2022-yil 19-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Ish beruvchi tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi. Mazkur buyruqqa ko‘ra ish beruvchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’yekti xodim bilan tuzadigan mehnat shartnomasida agar xodim tijorat siri bilan ishlaydigan yoki bevosita mijozlar bilan aloqa qiladigan lavozimda ishlaydigan bo‘lsa, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng tadbirkorlik sub’ekti joylashgan manzildan 15 kilometr radiusda joylashgan hududda joylashgan raqobatchi bo‘lgan boshqa korxonaga 6 oy davomida ishga joylashishi yoki ayni shunday masofadagi hududda 6 oy davomida ish beruvchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektining biznes yo‘nalishi bilan bir xil bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish mumkin emasligini nazarda tutishi mumkin edi.
Sh. Valiev 2019-yil 2-aprel kuni muzqaymoq ishlab chiqaruvchi “Milky Ice” mas’uliyati cheklangan jamiyatga ishga qabul qilindi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyrug‘ida nazarda tutilgan holatlar kiritildi.
Sh. Valiev “Milky Ice” mas’uliyati cheklangan jamiyatda to‘rt oy ishlab muzqaymoq ishlab chiqarish texnalogiyasi bilan yaqindan tanishdi, mijozlar bilan ishlash sirlarini o‘rgandi. Shundan so‘ng, bankdan kredit olib o‘zi muzqaymoq ishlab chiqarish sohasida tadbirkorlik faoliyatini olib borishga qaror qildi. Bankdan kredit olib amaldagi ish joyidan 14 kilometr radiusdagi hududda joylashgan “Ice Cream ” mas’uliyati cheklangan jamiyatni tashkil etdi. Bu haqida ish beruvchisini ogohlantirib, ishdan bo‘shash niyatida ekanini ma’lum qildi. Ish beruvchisi Sh. Valiev ishdan bo‘shashi mumkin ekani, ammo mehnat shartnomasida ta’kidlanganidek, mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng amaldagi ish joyidan 15 kilometr radiusdagi hududda 6 oy davomida muzqaymoq ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish mumkin emasligini aytdi. Agar Sh. Valiev bunga rioya qilmasa, uning xatti-harakati ustidan sudga shikoyat qilishini ma’lum qildi.
Sh. Valiev bankdan kredit olib qo‘yganini va uni o‘z vaqtida to‘lab borishi kerakligini hisobga olib, “Ice Cream ” mas’uliyati cheklangan jamiyatni ishga tushirdi. Bundan boxabar bo‘lgan “Milky Ice” mas’uliyati cheklangan jamiyati Sh. Valievning xatti-harakati ustidan sudga shikoyat qildi.
Sh. Valiev esa sudga “Milky Ice” mas’uliyati cheklangan jamiyatga nisbatan qarshi da’vo kiritdi. Qarshi da’voda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra erkin kasb tanlash, tadbirkorlik erkinligi, mehnat qilish huquqiga ega ekanini aytib, mazkur konstitutsiyaviy huquqini tiklab berishini so‘radi.