O‘tgan davrda ijro etuvchi hokimiyatni demokratlashtirish ishlari ham izchil olib borildi. Hukumatning vazifa va vakolatlar doirasi kengaytirilib, parlament oldida hisob berish darajasi va mas’uliyati kuchaytirildi. Bu Konstitutsiyaning 7-moddasida mustahkamlangan «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan ulug‘vor g‘oyaning amaliy ifodasi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Shu bilan birga, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq bo‘lmaguncha u aybdor hisoblanmasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Albatta, bu qoidani hayotga to‘liq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |