Rasululloh shaxsiy namuna sifatida
Aksariyat ilohiyotshunoslar payg‘ambar ayni paytda o‘z qabrida barzax, ya'ni ushbu va narigi dunyo oralig‘ida - «bo‘g‘iz»da istiqomat qilayotganini tan olishadi.
Musulmonlarning ulug‘larga hurmat yuzasidan payg‘ambarning yo‘l ko‘rsatish uchun ruhoniylar tushiga kirib turishiga ishonishi ko‘p uchraydigan holdir. Mana bu qirq kunlik chilla o‘tirishda yuritilgan kundalikning zamonaviy misolidir:
Men salot qilishim bilan ko‘z oldimda aniq va tiniq bir qiyofa namoyon bo‘ladi: ul zotning nozik, ayni paytda baquvvat, terisi bir oz qoraygan qo‘llari, xuddi shunday yalang oyoqlarini va qo‘ng‘ir charmdan tikilgan chorig‘ini ko‘raman. Juda yaqin turganim tufayli bo‘lsa kerak, yuzi va boshini ko‘ra olmayman. Biroq o‘zimni ko‘raman. Ul zot meni qizaloqlik paytimda buvam tizzasiga olib o‘tirganday tizzasiga olib o‘tiradi va bag‘riga bosadi. Payg‘ambarning tizzasida o‘tirgan holatimga nigohim tushishi bilan men o‘zimning ko‘z o‘ngimda yasharib ketaman. Nihoyat, uzoq yillar oldingi jamalaksoch qizchaga aylanib qolaman. [...]
Men ul zotdan o‘z yuragini ko‘rsatishni, meni yurak hasbi holi va faqirlikka o‘rgatishni iltimos qilaman. Ul zot ko‘kragini ko‘rsatish uchun ko‘ksini ochadi, uning yuragi shu'la taratuvchi va aks ettiruvchi ko‘zguga, o‘zining otashin tafti bilan har qanday narsani kuydirib kul qiluvchi, tasviriga til ojiz darajadagi toza, kumushday shaffof nur taratuvchi quyoshga o‘xshar edi. Uning otashiga chidab bo‘lmas, shu bilan birga, qarshilik ham ko‘rsatib bo‘lmas edi go‘yo. U har bir ortiqcha narsani kulga aylantirar hamda bo‘mbo‘sh va toza narsalarni yoqib yuborar edi. Men ul zotning porloq, har bir narsani teshib o‘tuvchi nurli qiyofasi oldida hamda kuchli qo‘llarida o‘zimni ancha vaqt bexatar sezdim.[54]
Sirlilikning prototipi sifatida
Aytishlaricha, Rumiy Amerikada eng ko‘p o‘qiladigan shoir ekan[55], biroq uning yangi asrda tarjima etilayotgan she'rlari, to‘g‘rirog‘i, she'riy «versiyalari» ham Amerikaning islomni astoydil yomon ko‘rishini inobatga olib, amalga oshirilmoqda, ya'ni bu tarjimalarda islom shoir qarashlarining asosi sifatida asarlaridan chiqarib tashlangan. Uning asarlari asliyatda mag‘rur jaranglaydi, u bizga ekzoterik[56] huqushunoslik doktorining gaplarini ma'qullab bosh irg‘ashi kabi emas, aksincha Rumiyning ideali, «Allohning usturlobi», komil avliyoning ruhiy da'vati bo‘lib jaranglaydi. Rumiy: «Ul zot - mening habibim, ul zot mening tabibim, ul zot mening ustozim, ul zot mening dardimga darmondir», deb xitob qiladi. «Ul zotning hayoti bir qator tasvirlardan iboratdir, uni tushunish kuzatuvchini butunlay o‘zgartirib yuboradi, ul zot «faylasufning toshi» bo‘lib, qo‘rg‘oshin yuraklarni oltinga aylantiradi.
Bir necha uzun hadislarda payg‘ambarning Quddusdan Me'rojga chiqqani xususida hikoya qilinadi. Xususan, Jabroil Allohning huzuriga borganida Muhammadga hamrohlik qila olmagani qayd etiladi. Rumiy payg‘ambarning maslagida eng ilohiy lahza sifatida uning sirli parvozini ko‘rsatadi:
Muhammad Lot daraxti, Jabroilning qo‘riqchilik marrasi, maqomi va chegarasidan o‘tgach, Jabroilga: «Yuring, mening ortimdan uching!» dedi. Jabroil: «Boravering! Boravering! Men sizning tengingiz emasman», dedi. Ul zot: «Keling, o pardalarni yoquvchi zot! Men hanuz zirva - eng yuqori nuqtaga yetmadim», dedi. Jabroil: «O, sizga hamdu sanolar bo‘lsin! Men ushbu chegaradan nari o‘tsam, qanotlarim kuyib kul bo‘ladi», deb javob qaytardi. [...]
Muhabbatning mashaqqatli bo‘ronida aql pashshaga aylanadi. Aqllar u yerda qay tarzda sayr qilishi mumkin?
Sayohat Lot daraxtidan o‘tgach, Jabroil Muhammaddan ortda qoldi: «Agar men sayohatni davom ettirsam, kuyib kul bo‘laman, u joyda faqat muhabbat va yo‘qlik bor».
Rumiyga ko‘ra, Jabroil - aql timsoli, aql, barcha mistik qarashlarning ko‘hna tashbehiga asosan, Allohga yetib bora olmaydi. Faqat payg‘ambarning muhabbatdan iborat bo‘lgan sirli oti - Buroq Lot daraxtidan keyingi manzillarga bo‘lgan sayohatni amalga oshirishi mumkin. Ushbu sacrificium intellectus[57] dan so‘ng Rasululloh yanayam mo‘‘jizaviy bir tarzda dunyoga qaytadi, ul zot musulmon avliyosining asl namunasidir. Esingizda bormi, buddaviylikda ham boddhisatva[58] nirvanaga erishganidan so‘ng orqaga qaytadi. Chunki yuksak hamdardlik hissi uni ma'rifatsiz kishilarning xizmatida bo‘lish uchun qaytaradi, ayni shu hol payg‘ambarni mistikaga - fanodan so‘ng baqo paradigmasini yaratish uchun yerga qaytishga undaydi.
Uning payg‘ambarlik ishi «oshiqcha yukni yelkaga olishdek aziyatli va iztirobli»dir, zohidona va mistik hayotni sevishning bahosi shu. Rumiyning aytishicha, payg‘ambar hayotining Makkadagi zahmatlardan boshlangan jug‘rofiyasi ruhiy sayohat namunasi sifatida muhim ahamiyatga ega:
Rasululloh Madina tarafga safar qilmadi,
Biroq bir podsholik topib, yuzlab zaminlar hukmdori bo‘ldi.
Makka payg‘ambar tavallud topgan joy, bog‘-rog‘lar vatanidir. So‘fiylar undan yamyashil vohaga yetib borish uchun sahroga yo‘l olishadi. Bu voha - jannat nishonasi, u so‘fiy(lar)ning ruhiy podsholigi, birodarlik makoni va mangulikni kutish joyiga aylanadi. Biroq payg‘ambar butlarni vayron qilgani hamda unga yo‘ldosh bo‘lmagan va hanuz «soyada yashab yurgan» kishilarga podsholik haqidagi xabarni yetkazgani Makkaga qaytib keladi. Rumiyga ko‘ra, Madinaga hijrat qilish via purgativa[59]ning bir ko‘rinishidir. Ushbu shaharda Alloh tartibini o‘rnatish uchun kurash uni namoyon qilguvchi har bir yurakda ham xuddi shu tartibni o‘rnatish bilan chambarchas bog‘liqdir. Rumiy bilgan Alloh odil, ba'zan shafqatsiz, shuningdek, rahmdildir. Shuning uchun ham uning noibi (xalifasi) bo‘lgan payg‘ambar o‘z tiynatida Ul zotning komilligini gavdalantirishi, shuning barobarida Yer yuzida Ulug‘ Janob (jalol)ning ilohiy ismlarini va ularning go‘zalliklari (jamol)ni ommalashtirishi kerak. Shundan beri Alloh kechiradi, payg‘ambar ham kechiradi, Alloh odillik qiladi, payg‘ambari ham odillik qiladi. U «Allohning Yer yuzidagi yaxshilik va yovuzlik tortiladigan tarozisidir». Uning qo‘lidagi Qur'on dindoshlariga Va'da etilgan Zaminga yo‘l ko‘rsatgan Musoning hassasi kabidir, Ayni paytda u maqtanchoqlik va e'tiqodsizlik tufayli gunohga botganlarni yamlamay yutadi.
Shundan buyon payg‘ambarning, xuddi Musoniki singari, odamlarni yo‘ldan ozdiruvchi, manman, yorug‘likdan shaytonlarcha qo‘rqadigan dushmanlari bor. Biroq u, garchi adolatga tayansa-da, butunlay betarafdir. Uning o‘zi - «oy, hamrohlari esa yulduzlar kabidir, osmon jismlarini itlarning hurishi o‘z yo‘lidan qaytara olmaydi»[60].
Insonlar sarvari bo‘lmish janob payg‘ambar Allohning buyukligini o‘zida mujassam etadi. Biroq Rumiy bu holni Rasulullohning teomorfik[61] tiynati isboti deb hisoblasa-da, aslida payg‘ambar Alloh rahmdilligining xazinabonidir; Allohning o‘zi esa qahhordir, Ul zot o‘z payg‘ambariga «mening rahmim qahrimdan ko‘proqdir», deydi.
Muhammad «dunyolarga rahmat» qilib yuborildi[62] va u Mutlaq Haqiqat Ummonidan dunyo ahliga marvaridlar, baliqlarga esa osoyishtalik ulashib turadi[63].
Do'stlaringiz bilan baham: |