3. O‘zbekistonda iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, diversifikatsiyalash va modernizatsiyalash asosida mutanosibli rivojlantirilishi
Mavjud iqtisodiy tizimni butunlay yangi tartiblar asosida isloh qilish iqtisodiyotning rivojlanishidagi turli nomutanosibliklar hamda tanglik holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. SHu sababli bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lida iqtisodiyotni jonlantirish, bir tekis rivojlantirish va barqarorlashtirish jarayoni qonuniy bosqich hisoblanadi. Barqarorlashtirish jarayoni iqtisodiy rivojlanishda inqiroz holatlarining oldini olish uchun ishlab chiqarish va chiqarilayotgan mahsulot tarkibini o‘zgartirishga yo‘naltiriladi. Respublikada iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning dastlabki davrida barqarorlashtirish siyosatidan ko‘zda tutilgan maqsad eng avvalo, makroiqtisodiyotda muvozanatni saqlash, ishlab chiqarishni keskin darajada pasayishining oldini olish va ommaviy ishsizlikning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat bo‘ldi. SHu bilan birga bu siyosat pul emissiyasini boshqarish, uning qadrsizlanishining oldini olish, mamlakat to‘lov balansini bir me’yorda saqlash kabi maqsadlarni ham o‘z ichiga oladi.
Respublikada barqarorlashtirish siyosatini ishlab chiqishda jahon tajribasida sinalgan yondashuvlar hisobga olinib, ishlab chiqarish sohalariga ustunlik berildi. Moddiy ishlab chiqarish sohalarining rivojlanishida ularni tarkiban qayta qurish talablari ham ko‘zda tutildi. Bunda asosiy e’tibor katta istiqbolga ega bo‘lgan, butun iqtisodiyotning rivojlanish tamoyillarini belgilab beradigan etakchi tarmoq va sohalarga qaratildi.
Iqtisodiyotda zarur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirgunga qadar ishlab chiqarish hajmining pasayib ketishiga barham berish eng muhim maqsad bo‘lib qoladi. SHu sababli respublikada 90-yillarning o‘rtalaridayoq makroiqtisodiy barqarorlik sohasida ishlab chiqarish sur’atlari pasayishining sekinlashuvi ko‘zga tashlandi, ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa o‘sishga erishildi. Iqtisodiyotning ikkita etakchi tarmog‘i – sanoat va qishloq xo‘jaligini isloh qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar natijasida sanoatda 1995 yildayoq, qishloq xo‘jaligida 1997 yilda ishlab chiqarishning pasayishi to‘xtatildi.
Makroiqtisodiy barqarorlik siyosatida 1997 yil keskin burilish davri bo‘ldi, islohotlar amalga oshirilgan davr davomida birinchi marta yalpi ichki mahsulotning o‘sishi (105,2 foiz) aholi sonining o‘sishidan (101,8 foiz) yuqori bo‘ldi1. Bu ijobiy tamoyillar keyingi yillarda mustahkamlab borildi. Natijada 2000 yilda YAIM – 4,0 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi – 6,4 foizga, qishloq xo‘jalik mahsulotlari – 3,2 foizga ko‘paydi. Iste’mol mollari ishlab chiqarish 7,7 foizga chakana tovar aylanishi – 7,8 foizga, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish hajmi esa 14,0 foizga ortdi. Davlat byudjeti kamomadi YAIMning bir foizidan oshmadi. Naqd pul emissiyasi 9,4 foizni tashkil etdi. Jami pul massasi, belgilangan darajada – ya’ni YAIMga nisbatan 19 foizdan oshmadi2.
Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori barqaror sur’atlar bilan o‘sishi va makroiqtisodiy mutanosibligi ta’minlandi, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash ishlari davom ettirildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari hamda ularni ta’minlash borasidagi vazifalarning aniq belgilab olinishi va izchil ravishda amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizda asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishida ahamiyatli yutuqlarga erishilmoqda.
Mamlakatimizda YAIMning nafaqat miqdoran o‘sib borishi, balki uning tarkibiy tuzilmasining sifat jihatidan takomillashib borishi ham alohida e’tiborga molik. Bunda uning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan omillar tahlili, ya’ni qo‘shilgan ulushlarning tarkibi hamda YAIMning o‘sishiga qo‘shgan hissasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
2008 yildagi YAIMning tarkibida qo‘shilgan ulushi jihatidan xizmat ko‘rsatish sohalari (30,1%), transport va aloqa (18,0%), sanoat (17,0%), qishloq xo‘jaligi (11,9%), savdo (8,4%) tarmoqlari etakchi o‘rin tutmoqda. SHunga ko‘ra, ularning YAIMning o‘sishiga qo‘shgan hissasi ham tegishli ravishda 2,7; 1,6; 1,5; 1,1; 0,8 foizni tashkil etgan.
SHunisi e’tiborliki, yalpi ichki mahsulotning tarkibi faqat uning yirik tarmoq va sohalari o‘rtasida emas, balki tarmoq ichida ham o‘zgarmoqda. Jumladan, rangli metallurgiya va mashinasozlik tarmoqlari juda tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Rangli metallurgiya sanoatining 2007 yildagi solishtirma salmog‘i 2000 yilga nisbatan 1,7 baravar, mashinasozlik tarmog‘ining solishtirma salmog‘i esa 1,6 baravar oshgan. SHuningdek, yoqilg‘i-energetika kompleksi, qora metallurgiya sanoatining ulushi ham oshib bormoqda3.
Respublika milliy iqtisodiyotida erishilgan bu ijobiy natijalar tarkibiy qayta qurishlar asosida butunlay yangi zamonaviy iqtisodiyot majmuasining bunyod etilganligi, birinchi navbatda eng muhim makroiqtisodiy va takror ishlab chiqarish nisbatlarini davlat tomonidan samarali tartibga solishning natijasi hisoblanadi. Bunda asosiy e’tibor iqtisodiyotning tarmoq tuzilishi, hududlarning tarkibiy tuzilishini takomillashtirishga qaratiladi.
Tarkibiy siyosatning hududiy jihatlarini ta’minlash odamlar turmush darajasida vujudga kelgan hududiy nomutanosiblikni bartaraf etish, resurslar va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishga erishishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. SHuningdek, bunda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini o‘zgartirish, uning sifatini yaxshilash va mahsulot tayyorlashga ketadigan jami xarajatlarni kamaytirish talablari ham hisobga olinadi.
Zamonaviy iqtisodiyot tuzilishidagi o‘zgartirishlar, chetdan mahsulot olib kelishni qisqartirish, iqtisodiyotning xomashyo etishtirishga qartilgan bir tomonlama yo‘nalishini bartaraf etish va uning eksport imkoniyatini kengaytirish, tarmoqlar ichidagi va hududiy jihatdan vujudga kelgan nomutanosibliklarni bartaraf etish asosida iqtisodiyotning mutanosib va barqaror rivojlanishini ta’minlash vazifalarini hal etish bilan bog‘liqlikda amalga oshirildi.
SHu vazifalardan kelib chiqib, zamonaviy iqtisodiyot ichki tuzilishidagi o‘zgarishlar – respublikaning energetika va oziq-ovqat mustaqilligini ta’minlovchi tarmoqlarni rivojlantirishga qaratildi. Bunda birinchi navbatda eng muhim o‘zak tarmoqlarni – neft va gaz sanoatini, energetikani, rangli metallurgiya sanoatini, mashinasozlik majmuasini, qishloq xo‘jalik va agrosanoat majmuasining boshqa sohalarini rivojlantirishga ustunlik beriladi.
Iqtisodiyotning takror ishlab chiqarish tuzilishini tubdan o‘zgartirish asosida umumiqtisodiy barqarorlikka erishishda iste’mol bilan jamg‘arish fondi o‘rtasidagi eng maqbul mutanosiblikni ta’minlash asosiy o‘rin tutadi. Iste’mol fondining eng maqbul darajasiga erishish – ichki bozorda talab bilan taklif o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlaщda muhim rol o‘ynaydi. SHu sababli davlat eng muhim makroiqtisodiy takror ishlab chiqarish nisbatlarini tartibga solib turuvchi omillarga ko‘proq e’tibor berdi.
Nomoddiy ishlab chiqarish sohasida tarkibiy qayta qurishlar faol investitsiya siyosatini o‘tkazish orqali amalga oshirildi. SHu sababli respublika investitsiya bazasini rivojlantirishga katta e’tibor berilib, bunda o‘z sarmoyalarimiz, tashqi kreditlar, bevosita investitsiyalar va ularning barcha manbalaridan o‘rinli foydalanish ko‘zda tutildi. Tashqi investitsiyalarni jalb qilishda bevosita investitsiyalar tarzida, davlat qarzlari, xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar, qarz beruvchi mamlakatlar moliyaviy-kredit resurslari shakllarida amalga oshirish mumkinligi hisobga olinadi.
Tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish mahalliy xomashyo va tabiiy imkoniyatlar asosida ishlaydigan, ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda, nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham raqobatga bardosh beradigan mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqlarga qaratilishi zarur.
Mamlakatimizda tarkibiy o‘zgarishlarni va iqtisodiyotni diversifikasiya qilish jarayonlarining davom ettirilishi barqaror va mutanosib iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish hamda jadal taraqqiyotga erishishning muhim omili hisoblanib, u 2009 yildagi iqtisodiy dasturning muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berildi.
Iqtisodiyotni mutanosib rivojlantirishda 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli dastur ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etib, unda iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlarini modernizasiya qilish va texnik yangilash, mamlakatimizning yangi marralarni egallashi uchun kuchli turtki beradigan va jahon bozorida raqobatdoshligini ta’minlaydigan zamonaviy innovasiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha maqsadli loyihalar o‘z ifodasini topadi.
Bugungi kunda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy qiymati 24 milliard AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan qariyb 300 ta investitsiya loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, bunda yangi qurilish loyihalari – 18,5 milliard dollarni, modernizasiya va rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha loyihalar esa taxminan 6 milliard dollarni tashkil qiladi. Dasturga kiritilishi mo‘ljallanayotgan bu loyihalar avvalambor yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-gazni qayta ishlash, metallurgiya tarmoqlariga, engil va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari sanoati, mashinasozlik va boshqa sohalarga tegishlidir.
Loyihalashtirish va qurilish ishlari boshlanayotgan inshootlarni quyidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilmoqda: kompaniya va korxonalarning o‘z mablag‘lari – umumiy hisobda 8,2 milliard dollar, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot fondi kreditlari – 2,5 milliard dollar, xorijiy investitsiya va kreditlar – 13,5 milliard dollar1.
Prezidentimiz ushbu loyihalarning bir qismi bo‘yicha 2007-2008 yillarda qurilish ishlari boshlab yuborilganligini, ba’zilarining qurilishini esa 2009 yilda boshlash ko‘zda tutilayotganligini ta’kidlab o‘tdilar. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi innovasion va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va jahon bozorida talab mavjud bo‘lgan yangi turdagi tovarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hisobidan yiliga 10,4 milliard dollarlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, yillik eksportni 6,5 milliard dollarga ko‘paytirish, yalpi ichki mahsulot hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
2009 yildagi ustuvor vazifalardan biri – xizmat ko‘rsatish va kichik biznes sohasini aholi bandligini ta’minlash va hayot darajasini oshirishning eng muhim omili sifatida yanada jadal rivojlantirishdir. SHu sababli Inqirozga qarshi choralar dasturida kichik biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu chora-tadbirlar soliq va kredit imtiyozlari bilan bir qatorda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay biznes muhitini yaratish maqsadida institutsional islohotlarni yanada chuqurlashtirishni ham o‘z ichiga oladi.
Jumladan, yangi tashkil etilayotgan kichik va xususiy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Imtiyozli kredit jamg‘armasining resurs bazasini ikki barobar oshirish; berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytirish, jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan kreditlarning eng uzoq muddatini 12 oydan 18 oyga oshirish; 2009 yilning 1 yanvaridan sanoat sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lov stavkasi 8 foizdan 7 foizga kamaytirish; moliyaviy, maishiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to‘lovidan 3 yil muddatga ozod etish; 2009 yilda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tekshirishlar sonini kamida yana 30 foizga kamaytirish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan1.
2009 yildagi yana bir eng muhim ustuvor vazifa – bu mamlakatimizni modernizasiya qilish va aholi bandligini oshirishning muhim omili sifatida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishdan iborat. CHunki, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, iqtisodiyotning real sektorini yanada rivojlantirish ko‘p jihatdan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq.
Zamonaviy ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirishni ta’minlash, shu asosda iqtisodiyotni izchil va barqaror yuksaltirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida «2009 yilda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» maxsus dastur qabul qilindi va uning bajarilishi keskin nazoratga olindi.
2008 yil davomida 1108,0 mlrd. so‘mlik temir yo‘l transporti xizmatlari, 397,2 mlrd. so‘mlik avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiyalash ishlari, 1375,0 mlrd. so‘mlik aloqa xizmatlari, 1786,1 mlrd. so‘mlik elektr energiyasi ta’minoti xizmatlari ko‘rsatildi. Buning natijasida mamlakatimizdagi korxona va tashkilotlar ishlab chiqarish faoliyatining rivoji va uzluksizligi ta’minlandi.
Zamonaviy iqtisodiyot real sektorining jadal o‘sishi ishlab chiqarish infratuzilmasi xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojning to‘xtovsiz ravishda o‘sishiga olib kelmoqda. SHunga ko‘ra, 2009 yilda ushbu tarmoqlar xizmat ko‘rsatish hajmini ahamiyatli darajada, jumladan, avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiyalash hajmini 133,8% ga, temir yo‘l transporti xizmatlari hajmini 125,5% ga, aloqa xizmatlari hajmini 116,1%ga oshirish belgilangan. SHuningdek, temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirishni 3 baravardan ko‘proq, temir yo‘llarni modernizatsiyalash va rekonstruksiyalashni 127,3%, temir yo‘l raz’ezdlari va korxonaga kirish yo‘llari qurishni 125%, ko‘priklar qurishni 121,4%, yuqori voltli liniyalarni qurishni 184,2% ga o‘stirish ko‘zda tutilmoqda2.
Bundan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda iqtisodiy muvozanatni ta’minlash hamda iqtisodiyotni mutanosibli rivojlantirishda tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlaridan samarali foydalanib kelinmoqda.
Iqtisodiy muvozanat deb bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqlikda va ta’sirda amal qiladigan iqtisodiy jarayonlar, hodisalarning ikki yoki bir necha tomonining bir-biriga teng kelgan holatiga aytiladi. SHuning uchun ham butun iqtisodiyotning muvozanati to‘g‘risida gap borganda eng avvalo yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi tenglik e’tiborga olinadi.
Makroiqtisodiyotda iqtisodiy muvozanat o‘z ichiga xususiy va umumiy tavsifdagi bir qator muvozanatlar tizimini oladi. Xususiy muvozanat – bu ikkita o‘zaro bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki zamonaviy iqtisodiyot tomonlarining miqdoran teng kelishi. Umumiy muvozanat jamiyat barcha ehtiyojlari va milliy ishlab chiqarish hajmining o‘zaro teng kelishini bildiradi. Umumiy iqtisodiy muvozanat bozor sharoitida, avvalo, yalpi talab va yalpi taklifning teng kelishida ko‘rinadi.
Umumiy iqtisodiy muvozanat ijtimoiy maqsadlar va iqtisodiy imkoniyatlarning mos kelishi; mamlakatdagi barcha iqtisodiy resurslardan samarali foydalanadigan xo‘jalik mexanizmi; muvozanatli ishlab chiqarishning umumiy tarkibiy tuzilishi iste’molning tarkibiy tuzilishiga mos kelishi; bozor muvozanati, ya’ni barcha asosiy bozorlar (tovarlar, resurslar, ishchi kuchi va hokazolar)da talab va taklif muvozanati kabi qator shart-sharoitlarni taqozo etadi.
Iqtisodiy muvozanat darajasini aniqlashda asosan ikkita o‘zaro bog‘liq usuldan foydalaniladi: 1) yalpi sarflar va ishlab chiqarish hajmini taqqoslash usuli; 2) jamg‘arma va investitsiyalarni taqqoslash usuli. SHuningdek, iqtisodiy muvozanat darajasini aniqlashning balans, xarajat va natijalarni taqqoslash kabi usullari ham qo‘llaniladi.
Iqtisodiy mutanosiblik – iqtisodiyotning turli tomonlari va sohalari o‘rtasida miqdor va sifat jihatdan ma’lum moslik, mos keluvchi nisbatlar bo‘lib, bunda tenglik bo‘lishi shart emas.
Iqtisodiy mutanosibliklarning barchasini umumlashtirib umumiqtisodiy tavsifdagi mutanosibliklar; tarmoqlararo mutanosibliklar; tarmoq ichidagi mutanosibliklar; hududiy (territorial) mutanosibliklar; davlatlararo mutanosibliklarga guruhlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |