1.4. Texnogen xarakterdagi favqulodda holatlarning sodir bo’lishi
Texnogen halokatlar. Katta hududlarda portlash, yong’in, radioaktiv, ximiyaviy va biologik zararlanishlarni hamda insonlar hayotiga xavf solib, guruhli o’limlarga olib keluvchi, ishlab chiqarish jarayonining keskin ishdan chiqishi bilan kechadigan hodisalar, ya’ni mashina va mexanizmlarni qo’qqisdan, ko’tilmaganda foydalanish davrida ishdan chiqib avariya hamda halokatlarga olib kelishi texnogen halokatlar deb ataladi.
Texnogen halokatlarga sanoat ob’ekglaridagi, qurilish, temir yo’l, havo va avtomobil transporti, suv transportidagi quvurlar, gaz-neftь quvurlari va boshqa shu kabi ob’ektlardagi avariyalar misol bo’ladi. Bunday avariyalar natijasida yong’inlar va portlashlar kelib chiqishi, aholi yashash va sanoat binolarining buzilishi, radiatsion, ximiyaviy va biologik zaharlanishlar vujudga kelishi, har xil avariyalar oqibatida neftь mahsulotlari va zaharli moddalarni oqishi bilan yer, suv va havoning ifloslanishi, aholi hayotiga va atrof-muhitga katta xavf tug’ilishi ro’y beradi.
Texnogen halokatlar tashqi tabiiy omillar ta’sirida, jumladan, tabiiy ofatlar oqibatida, bino va inshootlarni loyihaviy va ishlab chiqarish nuqsonlari, kamchiliklari va ishlab chiqarish texnologiyasini buzilishi natijasida ro’y berishi mumkin.
Antropogen halokatlar - insoniyatning xo’jalik faoliyati tufayli yuzaga keluvchi antropogen omillar ta’sirida biosferaning sifat jihatidan o’zgarishi va natijada insonlar hayotiga, o’simlik va hayvonot dunyosiga hamda atrof-muhitga tahdid soluvchi va katta xavf tug’diruvchi hodisalardir.
Bunday ekologik harakaterdagi antropogen halokatlarga tuproqni intensiv ravishda degradatsiyalanishi va og’ir metallar (kadmiy, qo’rg’oshin, simob, xrom va boshqalar) hamda boshqa zararli moddalar bilan ifloslanishi, atmosferani zararli ximiyaviy moddalar, shovqin, elektr magnit maydoni va ionli nurlanishlar bilan ifloslanishi, kislotali yomg’irlar, ozon qatlamini yemirilishi, yirik sanoat shaharlarida harorat inversiyasining yuzaga kelishi, suv resurslarini ifloslanishi va shu kabi insonning turmush tarzi sifatiga ta’sir etuvchi, ularning hayotiga tahdid soluvchi hodisalar kiradi.
Ijtimoiy-siyosiy va harbiy-siyosiy mojarolar, ikki davlatning o’zaro qarama-qarshiligi natijasida urushlarning kelib chiqishi, urushda ommaviy qirg’in qurollaridan foydalanish xavfining tug’ilishi va shunga bog’liq holda boshqa turdagi muammolar, masalan, harbiy mojarolar vaqtidagi qochoqlar muammosi, yuqumli kasalliklarni kelib chiqishi va ularni katta hududlarda tarqalish xavflarini ortishi hamda milliy krizislar, mintaqaviy mojarolarni yuzaga kelish holatlaridir.
Favqulodda holatlar xavfi tarqalish tezligiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi: ko’tilmaganda (er qimirlashlar, portlashlar, transport avariyalar va boshqalar), shiddatli (yong’inlar, gidrodinamik avariyalar va boshqalar), o’rtacha (suv bosishlar, vulqonlar otilishi, radioaktiv moddalar chiqishi bilan kechadigan avariyalar va shu kabilar), asta-sekin tarqaluvchi xavflar (qurg’oqchilik epidemiya, sanoattozalash inshootlarining avariyalari, tuproqlarni ifloslanishi va suvlarni zararli ximiyaviy moddalar bilan ifloslanishi va boshqalar).
Favqulodda holatlar tarqalish masshtabining ko’rsatkichlariga uning tarqalish hududi o’lchamidan tashqari, xavfli omillarni tashkiliy, ijtiomiy, iqtisodiy va shu kabi muhim bog’lanishlarga bevosita ta’sir etishi ham kiradi. Bundan tashqari ta’riflash belgilariga favqulodda holatlar oqibatlarining darajasi, ya’ni, uning asoratlari ham muhim ko’rsatkichlardan hisoblanadi. CHunki favqulodda holatlar kichik hududlarda, kichik masshtabda sodir bo’lsada, uning oqibati juda ayanchli va tragediyali bo’lishi mumkin. SHu sababli, favqulodda holatlar kategoriyasini aniqlashda favqulodda holatlar yuz bergan maydon (hudud) holatini va favqulodda holatlarning oqibatlarini baholash talab etiladi. Favqulodda holatlar oqibatlarini o’rganish va baholash, uni bartaraf etishga qancha kuch va resurs ajratish lozimligini aniqlashga asos bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |