Yer: joylashishi va undan ko’p maqsadli foydalanish
Reja:
Iqtisodiyotda yerdan foydalanish va yer
Munosabatlari
Yer bozorining mohiyati, vazifalari va shakllanish xususiyatlari
Yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lash. Yer solig‘i va yer ijarasi haqi, ularning iqtisodiy asoslari va metodologiyasi
Jamiyat va iqtisodiyot tomonidan yer resurslaridan foydalanish tinimsiz xarakterga ega bo‘lgan ob’ektiv jarayonni aks ettiradi, chunki jamiyat va iqtisodiyot o‘zining moddiy va boshqa manfaatlarga bo‘lgan doimiy o‘sib boruvchi ehtiyojlarini qondirish uchun yerdan foydalanishni to‘xtata olmaydi, siklli takror ishlab chiqarish jarayoni kechadi. Chunki, foydalanilayotgan yer resurslari doimiy rivojlanuvchi jamiyat va iqtisodiyotning zarur manfaatlarini muttasil qondirish maqsadida takror ishlab chiqishni talab qiladi, jamiyat va iqtisodiyotning har xil moddiy va boshqa turdagi ehtiyojlarini qondirish talablari sababli ko‘pmaqsadli va ko‘pfunksiyali xarakterga ega.
Shuni e’tiborga olgan holda quyidagi 3.1-sxemada yer resurslaridan foydalanish tizimi yerning o‘ziga xos xususiyatlari bilan o‘zaro bog‘liqligi ifodalangan bo‘lib, bunda yer ko‘p maqsadli va ko‘p funksional ob’ekt sifatida qaralmoqda va uning to‘rtta qirrasi, ya’ni “tabiiy resurs”, “iqtisodiy resurs-kapital”,
“ko‘chmas mulk ob’ekti” va “xo‘jalik yuritish ob’ekti” sifatidagi xususiyatlari har biri bo‘yicha alohida tahlil qilishni taqozo qiladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va yerning ko‘p funksionallik xususiyatlari yerdan foydalanish tizimining tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarida o‘z aksini topishining o‘ziga xos modeli sifatida baholash mumkin.
Yer makon asosi (inshoot va imoratlarni joylashtirish uchun) bo‘lish bilan bir qatorda ishlab chiqarish vositasi, qishloq va o‘rmon xo‘jaligida esa, asosiy ishlab chiqarish vositasi ham bo‘lib hisoblanadi – yerning unumdorligi mahsulot ishlab chiqarishga bevosita ta’sir etadi. Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, nazariy jihatdan, avvalo yerni ko‘p funksional ob’ekt sifatida ifodalovchi “tabiiy resurs”, “iqtisodiy resurs-kapital”,
“ko‘chmas mulk ob’ekti” va “xo‘jalik yuritish ob’ekti” tushunchalarining o‘ziga xos xususiyatlarini to‘g‘ri talqin qilish va ular orasidagi farq va chegarani aniq belgilab olgandan so‘nggina yerlarni soliqqa tortish, ularni kredit uchun garov ta’minoti sifatida baholash, yer uchastkalarini xususiylashtirish va boshqa iqtisodiy jarayonlarni tartibga solish haqida gapirish mumkin.
Ma’lumotlarni tahlil qilish yer kurrasining umumiy maydoni, ya’ni sathi 510 mln km2 yoki 51 mlrd gektarni tashkil etishini ko‘rsatadi. SHundan 134 mln km2 yoki 13,4 mlrd gektari yer fondidir. U qit’alar bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan: jumladan Osiyo qit’asida 33,1 foiz, Yevropada – 8,0 foiz, Afrikada – 22,5 foiz, Amerikada (shimoliy va janubiy) – 30,1 foiz va nihoyat Avstraliya hamda Okeaniyada – 6,3 foiz. O‘zbekistonning yer fondi 2019 yilning 1 yanvariga ko‘ra 44896,8 ming gektarni tashkil etadi. Jahonning hamda O‘zbekiston Respublikasining yer fondini amaliy jihatdan bir gektarga ham ko‘paytirish imkoni yo‘q. Shuning uchun ham yer fondi iqtisodiyotda miqdor va sifat jihatidan cheklangan resurslar tarkibiga kiritilgan. Lekin ushbu resurslarga jahondagi kabi O‘zbekistonda ham ehtiyoj va talab yil sayin oshib bormoqda. Bunga eng asosiy sabab, birinchidan, aholi sonining tobora o‘sib borishi bo‘lsa, ikkinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarning yer resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarining to‘xtovsiz oshib borishidir. Yer fondi holatiga salbiy ta’siri natijasida yer resurslarining degradatsiyalashuvi oqibatida foydalanish uchun iqtisodiy jihatdan qulay yerlarning kamayib borishi yer fondining cheklanganligini yanada keskinlashtirib yubormoqda. Ayniqsa, aholi sonining ko‘payishi natijasida uning barcha turdagi (uy-joy, korxonalar) qurilishlari uchun ma’lum miqdordagi yer ajratilishi oqibatida foydalaniladigan yer maydoni kamayib boradi. Bunday holat, qolgan yerlardan samarali va to‘liq foydalanishni taqozo etadi. Jahonning ayrim qit’a va mintaqalarida ushbu holat nihoyatda dolzarb muammoga aylanmoqda. Mazkur muammoning yanada dolzarb bo‘lishiga ko‘plab omillar singari aholining joylashishi katta ta’sir qilmoqda. Masalan, jahon aholisining 60,55 % Osiyo qit’asida, 11,15 % Yevropada, 13,73 % Afrikada, 13,76 % Amerika qit’asida va 0,81 % Avstraliya va Okeaniyada joylashgan. Bugungi kunga kelib esa jahon aholisi 8,0 milliardga yaqinlashib qoldi
Ekologik vaziyatning keskinlashuvi sharoitida yerning ekologik holatini muhofaza qilish, jamiyat va tabiatning uyg‘un rivojlantirish zarurati yerdan foydalanishning muhim jihatlaridan bo‘lib qoldi. Bozor munosabatlarining rivojlanishi natijasida yerdan foydalanish bozor xususiyatlarini kasb etmoqda, yer tovar-pul munosabatlariga kiritilmoqda, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar va munosabatlarda yerning roli ortib bormoqda. Bu esa yerdan foydalanishning har qanday jamiyat taraqqiy etishi uchun ob’ektiv, zaruriy sharti sifatida namoyon etadi.
Jamiyat va iqtisodiyotning taraqqiy etishi bilan yerdan foydalanishning xilma-xil shakllari vujudga keladi, yerdan foydalanishning maqsad va vazifalari yanada kengayadi. Yerdan foydalanish takomillashtirilmoqda, bu holat yerdan foydalanish jarayonining muntazam rivojlanib boruvchi dialektik mohiyatini belgilab beradi. Yerdan ko‘p yo‘nalishli maqsadlarda foydalanish O‘zbekistonning yagona davlat yer fondi tarkibida o‘z aksini topdi, unda mazkur belgilariga qarab yer 8 ta toifaga ajratilgan. Yerdan foydalanish maqsadlari toifalarining mayda detallarini bayon etish bilan birgalikda, yerning o‘zi ham maqsadlar tarkibiga ko‘ra ma’lum bir kategoriyalarga tasniflangan.
Jamiyat va iqtisodiyot taraqqiyotida yerning roli va undan foydalanish xususiyatlari iqtisodiy nazariya klassiklari tomonidan to‘liq o‘rganilib, asarlarda yoritib berilgan. Yerdan foydalanish xususiyatlari tashqi jihatdan uning jamiyatdagi ishlab chiqarish, fiskal, bozor, ijtimoiy, rekreatsion-sog‘lomlashtirish, tabiatni muhofaza qilish kabi ko‘p qirrali roli vositasida namoyon bo‘ladi. Yer aholining joylashadigan va insonning hayotiy faoliyati amalga oshiriladigan joy, ishlab chiqarish vositasi, yer osti boyliklari, hayvonot va o‘simliklar dunyosi rivojlanishi uchun tabiiy asos sifatida namoyon bo‘ladi. Bozor iqtisodiyotining rivojlanishi natijasida yerdan foydalanish bozor xususiyatlarini kasb etdi, bu esa, yerning jamiyat va iqtisodiyotda ijtimoiyiqtisodiy aloqalar va munosabatlarning muhim ob’ekti sifatidagi rolini yanada kuchaytirdi. O‘z navbatida, jamiyat va iqtisodiyotning taraqqiy etib borishi bilan yerdan ko‘p yo‘nalishli maqsadlarda foydalanish talablari murakkablashib bormoqda, yerdan foydalanish shakllari va xususiyatlari o‘zgarib bormoqda, bu holatlar yerning dialektik, muntazam o‘zgaruvchan xususiyatini belgilab beradi.
Jamiyatda yerning faoliyat shakllariga quyidagilar kiradi: qishloq va o‘rmon xo‘jaligida – asosiy ishlab chiqarish vositasi; qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan moddiy ishlab chiqarish, transport, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida – ishlab chiqarish vositasi; ijtimoiy va rekreatsion sohalarda – jarayonlar uchun amaliyot bajarish makoni; yer bozori yoki yerga ijara huquqi mavjud bo‘lgan bozor iqtisodiyoti sharoitida – tovar.
Yerdan foydalanish moddiy ishlab chiqarish omili sifatida, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlab chiqarish iste’moli muammosiga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlar bo‘lishiga qaramay, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan ishlab chiqarishda yerdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmi yetarli darajada o‘rganilmagan. Mazkur yerlarning qiymat ko‘rinishida baholash uslublari ishlab chiqilmagan va amalga oshirilmagan, ishlab chiqarishning eng muhim omillaridan biri sifatida yerning ishlab chiqarish daromadidagi ulushi miqdori, yer maydonini ijaraga olish huquqi qiymati belgilanmagan, yer solig‘ining ilmiy asoslangan miqdori va boshqalar mavjud emas. Jamiyat tomonidan yerning ijtimoiy va rekreatsion maqsadlarda foydalanish jihatlari esa, umuman o‘rganilmagan. Ma’lum bir ilmiy adabiyotlarda yer amaliyot bajariladigan makon sifatida foydalanish fakti qayd etilsa-da, yerning ijtimoiy va rekreatsion samaradorligini aniqlash va baholash, jamiyat tomonidan yerdan foydalanish samaradorligini baholash borasida izchil o‘rganilgan chuqur tadqiqotlar mavjud emas. Yerdan foydalanishning ekologik jihatlari ham yetarli darajada o‘rganilgan emas.
Mamlakat iqtisodiyotining, jumladan yerdan foydalanishning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi bilan mazkur muammolar naqadar dolzarb ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Jamiyat va iqtisodiyotda yerdan ishlab chiqarish va noishlab chiqarish (ijtimoiy, rekreatsion, tabiatni muhofaza qilish)da resurs sifatida foydalaniladi. Shu sababli, yerdan foydalanish usullarini o‘rganishda uning ishlab chiqarish va noishlab chiqarishda iste’moli nazarda tutilishi kerak, bu esa yerdan foydalanishning ishlab chiqarish va noishlab chiqarishdagi ahamiyatini belgilash imkonini beradi. Birinchisi, odatda, yerdan foydalanishning iqtisodiy samaradorligiga erishish bilan bog‘liq, ikkinchisi – asosan, ijtimoiy va rekreatsion sohalarga taalluqli. Birinchisiga agroxo‘jalik va ishlab chiqarish usullarini kiritish kerak. Agroxo‘jalik uslubi yerning ustki qismi (tuproq)ni haydash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish uchun kerakli texnologik amaliyotlarning bajarilishini ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda yer – asosiy ishlab chiqarish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Qishloq va o‘rmon xo‘jaligida yerdan foydalanish qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan hosil va yog‘och olish, ya’ni iqtisodiy samara olish, demakki, yerdan foydalanish daromad olish bilan bog‘liq. Shu bilan bir qatorda, yerdan har yili foydalanish uning hosildorligining kamayishiga, unga ishlov berish esa tuproqning mexanik tarkibi, suv va havo almashinuvi tartibining o‘zgarishiga, ya’ni ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladi.
Qishloq va o‘rmon xo‘jaligida yerdan foydalanish iqtisodiy samara bilan birga, ekologik samara ham beradi, bunda samaraning ikkala ko‘rinishi ham ijobiy, ham salbiy bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, agroxo‘jalik uslubini ikki xil turga ajaratish mumkin: 1) yerga ishlov berishning ma’lum bir texnologiyalari bilan bog‘liq (qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, ko‘p yillik daraxtlarni o‘tqazish); 2) yerga ishlov bermasdan (yaylovlarni oborotga kiritish) yaylovlardan foydalanish.
Sanoat ishlab chiqarishi uslubi yer maydonlaridan o‘z faoliyatlari davomida sanoat, transport, xizmat ko‘rsatish, savdo sohasi ob’ektlarini joylashtirish makoni sifatida foydalanishlari bilan bog‘liq. Ob’ektlarning yerdan foydalanmasdan faoliyat jarayonlarini amalga oshirishi, ya’ni mahsulot ishlab chiqarishi mumkin emas. Bu o‘rinda yer ishlab chiqarishning zarur sharti, ishlab chiqarish omili sifatida namoyon bo‘ladi. Yerdan ikkala usulda foydalanish natijasi – mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko‘rsatish (iqtisodiy samara, shu jumladan pulli xizmatlar)dir. Zavod va fabrikalar, energetika va boshqa sanoat ob’ektlari qurilishi yer maydonlarini ishlab chiqarish korpuslari, maxsus uskunalar, injenerlik tarmoqlari, o‘tish yo‘llari va hokazolarni joylashtirilishi uchun loyiha asosida moslashtirish bilan bog‘liq. Qurilish yerning ustki qismining buzilishiga olib keladi, qurilish paytida tuproq qatlamini boshqa bir joyda yig‘ish yoki qishloq xo‘jaligida ishlatish maqsadida boshqa joyga ko‘chirish, mahalliy qurilish matyeriallaridan foydalanish uchun karerlar qazish zaruratini keltirib chiqaradi.
Transport ob’ektlarida yer maydonlarini qurilishga tayyorlash avtomobil yo‘llari, temir yo‘l polotnolarini, metropoliten qurilishi va ekspluatatsiyasi esa, tuproqni qazib chiqarish orqali tunnellarni vujudga keltirishdan iborat.
Kon qazib chiqarish sanoatida foydali qazilmalar “omborxonasi” bo‘lgan yer ishlab chiqarish vositasi rolida namoyon bo‘ladi. Mazkur sanoatda yerdan foydalanishning iqtisodiy samarasi qazib olingan qazilma boyliklarning (ichki yoki tashqi) bozordagi narxi, ularni ishlab chiqishdagi sarf-xarajatlari va rekultivatsiya kabi omillar bilan bog‘liq. O‘z navbatida, foydali qazilmalarni ishlab chiqarish sarf-xarajatlari ularning joylashuv (chuqurlik) darajasi, shuningdek ulush hajmiga (yer maydoni birligida) ham bog‘liq bo‘ladi. Agar foydali qazilmalarning narxi yerdan foydalanish samarasining aktiv tarkibiga kiritilsa, ularni ishlab chiqarish sarf-xarajatlari passiv tarkibiga kiritiladi. Shu o‘rinda ishlab chiqarish vositasi sifatida yerning ham daromad ulushini aniqlash talab etiladi, bu esa mazkur sohada yerdan maqsadli foydalanishning daromadini baholash usulidan foydalanish imkonini beradi.
Sanoat va transport ob’ektlari, ko‘pincha, ularni me’yorida ekspluatatsiya qilish uchun taqiqlangan, qo‘riqlanadigan, sanitar-himoya, qirg‘oq-qo‘riqlash kabi zonalarning yaratilishini talab etadi.
Yerdan foydalanishning noishlab chiqarish usullari yerdan faqat joylashish makoni sifatida foydalanishda qo‘llanadi va iqtisodiy mahsulot olish bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Yerdan bunday foydalanish ijtimoiy sohalarda uchraydi va, asosan, ijtimoiy samara olishdan iborat bo‘ladi. Rekreatsion sohada yerdan foydalanish xususiyati ommaviy dam olish zonalari (plyajlar, sun’iy ko‘llar, sayilgohlar, qayiq stansiyalari va h.k.)ni tashkil etishga moslashtirilishida aks etadi. Yer bunday usulda rekreatsion va tabiatni muhofaza qilish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy sohada yer maydonlaridan uy-joy qurilishi va ijtimoiy maqsaddagi ob’ektlarni joylashtirish uchun foydalaniladi. Bunda yer amaliyotlarni bajarish uchun makon vositasida namoyon bo‘ladi, undan foydalanish ob’ektlar (binolar)ni qurish va ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq. Sog‘lomlashtirish maqsadida yerlardan foydalanishga kelsak, mazkur holatda yerning tabiiy xususiyatlari (shifobaxsh loylar, mineral suvlar, iqlim sharoitlari)dan foydalaniladi. Yerdan bunday usulda foydalanish rekreatsion (sog‘lomlashtirish) samara beradi.
Tabiatni muhofaza qilish sohasi (qo‘riqxonalar, zakazniklar) uchun yerga texnogen ta’sirlardan holi, o‘simlik va hayvonat olamining “tabiiy” foydalanishiga xosdir. Yerdan bunday usulda foydalanishning ekologik natijasi o‘laroq, o‘simlik va hayvonot dunyosining saqlanib qolinishidir. Yerdan foydalanishning sanoat ishlab o‘zgartira oladi. Shu sababli, yerdan ishlab chiqarish vositasi sifatida imkon qadar to‘liq va oqilona foydalanish maqsadida korxona hududini shakllantirishda ishlab chiqarishning barcha elementlarining to‘g‘ri joylashuvini nazarda tutish kerak bo‘ladi.
Ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqarish vositalarining barchasining moddiy va ma’naviy eskirishi yuz beradi. Buning natijasida, ulardan foydalanish samarasi pasayadi yoki butkul yo‘qoladi va ishlab chiqarish sohasidan soqit bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligida ishlab chiqarishning asosiy vositasi sifatida yer undan to‘g‘ri foydalanilganida, nafaqat emiriladi, aksincha, yaxshilanib boradi – uning unumdorligi ortadi.
Yerning ustki qatlami tabiiy tarixiy jism bo‘lib, yer sharining quruqlik qismi cheklangan va miqdori o‘zgarmasdir. Yerni ishlab chiqarish vositasi sifatida boshqa turdagi ishlab chiqarish vositasi bilan umuman almashtirib bo‘lmaydi. Shu bilan bir paytda, ishlab chiqarishning boshqa vositalari ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish jarayonida uzluksiz miqdoriy o‘zgarishi va zarurat tug‘ilganida, biri boshqasi bilan almashtirilishi mumkin.
Yer – planetadagi barcha mavjudot, jumladan insonning ishlab chiqarish vositasi sifatidagi faoliyatni ta’minlovchi barcha tabiiy resurslar va iqtisodiy muhit elementlarining saqlanib qolish asosidir.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonida yer va ishlab chiqarishning boshqa vositalari bo‘lgan irrigatsion kanallar, yo‘llar, kollektor-drenaj tarmoqlari, gidrotexnik va dala inshootlari chambarchas bog‘liqdir.
Qishloq xo‘jaligida yerdan ishlab chiqarish vositasi sifatida foydalanish boshqa tabiiy omillar (elektr nuri, suv, havo, issiqlik) bilan kompleks ravishda amalga oshiriladi. Yerning bunday xususiyati texnologiyalarning hududlarga moslashtirilishi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini to‘g‘ri joylashtirilishi, alohida region, rayon, korxonalarning ixtisoslashtirilishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ishlab chiqarishning barcha vositalari mehnat taqsimoti jarayoniga zamin hozirlaydi, yerdan ratsional foydalanish esa, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, tarmoqlarning uyg‘unlashtirishni talab etadi. Yerning ushbu xususiyati tor sohalarga ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Ishlab chiqarishning asosiy vositasi sifatida yerdan faqat vegetatsion davrda foydalaniladi, ishlab chiqarishning boshqa vositalaridan esa yil bo‘yi, uzilishlarsiz foydalaniladi.
Yerni tabiiy resurs sifatida bozor munosabatlariga jalb etilishi unga tovarlik xususiyatini beradi, yerning ushbu xususiyatini bozor narxini belgilashda va yer bilan bog‘liq amaliyotlarni bajarishda inobatga olish kerak.
YUqorida sanab o‘tilgan yer xususiyatlari undan ishlab chiqarish va noishlab chiqarishda foydalanishning umumiy shartlari sifatida yer resurslaridan barqaror foydalanishni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |