REJA:
KIRISH 1-4
Xo’jalik yurituvchi subyekt haqida tushuncha….5-17
Investitsion faoliyat samaradorligini tushunchasi va tarifi…18-23
Amaliyot investitsion faoliyat tahlilni tutgan o’rni…23-33
XULOSA.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR.
KIRISH.
Ma’lumki, mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyoti bevosita investitsiyalar oqimiga bog‘liq. Bu borada Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni hayotga joriy etish, mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish hamda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi”.
Darhaqiqat, 2019 yilning o‘zida barcha manbalar hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 30 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etdi. Shuningdek, sanoati rivojlanmagan, olis tumanlarga ham katta investitsiyalar kirib bordi. Umumiy qiymati
5,4 milliard dollar bo‘lgan 145 ta tarmoq va 167 ta hududiy loyihalar ishga tushirildi. 2020 yil uchun 1569 ta xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur dasturga asosan shu yilda
233 trillion 200 milliard so‘m, jumladan 7,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Investitsiya faoliyatining samarali tashkil etilishi uning huquqiy jihatdan ta’minlanganlik darajasiga ham bog‘liqdir. O‘tgan yillar davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish uchun qulay investitsiya muhitini shakllantirish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning samarali faoliyat yuritishi uchun bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Ammo, sohada yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham mavjud. Xususan, amaldagi investitsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim murakkabliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Aniqroq qilib aytganda, investitsiya faoliyati va chet el investorlari huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq aksariyat tartib-taomillar tarqoq holda bir nechta qonunlar bilan tartibga solinganligi, aksariyat qoidalarning takrorlanishi, shuningdek ayrim muhim masalalar qonun darajasida emas, balki nizom va yo‘riqnomalar bilan belgilanganligi ular o‘rtasida ba’zi nomuvofiqlik va qarama-qarshiliklarni vujudga keltirayotgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PF-5495 sonli Farmonida belgilanganidek, investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsiya faoliyati sohasidagi unifikatsiya qilingan qonun hujjati loyihasini yanada takomillashtirib tez fursatda hayotga tatbiq etish zarur edi. Dastlab investitsiya sohasidagi yagona hujjat sifatida Investitsiya kodeksi konsepsiyasi ishlab chiqilib muhokamaga qo‘yildi. Keyinchalik loyiha “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun nomini oldi.
Mazkur qonun “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”, “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”, “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”, “Konsessiyalar to‘g‘risida”, “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa hujjatlarda, shuningdek bir qator qonunosti hujjatlarda mavjud bo‘lgan normalarni tizimli ravishda o‘zida mujassamlashtirdi.
Shu asosda tayyorlangan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan
2019 yil 25 dekabr kuni imzolandi va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.
Tuzilishiga ko‘ra 12 bob, 69 moddadan iborat bo‘lgan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun ilgari investitsiyaga oid qonun hujjatlarida mavjud bo‘lmagan yangi tartib va qoidalar bilan yanada takomillashtirildi. Xususan:
· Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari belgilandi.
· Qonun hujjatlarining investor uchun noqulay o‘zgarishlariga qarshi kafolatlari yanada mustahkamlandi.
· Mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi.
· “Investitsiya vizasi” va uni rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha norma kiritildi.
· O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasi tuzish tartibi belgilandi.
Qonunda ilk bor investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari mustahkamlab qo‘yildi. Bu esa investitsiya sohasida huquqiy tartibga solishning mazmuni va yo‘nalishlarini belgilab berdi.Mazkur prinsiplar investitsiya qilish va investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |