Tadbirkorlik va kichik biznes
Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo´llab-quvvatlash va rivojlantirishni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarmida 944 ta yangi kichik biznes sub´ektini tashkil etish imkonini berdi. Mazkur ko´rsatkich 2014 yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko´pdir.
Tadbirkorlik faoliyatini qo´llab-quvvatlash va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida kichik biznes sub´ektlariga 375,8 milliard so´m, jumladan, 176,6 milliard so´mdan ziyod mikrokreditlar ajratildi va bu borada 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar o´sish kuzatildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo´llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samarasi o´laroq joriy yil birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulotda kichik biznesning ulushi 44,4 foiz, sanoatda 15,2 foiz, pullik xizmatlar ko´rsatishda 54,4 foiz, qurilish ishlarida 65,5 foiz, chakana savdoda 22,6 foiz, asosiy kapitalga kiritilgan investisiyalarda 14,9 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda ish bilan band bo´lgan aholi qatlamining 78,3 foizi aynan shu sohada mehnat qilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub´ektlarining eksportini qo´llab-quvvatlash maqsadida joriy yil boshidan buyon Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi jamg´arma tomonidan 80 ta tadbirkorlik sub´ektiga yordam ko´rsatilib, shundan 19 ta korxona tomonidan 37 million AQSh dollarilik mahsulot eksport qilinishiga ko´maklashildi. Bundan tashqari, Kitob tumanidagi "Vigit Impeks" fermer xo´jaligiga 500 million so´m miqdorida moliyaviy yordam ko´rsatildi.
2015-2016 yillarda davlat mulkini xususiylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida investisiya kiritish majburiyatini olish sharti bilan viloyatdagi 35 ob´ekt investorlarga "nol" qiymatda sotilishi mo´ljallangandi. Joriy yilning 26 iyun hamda 17 iyul kunlari bo´lib o´tgan tanlovda ushbu ob´ektlar investorlarga jami 39,4 milliard so´m investisiya kiritish va 731 ta ish o´rni yaratish majburiyati bilan berilishi tashkil etildi.
Viloyatning sanoat salohiyatini oshirishda O´zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 iyuldagi "Davlat mulki ob´ektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub´ektlariga sotish bo´yicha qo´shimcha chora-tadbirlar to´g´risida"gi qarori yanada keng imkoniyat yaratdi. Qaror asosida Qarshi shahri, Shahrisabz va Nishon tumanlarida kichik "sanoat zonasi"ni tashkil etish ishlari boshlangan. Hozirgi kunda joylarda muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini o´tkazish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, Chiroqchi tumanining YEttitom qo´rg´onidan ajratilgan 20 gektar er maydonida 151 ta loyiha bo´yicha kichik "sanoat zonasi" tashkil etish ishlari boshlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |