratoriya sharoitida yarata olish mumkin bo‘lishi kerak. Sanab o‘tilgan tizimlarning asosiy etalonlarini laboratoriyada yaratish qiyin.
1960-yili o‘lchov va tarozilarga bag‘ishlangan XI Bosh konferensiya Xalqaro birliklar tizimini tasdiqladi. U qisqacha “SI tizimi” (System International so‘zlarining bosh harflaridan olingan) deb nom oldi. Bu tizim fizikaning barcha sohalari bo‘yicha oltita asosiy birlikdan tashkil topgan: metr (uzunlik birligi), kilogramm (massa birligi), sekund (vaqt birligi), amper (elektr tok kuchi birligi), Kelvin gradusi (termodinamik temperatura birligi) va sham (yorug‘lik kuchi birligi).
1961-yilning sentyabrida “Xalqaro birliklar tizimi” Davlat standarti (GOST) 9867-61 tasdiqlandi.
“Xalqaro birliklar tizimi” 1963-yil 1-yanvaridan butun mamlakatimizda joriy qilindi. Quyida “SI” ning asosiy birliklarining va ba’zi bir hosilaviy birliklarining jadvali keltirilgan.
Xalqaro birliklar tizimining qabul qilinishi bilan bir qatorda karrali va ulushli birliklardan, shuninigdek, tizimdan tashqari bo‘lgan ba’zi birliklardan foydalana berish mumkin.
Xalqaro birliklar tizimi (SI)
Do'stlaringiz bilan baham: |