Xorijiy tilni o‘rganishdagi muammolar
Umumiy o‘rta ta’lim 7 / 12 / 2020
Fan, texnika, san’at, sayyohlik, xalqaro aloqa va xalqaro ishlarda keng qo‘llanilayotgan tillar ilg‘or tillar bo‘lib, bugungi kunda dunyoning aksar davlatlarida chet tili sifatida o‘qitilishi tilning faqat o‘z davlati chegaralaridagina emas, balki boshqa millatlar va madaniyatlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishini, uni samarali tarzda tan olinishi va o‘rgatilishi uchun ko‘proq o‘rganilishini anglatadi. Xorijiy tillardan xususan ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitishning zamonaviy ta’lim metodlari ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zlashtirishning o‘ziga xos muammolari mavjud. Maqolada shu muammolar haqida fikr yuritamiz.
Cheklangan o‘quv muhiti
Cheklangan o‘quv muhiti haqida so‘z yuritganda, sinfxonalarda mebel mavjudligi yoki o‘quv dargohining joylashuvi nazarda tutilmagan. Ko‘p hollarda, talabalar faqat o‘qituvchi nazorati ostida bo‘lsagina, ingliz tilida so‘zlash uchun harakat qiladilar. Bundan tashqari, talabalarning atrofida ingliz tilida doimiy ravishda muloqot qiluvchilar yetishmovchiligi ham mavjud. Natijada ingliz tilini o‘rganish va ushbu tilda muloqot qilish qiyinlashadi. O‘quv materiallari, xususan kitoblar, audiomateriallar o‘quv jarayonida yordam beruvchi vositalar hisoblanadi. Agar talaba o‘rganilayotgan til yuzasidan berilgan topshiriqlarni audio va video orqali kuzatib borsa, so‘zlar va jumlalarni qanday talaffuz qilishni o‘rganadi. Shuni ta’kidlash lozimki, talabalar filmlar orqali o‘rganishga moyil bo‘ladilar, lekin filmlar jargon va lahjalarni o‘z ichiga oladi. Shu bois til o‘rganuvchilar ehtiyotkor bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir.
Jiddiy yondashmaslik
Ta’kidlash lozimki, talabalar ko‘p hollarda til o‘rganishga jiddiy yondashmaydilar. Grammatik qoidalarga bog‘lanib qolish, til bilan bog‘liq to‘siqlar kabi muammolar talabalarning til o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishni so‘ndirib, jiddiy yondashmaslikka sabab bo‘ladi. Aslida muloqot tushunarli bo‘lishi uchun tuzilgan jumlalar grammatik jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi shart emas, degan g‘oyani bir vaqtning o‘zida qisman to‘g‘ri va qisman noto‘g‘ri, deb hisoblayman. Chunki so‘zlashuv chog‘ida doimiy ravishda grammatik qoidalarni o‘rniga qo‘yib gap tuzilsa, tildagi ravonlikka putur yetadi. Talabalar har doim ham mashg‘ulotda o‘rgangan qoidalarga rioya qilmaydilar va rioya qila olmaydilar. Bundan tashqari, nofilologik oliy o‘quv yurtlarida talabalar xorijiy tillarga ikkinchi darajali fan sifatida munosabat bildiradilar. Afsuski, aksariyat hollarda talabalar tilni mashg‘ulot payti o‘rganadilar. Dars mashg‘ulotlaridan so‘ng mustaqil ravishda talaffuzni, insho yozishni mashq qilib, yangi so‘zlarni o‘rganishga harakat qilmaydilar. Eng katta kamchiliklardan biri shuki, xatolar tuzatilganda ko‘pincha “bu axir mening tilim emas”, degan fikr talabalar miyasidan joy egallagani sir emas. Bu esa chet tilini o‘rganishga salbiy ta’sir qiladi.
Auditoriyada ona tilidan ortiqcha foydalanish
O‘rganuvchilar undan foydalanishga majbur bo‘lganlaridagina boshqa tilni yaxshi o‘rganadilar. O‘qituvchi talabalar o‘rganilayotgan tilda muloqot qilishlarini talab qilishi kerak. Ana shu holatdagina til organishda o‘sish, talaffuzda ravonlik kabi yutuqlarga erishish darajasi oshadi. Dars jarayonida qat'iyat bilan talab qilinsa va cheklovlar yo‘lga qo‘yilsagina chet tilini o‘zlashtirish muvaffaqiyatli amalga oshadi.
O‘quvchilarning o‘qituvchiga qaramligi
O‘z ustida mustaqil ishlash, muammolarni mustaqil hal qilish va izlanish har qanday fanni yaxshi o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Talaba har bir kichik muammo yuzasidan o‘qituvchiga murojaat qilaverishi o‘quvchining qaramligidan dalolat beradi. Bu esa talabaning o‘z ustida ishlash imkoniyatini kamaytiradi.
Kuchli o‘quvchilarning auditoriyadagi hukmronligi
O‘quvchilar qanchalik yaxshi saralanmasin, o‘zlashtirishda farqlar mavjud bo‘ladi. Auditoriyada kuchli talabalar zaifroqlarni ortda qoldiradi. Tortinchoq talabalar mashg‘ulot davrida faol ishtirok eta olmaydi. Shu sabab bahs-munozara va mashg‘ulotlar payti zaif talabalar unutilmasligi kerak.
Yechim
Yechim sifatida bir qator yo‘llarni sanab o‘tish mumkin. Shulardan biri, talaba tovush va so‘zlarning to‘g‘ri talaffuzini o‘rganishi uchun audiomateriallardan keng foydalanishi kerak. Aynan mustaqil ravishda chet tilida filmlar, til o‘qitishga moslangan videolavhalarni tomosha qilish qisman bo‘lsa ham ko‘prik sifatida xizmat qiladi. Ikkinchidan, ingliz tilini o‘rgatishda o‘qituvchilarning ham roli bo‘lib, motivatsiya berish, darsga qiziqtirish asosiy o‘rin egallaydi. Bundan tashqari, til o‘rgatishda turli metodlarni qo‘llash hisobga olinishi kerak, chunki u o‘qituvchilar ingliz tilini o‘rganishda o‘quvchilarga mos sharoit yaratish hamda talabalarning o‘quv muammolari bilan shug‘ullanishlariga yordam beradi.
Zulfiya PO‘LATOVA, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali “Umumta’lim fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi
Do'stlaringiz bilan baham: |