Aslida gender tenglik nima degani?
Shunday paytlar bo‘ldiki, zo‘ravonlik, kambag‘allik so‘zini ishlatishdan qanchalik qo‘rqsak, rahbarlarimiz gender tenglik so‘zini qo‘llashdan ham shunchalik qo‘rqar edilar. Bu so‘zlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotida deyarli oshkora tilga olinmasdi. Shuning uchun ham, gender tenglik deganda odamlarimiz ongida noto‘g‘ri tushunchalar shakllanib qoldi.
Xuddiki, gender tenglik atamasi ayollar erkaklardan ustun bo‘lishi, ularni mensimaslik, erkaklarga o‘z gapini o‘tkazish, degan maʼnolarni anglatadi, deya qabul qilindi. Vaholonki, gender tengligi juda ham chiroyli tushuncha. Bu erkaklar va ayollarga hamma narsada teng imkoniyatlar berish kerak, degani. Yaʼni bilim olish, kasb tanlash, lavozimda ko‘tarilishda erkaklar bilan ayollarga birdek imkoniyatlar yaratilishi — gender tenglikdir.
BMTga 1992-yildan buyon aʼzo bo‘lsak ham, lekin uning ko‘p talablarini bajarmasdan kelganmiz. Chunki bizda shu gaplarni aytish mumkin emas edi. Kambag‘allik yo‘q edi, go‘yo hamma chiroyli yashardi.
Hozirgi davrda bu kabi munosabatlar tubdan o‘zgardi.
Davlatimiz rahbari o‘zlarining lavozimlariga kirishganlaridan keyin xalq bilan muloqot siyosatini boshladi. Boshida muloqot deganda ko‘p rahbarlar, har xil darajadagi masʼullar ham esankiradi, qanday qilib ishlashi kerakligini tushunmadi. Bir-ikki marta birovlarning muammosini hal qilsam, men o‘zimni ishimni bajaraman, deganlar ham bo‘ldi.
Endilikda joylardagi masʼullarimiz, senatorlarimiz va deputatlarimiz bu masʼuliyatni his qilib, alohida eʼtibor bilan qarashga o‘rganmoqda. Bu gender tenglikni taʼminlash masalasiga ham bevosita taalluqlidir.
Oltita ayol hokim bo‘ldi, bu hali hammasi emas
2017-yilda respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida barcha hududlarga bordim, haqiqiy ahvolni o‘rgandim. Afsuski, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari rahbarlari viloyat, tuman hokimlarining o‘rinbosarlariga tenglashtirilgan bo‘lsa-da, ularning moddiy imkoniyatlari anchayin cheklangan edi. Misol uchun, qiynalgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, qariya onaxonlar holidan xabar olish kabi tadbirlarni uyushtirish uchun ham mablag‘ topilmas edi.
Ayollar muammolari, jinoyatchiligi, migratsiya masalalari, aqidaparastlikka berilishi bilan bog‘liq muammolar ko‘p edi. Aynan shularni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, eng avvalo, xotin-qizlarga yordam bera oladigan sharoit yaratish maqsadida “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi. U gender tenglik bo‘yicha ishlarni izchillik bilan yo‘lga qo‘yish uchun dastlabki qadamlardan bo‘ldi.
Unga ko‘ra, og‘ir sharoitda yashayotgan ayollarga uy berish tizimi shakllandi. Shundan so‘ng har yili bir yarim ming nafar ayol birinchi to‘lovini davlat to‘lab beradigan imtiyozli uylardan oladigan bo‘ldi.
Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Shu orqali biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratish, bir haftalik o‘quv kurslarida o‘qitish, biznes rejalarni shu yerning o‘zida ishlab chiqish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Qiynalgan, nochor ayollar bilan ishlash uchun reabilitatsiya markazlari tashkil etildi. Misol uchun, oilaviy janjallar sabab qiynalib qolgan, siqilib yurgan yoki qaynonasi bilan kelishmasdan, birovlarning qo‘lida qolgan, ayrim hollarda ko‘chada qolib ketgan, jinoyat qilib qo‘yib, jamiyatimizga qo‘shila olmayotgan ayollarimiz bor. Ana shular bilan ishlash uchun mahallada mutaxassis lavozimi joriy etildi.
Oldimizda yana bir dolzarb vazifa turgan edi. U ham bo‘lsa, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasidir.
Qonunlarimizda xotin-qizlar uchun parlamentdagi saylovlarda 30 foizlik kvota mavjud bo‘lsa-da, amalda bu narsa yo‘q edi. Shundan so‘ng, barcha tuman, viloyat va shahar hokimlariga o‘sha hududdagi faol ayollar ro‘yxatini so‘rab xat yozganmiz. Natijada qo‘limizda 6 ming nafardan iborat ro‘yxat shakllandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida ular qayta o‘qitildi, sotsial ko‘nikmalari, siyosiy bilimlari takomillashtirildi. Bugungi kundagi zarur fanlar, hattoki, kiyinish va nutq so‘zlash madaniyati yuzasidan ham tegishli bilimlar o‘rgatildi.
Qilingan mehnatlarimiz samarasiz ketmadi. Oldingi saylovlarda ishtirok etgan ayollar umumiy ko‘rsatkichini 2019-yildagisi bilan solishtirganda, keyingi paytda bu raqam birmuncha oshganini ko‘ramiz. Ayollarimizni mana shunday jarayonlarga qanchalik puxta tayyorlasak, ular bilan hamkorlikda ishlasak, bundan nafaqat davlat, birinchi navbatda, xalqimiz yutadi.
Binobarin, parlamentda ayollar soni keskin oshdi. Olti nafar xotin-qizimiz esa tuman hokimi vazifasiga tayinlandi. Bu — juda katta muvaffaqiyat. Senat bu rahbar ayollarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Ular bilan birgalikda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda eng yaqin hamkor bo‘ladi.
Ishonchim komilki, yaqin orada ayollar orasidan vazirlar, boshqa yuqori lavozimlarga munosib ko‘rilgan rahbarlar tayinlanadi. Va ular, albatta, jamiyatda, ishda o‘zining munosib o‘rinlarini topishadi. Davlat rahbarining yuksak eʼtiborini, xalqning ishonchini oqlaydi, o‘zining bor salohiyatini ishga solib, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishga harakat qiladi. Gender tenglikning asosiy jihatlaridan biri ham shudir.
Guvohi bo‘layotganingizdek, ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita qatnashishlari uchun keng yo‘l ochildi. Bu ayol-ku, ertaga qiynalib qolishi mumkin, degan tushuncha tarixda qoldi. Endi ular mana shunday masʼuliyatli vazifani sharaf bilan bajarishlari kerak, deb hisoblayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |