... O‘ylakim dushman yarotib o‘tqa suv,
Elni ham tufroqqa aylab aduv.
Sun’idin ko‘rgilki mundoq to‘rt zid,
Bo‘lub inson xilqatida muttahid...1
(Mazmuni: O‘ylab qara, Xalloqi olam suvni olovga dushman qilib yaratdi, shamolni ham tuproqqa yov qildi, ammo yaratuvchining qudratini ko‘rgilki, ana shu bir biriga zid to‘rt unsur inson vujudida bir butun bo‘lib birlashdi.)
Bu erda moddiy dunyoning, tabiatning to‘rt asosiy to‘rt unsuri (elementi), ularning bir-biriga zidligi va inson jismi ushbu ko‘pqutbli ziddiyat holatidagi unsurlarning o‘zaro uyg‘unlashuvidan vujudga kelgani haqida ta’kidlanishi bejiz emas.
“Zubdat ul- haqoyiq” risolasida Azizuddin Nasafiy shu haqiqatni ilmiy til bilan bayon qilgan. U o‘zidan oldin o‘tgan allomalar fikrini umumlashtirib, inson mizojini belgilovchi to‘rt moddani tabiatning to‘rt unsuri bilan muvofiqligi haqida yozadi. Uning fikricha o‘t (savdo) - tuproq mizojiga, balg‘am - suv mizojiga, qon - havo mizojiga va safro - olov mizojiga muvofiq keladi. Ma’lumki, inson oziqlanadi va ozuqa uning tanasiga hazm bo‘lib, inson jisman o‘sadi. O‘sish xususiyati tufayli inson jonsiz tabiat, ya’ni ma’danlardan farq qiladi. Ana shu o‘sishni boshqaruvchi mexanizmni “Zubdat ul- haqoyiq” muallifi o‘simlik ruhi deb ataydi. O‘simlik ruhi jonli tabiatdagi turli ko‘katlar, daraxtlar va inson uchun umumiydir. Daraxtlar o‘cadi, ammo mustaqil ravishda o‘z makonini tez o‘zgartira olmaydi, boshqa jonzotlar bilan faol muloqotga kirmaydi. Bu xususiyatlar endi hayvonga xos bo‘lib, shu sababli insondagi sezgilarni - ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hid ajratish, badani bilan sezish xususiyatlari hayvon ruhiga oid hisoblanadi. Sezgi organlari hayvon ruhini qo‘zg‘otadi. U tufayli insonda manfaatdorlik va huzurlanishga intilish, zarar va xatarga qarshi qo‘zg‘alish paydo bo‘ladi. Nasafiy ulardan birinchisini hirs (nafs), ikkinchisini g‘azab quvvati deb ataydi.2 Bular hayvonlarning hayot faoliyatida etakchi o‘rin egallovchi xislatlardir. Bugungi kun Evropa fani ularni instinkt deb ataydi. Demak, shaxsiy foydani va zararni bilib, birinchisiga tabiiy intilish va ikkinchisiga qarshilik ko‘rsatish hali insonlikdan darak emas, balki insonning hayvonlar bilan umumiy tomoni ekan.
Taraqqiyotning materialistik talqinida mexanik harakat, fizikaviy o‘zgarishlar, kimyoviy jarayonlar zaminida biologik hayot vujudga kelishi ta’kidlanadi. O‘simliklar va jonzotlar qatori inson ham biologik mavjudot sifatida tan olinadi. Ammo ushbu biologik mavjudot jamoa bo‘lib yashash xususiyatiga ega va shu sababli u bir paytning o‘zida ijtimoiy mavjudot hamdir. Go‘yo ushbu mantiqda hech bahsga o‘rin qolgani yo‘qdek. Ammo bir savol borki, unga materializmda hech qachon qoniqarli javob topilmaydi: "Nega materiya harakatlanadi va nega ayni kamolotga intiladi, borgan sari murakkab jarayonlarga kirishib, bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tib, yuksalib boradi? Yuksalib qaergacha boradi o‘zi?" Ana shu savollarga Tavhid ta’limoti mukammal javob beradi. Yuksalishning siri bu yorug‘ olamning yaralishi bilan bog‘liq. Olam yaralishidan maqsad o‘zi yuksalishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |