GIPPOKRAT
(taxminan, eramizdan avvalgi. 460 - 370 yillar)
O ‘z professional kasb yo‘lini boshlashdan avval har bir hakim avvalo Gippokratni albatta yodga olib o‘tadi. U diplom olish chog‘ida uning nomi bilan ataluvchi qasamyodni qabul qiladi. Gippokratdan bir necha yillar keyinroq yashagan boshqa bir yunon hakimi - Galendan tashqari hech kim qadimgi Yevropa tibbiyotining oyoqqa turishiga bunchalik katta ta'sir ko‘rsatgan emas.
Gippokrat milodgacha bo‘lgan 460-yilda Yunonistonning Ioniyalik Doriylari tomonidan tashkil qilingan koloniyasi - Kos orolida tavallud topdi. Afsonaga ko‘ra Gippokrat, tibbiyot ma'budi Asklepiyning avlodidan bo‘lgan emish. Asklepiy avlodlarida tib ilmi avloddan avlodga, ustozdan shogirdga muntazam o‘rgatilib borilgan va o‘ziga xos "Asklepiychilar uyushmasi" shakllangan. Ko‘plab o‘z zamonasining yetuk tibbiyotchi va dorishunoslari mazkur uyushma atrofida birlashganlar. Shu tarzda Gippokratning o‘g‘illari hamda ko‘p sondagi shogirdlari ham yetuk hakimlar bo‘lib yetishishgan va Gippokratning tibbiy amaliy va ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi kashfiyot va ishlarida doimiy yordamchi bo‘lib xizmat qilishgan.
Asklepiychilar uyushmasi, uni shuningdek Kos maktabi ham deb atashadi, o‘sha zamonlarning barcha uyushma va tashkilotlari singari o‘z faoliyatida asosan diniy tushuncha va qadriyatlarga tayanib ish olib borgan. Masalan ularda, o‘rganuvchi shogird - talabalarning ustoz va uning boshqa hamkasblari, hamda o‘zi bilan birgalikda ta'lim olayotgan birodarlariga sodiqlikka qasam ichish, har qanday vaziyatda ham rost gapirish, haqiqatni izlash uchun hech narsadan chegaralanmaslik va jiddiy ilmiy faoliyat bilan sidqidildan shug‘ullanish kabi axloqiy me'yorlarga qat'iy amal qilishni talab etgan.
Gippokrat dastlabki tibbiy bilimlarni o‘z otasidan, hakim - Erkalikdan olgan. Otasining oroldagi hamkasblari ham Gippokratga ko‘p narsani o‘rgatishgan. Keyinchalik esa, o‘z bilimlarini yanada oshirish va mukammallashtirish uchun turli mamlakatlarga safarlar qilgan va mahalliy hakimlarning amaliyoti bilan tanishib chiqqan.
Gippokratning shaxsiy hayoti haqida tarixiy ma'lumotlar juda kam. Uning tarjimai holiga oid hikoya va rivoyatlar mavjud bo‘lib, lekin ular asosan afsona xususiyatida namoyon bo‘ladi. Xuddi Gomer kabi Gippokrat ismi ham buyuk hakimning asl ismi bo‘lmay balki, turli ism va taxalluslardan yig‘ma nom ekan. yaqin yillardagi ilmiy faktlarga asoslanadigan bo‘lsak, Gippokrat qalamiga mansub deb qaraladigan yetmishga yaqin asarlarning aksariyati, uning o‘g‘illari Fessal va Drakon yoki, kuyovi - Polibga tegishli ekan. Galen Gippokratning o‘zi yozgan asarlarini 11 ta, Galler 18 ta deb e'tirof etsa, Kovner esa Gippokrat kodeksidagi faqat 8 ta asar Gippokratning ilmiy ishi, qolganlari esa unga bog‘lab chop etilgan boshqa mualliflarga tegishli deb ta'kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |