Yashnobod tumani, Boysun mahallasi, Ashrafiy 113-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Z. Kasimovaga
Adliya bo‘limi tomonidan, sizning uy-joy berilish tartibi va asoslari to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘rab qilgan murojaatingiz ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 9-avgustdagi PQ-5216-sonli “Yetim bolalar va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarni davlat tomonidan qo’llab-quvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida” qaroriga muvofiq endilikda 2021-yil 15-avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash quyidagi tartibida amalga oshiriladi:
o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ko‘chmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan ko‘p kvartirali uy-joylardan xarid qilinadi;
tegishli tuman (shahar)da ko‘chmas mulk birlamchi bozorida mazkur bandda nazarda tutilgan mezonlarga mos keladigan kvartiralar mavjud bo‘lmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan kvartiralar ko‘chmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda xarid qilinadi;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni
uy-joylar bilan ta’minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi, bunda mazkur navbatga o‘zgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xalq ta’limi vazirligi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joy bilan ta’minlanishi holati haqidagi har oyda yangilanadigan ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.
Shunda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
25-oktyabr 656-sonli “Yetim bolalar va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarni ijtimoiy qo’llab quvatlashga doir qo’shimcha chora tadbirlar to’g’risidag”gi Qaroriga muvofiq:
Uy-joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ushbu Nizomga 2-ilovada belgilangan namunadagi order beradi, order berilgan uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi.
Orderlar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga “onlayn-navbat” axborot tizimi ko‘ra qat’iy ketma-ketlik asosida beriladi.
Orderda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning
ismi-sharifi va otasining ismi, oilaviy ahvoli, yoshi, tuman (shahar) hokimligi tomonidan ajratilgan uy-joyning maydoni va to‘liq manzili ko‘rsatiladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga meros va boshqacha tarzda biriktirilgan mol-mulkini qurish (rekonstruksiya qilish) orqali
uy-joy ajratilishi to‘g‘risidagi order berilgan taqdirda, order rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab olti oy ichida qurib bitkaziladi, mazkur Nizomning 2-bandiga asosan jihozlanadi va belgilangan tartibda topshiriladi.
Qurish yoki rekonstruksiya qilish orqali uy-joy berilishida mazkur Nizomning
2-bandiga asosan umumiy maydoni 30 — 50 kvadrat metr oralig‘ida bo‘lgan uy-joy qurib yoki rekonstruksiya qilib beriladi.
Bunda, qurilish yoki rekonstruksiya qilish hamda jihozlash xarajatlari tegishli hududdagi bir xonali uyning va jihozlarning o‘rtacha narxidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Order berilgan kundan 10 kundan kechikmay yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga, o‘rnatilgan tartibda, orderda ko‘rsatilgan
uy-joy notarial rasmiylashtirib beriladi.
Order asosida olingan uy-joylar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola nomiga rasmiylashtiriladi, rasmiylashtirilgan sanadan boshlab o‘n yil muddatga uy-joyni sotishga, almashtirishga yoki boshqacha turdagi begonalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola ruhiy kasalliklar bo‘yicha yoki narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turgan taqdirda uy-joyni sotish, almashtirish yoki boshqacha turdagi begonalashtirish qo‘shimcha ikki yil muddatga uzaytiriladi.
Uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatga turish va uy-joy bilan ta’minlanish davri oralig‘ida ikki yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola o‘rtasida o‘zaro nikoh shartnomasi tuzilgan taqdirda, komissiyaning murojaatiga ko‘ra, istisno tariqasida, ularning biriga mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan talablar asosida umumiy maydoni 50 kvadrat metrgacha uy-joy ajratiladi.
Bunda, oilaning ikkinchi a’zosi ham uy-joy bilan ta’minlangan deb hisoblanadi va teng mulkiy huquqqa ega bo‘ladi.
Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga taqdim qilish maqsadida uy-joy sotib olishda bir ko‘p qavatli uy-joydan ko‘pi bilan ikkita kvartira sotib olishnishi inobatga olinadi.
Yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola u o‘quv-tarbiya muassasasida, farzandlik, vasiylik (homiylik, patronat) qaramog‘ida bo‘lishi tugayotgan yilning oxirgi choragiga qadar bo‘lgan muddatda uy-joylar bilan ta’minlanadilar.
Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uchun sotib olingan va jihozlangan uy-joy faqat shaxsiy foydalanishda bo‘lishi lozim. Uydan boshqa shaxslar foydalanishi, uyni ijaraga berilishi, har qanday ko‘rinishdagi begonalashtirilishi o‘rnatilgan tartibda ta’qiqlanadi.
Uy-joyni qabul qilib oluvchi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola mavjud ijtimoiy muhitga moslashishi, uy-joydan beliglangan sanitar va texnik talablar asosida foydalanishi, undan noqonuniy maqsadlarda foydalanilmasligi, kommunal to‘lovlari vaqtida to‘lab borishi, jamiyatda o‘z o‘rinini topish va barqaror shaxsiy daromad manbaiga ega bo‘lish va jamiyatning boshqa ijtimoiy normalariga rioya qilishi talab etiladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning yangi joydagi ijtimoiy moslashuvi ularga uy-joy berilgan yildan boshlab dastlabki uch yil davomida tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish sho‘balari tomonidan bir yilda kamida ikki martda yetim bola xonadoniga tashrif buyurish orqali o‘rganib boriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning ajratilgan
uy-joyda yashashi, ijtimoiy hayotga moslashishida qiyinchiliklar aniqlangan taqdirda, unga kotibiyat va tegishli mahalla organi faollari bilan birgalikda ijtimoiy-pisxologik yordam ko‘rsatiladi.
Ushbu javob xatidan norozi bo‘lsangiz, yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga murojaat qilish huquqingiz mavjudligi tushuntiriladi.
Bo‘lim boshlig‘i v.v.b X.M.Hakimov Ijrochi:J.Jo‘rayev