IX BOB
MAG‘RIB MAMLAKATLARI ADABIYoTI
Mag‘rib mamlakatlari adabiyoti XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ko‘p asrlar davomida
deyarli o‘zgarmagan mumtoz adabiyot an’analaridan zamonaviy tipdagi, sifat jihatidan yangi
adabiyotga o‘tish jarayonini boshdan kechirdi. Bu hol mazkur mamlakatlarning o‘z boshicha,
boshqalardan ajralgan tarzda yashash holatidan chiqib, texnik taraqqiyot, umumjahon
madaniyati, hozirgi zamon jamiyatining chigal muammolari kompleksiga bosh qo‘shishi tufayli
yuzaga keldi.
Ijtimoiy tizimning butunlay qayta qurilishi, bu jarayonning sur’at bilan, bor yo‘g‘i o‘n
yillar orasida amalga oshirilishi hamma joyda ham o‘ta murakkab axloqiy, fikriy va boshqa
to‘qnashuvlarga olib keldi. Ana shu voqealar badiiy adabiyotning tasvir ob’ektiga, yozuvchilar
asarlari esa, davrning bebaho ijtimoiy hujjatiga aylandi.
Mag‘rib mamlakatlarining hozirgi zamon adabiyotiga xos bo‘lgan jihat ularning notekis
rivojlanishidir. Mag‘rib adabiyoti, go‘yo tezda o‘z qoloqligini yengib o‘tishga qasd qilgandek,
ilg‘or g‘oyaviy va estetik tajribaga suyangan holda sapchib olg‘a tashlandi.
Madaniy masalalarda g‘arb kolonializmi siyosatidagi ikki tendensiyani kuzatish mumkin:
1. Assimilyatsiya siyosati, bu siyosat fransuz va portugal mustamlakachilari tomonidan
o‘tkazilar edi.
2. Mahalliy madaniyatni mustamlakachilar manfaatiga moslash siyosati. Britaniya va
Belgiya mustamlakachilari yurgizgan siyosat shunday edi.
Assimilyatsiya siyosati, birinchi navbatda, milliy tilni siqishtirish hisobiga
mustamlakachilar tilini joriy qilishda o‘z ifodasini topar edi. Ayniqsa, fransuz bosqinchilari
mahalliy madaniyatni izchil ravishda ta’qib qilish siyosatini o‘tkazib, hatto quyi sinf
o‘quvchilariga ona tilida gaplashishni taqiqlashga yetib borishardi. Buning oqibatida fransuz tili
jazoirlik yosh ziyolilarni ilg‘or g‘oyalar bilan tanishtiruvchi vositaga aylandi, Shimoliy Afrika
aholisiga mustamlakachilik tizimi atvorini chuqur tushunishga, unga nisbatan o‘zlarining tegishli
yondashuvlarini ishlab chiqishga ko‘maklashdi. Natija kutilganning teskarisi bo‘lib chiqdi,
chunki mustamlakachilar musulmon maktablarini yevropachaga almashtirganda mahalliy xalq
orasida "Evropalashgan qatlamni", kolonial rejim himoyachilarini vujudga keltirishni maqsad
qilib olgan edilar. Yozuvchilar fransuz tili orqali jamiyatning bugungi talablariga javob
beradigan, arab adabiy an’analariga xos bo‘lmagan badiiy tasvir vositalari bilan tanishdilar.
143
Fransiyaning Afrikadagi ilk mustamlakalaridan bo‘lgan Jazoirda arab tili "chet tili"ga aylanib
qoldi.
Hozirgi zamon Mag‘rib adabiyotining shakllanishi ijtimoiy ongning taraqqiyoti bilan
bog‘liq. Yozuvchilar fransuz tilini davlatning iqtisodiy, siyosiy taraqqiyoti omili bo‘lgan milliy
yaxlitlik, turli etnik guruhlarning birlashuvi vositasi sifatida qabul qildilar.
Mag‘rib mamlakatlarida mustaqillik qo‘lga kiritilgandan so‘ng "arablashtirish" siyosati
e’lon qilinganda fransuz tilidagi adabiyotni ham zamonaviy milliy madaniyatning muhim
tarkibiy qismi sifatida saqlab qolish va rivojlantirish lozimligi ayon bo‘ldi. Shunday qilib, g‘arb
dunyosiga, g‘arb madaniyatiga bo‘lgan munosabat murakkab evolyusiyani boshdan kechirdi.
Ikki jahon urushi oralig‘ida adabiyotda kolonial zulmga qarshi stixiyali e’tiroz va g‘arb
madaniyatiga bolalarcha shaydolik o‘z ifodasini topdi. Bu hol antikolonial harakatning ilk
pallalariga xos o‘zini anglashning noetukligi bilan bog‘liq edi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng esa buning aksi - adolatsizlik va zulm manbai deb
tasavvur qilingan "oqlar" bilan butunlay aloqani uzishga harakat qilish ko‘zga tashlanadi
(Jazoirlik publisist Frans Fanon).
Hozirgi zamon adabiyotining, ayniqsa, nasrning eng muhim mavzularidan biri patriarxal
sarqitlar va yangi tamoyillar orasidagi to‘qnashuvdir. Tanqidchilar bu mavzuni "eskilik va
yangilik" orasidagi kurash deb ataydilar. Ilk davrlarda bu mavzu "madaniyatlar to‘qnashuvi",
an’anaviy madaniyat va begonalar madaniyati unsurlarining to‘qnashuvi sifatida talqin qilingan
edi. Ammo so‘nggi vaqtlarda ko‘pgina Afrika mamlakatlarida kapitalistik munosabatlarning
kuchayib borishi sababli jamiyat taraqqiyotining maromi boshqacha ko‘rina boshladi. "Eskilik"
va "yangilik" orasidagi kurash hali ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda, adabiyot uchun
o‘zining ahamiyatini yo‘qotganicha yo‘q. Lekin endilikda "yangining", ya’ni Afrika
davlatlaridagi burjua munosabatlarning ichki ziddiyatlari tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Ijtimoiy tangsizlik, mehnat va kapital orasidagi ziddiyat borgan sari ko‘proq badiiy adabiyotning
tasvir ob’ektiga aylanmoqda. Adiblar diqqati mustamlakachi va mustamlaka davlat orasidagi
nizolardan ichki vaziyatga, ichki norasoliklarni tanqid qilishga ko‘chadi.
Madaniy merosga bo‘lgan munosabat murakkab tus oldi. Adabiyot va san’atda o‘tmishga
qiziqish ko‘p hollarda an’anaviy bosqinchilarning buzg‘unchilik ishlariga qaramay omon qolgan
shu xalqqa xos jihatlarni saqlab qolish, rivojlantirishga urinishda o‘z ifodasini topdi. O‘z
vaqtining madaniy merosiga uning kelajak taraqqiyotini o‘tmishi bilan bog‘lash maqsadida
murojaat qilish adiblar tomonidan milliy uyg‘onish jarayoniga qo‘shilgan salmoqli ulush edi.
Ayni paytda o‘tgan zamonlar madaniy qadriyatlarining absolyutlashtirilishi borgan sari
ko‘proq ziyolilar qarshiligiga duch kela boshladi.
Uzoq ming yilliklar davomida Afrika qit’asida buyuk sivilizatsiyalar mavjud bo‘lgan,
ulardan ajoyib san’at durdonalari, me’morchilik yodgorliklari, xalq og‘zaki ijodi namunalari
saqlanib qolgan. Butun dunyoga tanilgan Nil daryosi vohasidagi buyuk sivilizatsiyalar, Yevropa
sivilizatsiyasining ustunlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan inson paydo bo‘lgan ilk davrlarga oid
madaniyat o‘choqlari shular jumlasidandir.
Vorislik muammolari, favqulodda boy madaniy merosga, jumladan, folklorga bo‘lgan
munosabat adabiyot va san’at arboblari oldida turgan eng muhim muammolardan hisoblanadi.
Ba’zibir g‘arb tanqidchilari haligacha afrikalik yozuvchilarga bu qit’a xalqlari
san’atining "favquloddaligi"ni, uning asrlar qa’ridan sarchashma olib davom etib kelayotgan va
zamonga ham bo‘ysunmaydigan o‘ziga xosligini saqlashi lozimligini uqtirmoqchi bo‘ladilar.
Hatto ayrimlar adiblarni realistik adabiyot Afrika qit’asi uchun "begona"ligiga, folklor
sarchashmalariga qaytish - tradisionalizm afrikalik yozuvchi uchun yagona to‘g‘ri yo‘l ekaniga
ishontirmoqchi bo‘ladilar. Bu bilan ular yozuvchilarni dolzarb ijtimoiy masalalardan
uzoqlashtirishga, adabiyotni esa, afrikacha ekzotizm doirasidan chiqarmaslikka, "mahalliy
uslub"ni saqlab qolishga, "asl afrikacha" an’analarni realizmning "halokatli" ta’siridan asrab
qolishga da’vat qilmoqchi bo‘ladilar.
144
Neokolonializm tarafdorlaridan bo‘lmish Lante o‘zining "Burdalangan Afrika" kitobida
"vatan, millat, mustaqillik, dekolonizatsiya, demokratiya, birlik" kabi "g‘arbcha konsepsiya"larni
bu yerga tiqishtirish o‘rinsiz, degan fikrni bildiradi.
Shunday qilib, kechagina g‘arb sivilizatsiyasining afzalligi haqida safsata sotgan
mustamlakachilar Afrika madaniyatining o‘ziga xosligi, mustaqilligi himoyachisiga aylanib
qoldilar. Aslida esa, bu uni "nomatlub" tamoyillar yo‘lidan rivojlanib borishga to‘sqinlik
qilishdan o‘zga narsa emas.
Mag‘rib adabiyotida ba’zida modernizm, uning Mag‘ribga xos xususiyatlari haqidagi
fikrlar bayon etiladi. Bu fikrlar aksar hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri g‘arb adiblari va tanqidchilari
ta’sirida tug‘ilishi sir emas. Bu o‘rinda san’atkorlarning modernistik izlanishlarini bevosita
folklor bilan bog‘lashga, ularda ifodalangan irrasionalistik tamoyillardan keltirib chiqarishga
urinish ko‘zga chalinadi. G‘arbning mashhur yozuvchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqlid qilish
hollari ham oz emas. M.Dib o‘zining "Dengizni unutmaganlar" (1962), "Yovvoyi qirg‘oqlarga
qochish" (1964) romanlarida realistik metoddan chekinganini Pikassoning "Gernika"siga taqlid
qilgani bilan izohlaydi.
Mag‘ribning ayrim yozuvchilari ijodida modernistik estetika unsurlari XX asr san’atiga
xos murakkab progressiv tamoyillar bilan chatishgan holda namoyon bo‘ladi.
Afrika qit’asi adabiyotida yuzaga kelgan, hanuzgacha deyarli tadqiq etilmagan
romantizm masalasi ham diqqatni jalb etadi. Romantizm, masalan, arabiyzabon adabiyot
taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Chunonchi, o‘z asarlarida, asosan, insonning ichki
dunyosini tasvirlagan romantiklarning estetik prinsiplari XX asrgacha o‘zgarishsiz davom etib
kelgan arab she’riyatining eskirib ketgan qonun-qoidalariga qarshi kurashda anchagina ijobiy rol
o‘ynadi.
Hozirgi zamon adabiyoti taraqqiyotida kelajak rivojlanishi yo‘llarini, bugungi dunyoda
to‘g‘ri yo‘lni tanlashga ko‘mak beradigan tanqidiy realizm metodi ham katta ahamiyat kasb etib
bormoqda. Tanqidiy realizm uslubida ijod qilayotgan adiblar mamlakatda yuz berayotgan
reaksion xurujlarni jilovlab turadigan, ularning oldini oladigan ijtimoiy kuch sifatida maydonga
chiqmoqda.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, Mag‘ribning uch mamlakatida mustaqillik davrida yuzaga
kelgan yangi ijtimoiy-siyosiy holat bir-biridan juda ham farq qiladi. Ayni paytda ularda
kechayotgan adabiy jarayondagi umumiy jihatlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ularni
quyidagicha umumlashtirish mumkin:
1. Yozuvchi Mag‘ribning yangi adabiyoti shakllanishi davrida yuzaga kelgan an’analarga
sodiq qolmoqdalar.
2. Adabiyot ikki tilda rivojlanmoqda. Fransuz tilini K.Yasin "dushman qo‘lidan tortib
olingan miltiq", deb atagan edi.
3. Yozuvchilar asarlari mavzularining mushtarakligi, estetik prinsiplardagi umumiylik
ko‘zga tashlanmoqda.
Fransuz tilida nashr etiladigan "Suffl" ("Mujda") jurnali Mag‘rib yozuvchilarini
birlashtirib, quyidagi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan edi:
1. Xalqning to‘la erkinlik, "dekolonizatsiya", ijtimoiy va madaniy taraqqiyot sari bosib
o‘tgan yo‘li naqadar mashaqqatli bo‘lganini ko‘rsatish.
2. Milliy o‘tmish mohiyatini tushunishga harakat qilish, hozirgi zamonaga ochiq ko‘z
bilan qarash, kezi kelganda, kelajak qanday bo‘lishini ilg‘ab olishga harakat qilish.
Mag‘rib mamlakatlaridagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar yozuvchilarning voqelik bilan
yangicha munosabatda bo‘lishlariga olib keldi. Bu esa, o‘z navbatida, adabiyotda o‘z aksini
topadigan badiiy haqiqat xususiyatini ham o‘zgartirdi.
Mag‘rib yozuvchilari duch keladigan, ularning asarlarida ifodalanadigan muammolar
ma’naviy "dekolonizatsiya", yangi ijtimoiy munosabatlarning barqarorlashishi, rivojlanayotgan
munosabatlarda ro‘y berayotgan siyosiy, madaniy o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq.
Mustamlakachilik davrida yozuvchilar o‘z xalqlarining ichki dunyosini tasvirlashga,
o‘zlarining "milliy dunyo"larini kolonial dunyoga qarshi qo‘yishga harakat qilar edilar.
145
Mustamlakachilik tugatilgandan so‘nggi sharoit ilgari Jazoir, Tunis, Marokash
yozuvchilarini birdek hayajonga solgan ko‘pgina mavzularning differensiatsiyalanishiga olib
keldi, yangi mavzular yuzaga keldi. Yozuvchilar endi yangi dunyoning ziddiyatlarini, yangi
zamon odamining hali ham asoratlari sezilib turgan o‘tmish bilan bo‘lgan murakkab
munosabatlarini idrok etishga harakat qilmoqdalar.
Ijtimoiy-tarixiy sharoit endilikda unga xos epik salmoqdorlik bilan emas, balki ma’naviy
voqelik, yangi zamon zaylini anglashga qodir shaxsning ichki dunyosi oynasida aks etgan
shaklda tasvirlanmoqda. Ilgari adabiyotda turmush voqeliklarini tasvirlash ustun turgan bo‘lsa,
endilikda inson qalbida kechayotgan hayotni tasvirlash asosiy o‘rin egallab bormoqda.
Romanlarda ilgarigidek badastir, izchil syujetning yo‘qligi, ma’no tovlanishlari, ramzlarning
uzuq-yuluqligi, majoziylik sababi ham shunda. Kitoblar sahifalaridan yuz ochgan, salbiy
bo‘yoqlarda tasvirlangan dunyoni yaxlit bir butunlikka birlashtirib turadigan omil esa,
yozuvchining aniq ifodalangan pozisiyasidir. Shunday tasavvur hosil bo‘lishi mumkinki,
Mag‘rib yozuvchilari go‘yo yaxshi narsalarni qidirib topib tasvirlashni unutib, bor diqqat -
e’tiborlarini voqelik, muhitni ijtimoiy-tanqidiy tahlil qilishga, uning ziddiyatlarini ko‘rsatishga
qaratganlar.
U.Folkner yozgan edi: "Yozuvchi, shoir, romannavis insonlarning xatti-harakatini qayd
etib boradigan oddiy solnomanavis bo‘la olmaydi. U insonda hozirgi holatidan yaxshiroq
bo‘lishi mumkinligi haqida tushuncha hosil qilishi lozim. Agar yozuvchining zimmasiga biror
vazifa yuklangan, deyiladigan bo‘lsa, bu vazifa o‘zi ko‘rib turgan dunyoni ozgina bo‘lsa ham
yaxshiroq qilishdan, ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalanib, uni yomonliklardan poklashga
harakat qilishdan iborat". Folkner haq bo‘lsa ajab emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |