Xo’jalik yurutuvchi subyektlar moliyaviy resurslarni tashkil etishning mohiyati va funktsiyalari
Xo’jalik yurutuvchi subyektlarning moliyaviy resurslari ular tomonidan olinadigan pul daromadlari va ishlab chiqarish resurslari iqtisodiy doiraviy aylanishi samaradorligining o‘sishiga xizmat qiladigan, kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni moliyalashtirish jarayonini amalga oshirishga yordam beradigan va ularning ixtiyorida bo‘lgan qarz mablag‘lari asosida tashkil topadi.
Hozirgi vaqtda kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirishda xo’jalik yurutuvchi subyekt o‘z mablag‘larining (sof foyda va amortizatsiya) salmog‘i muhim ahamiyatga ega. Bunda amortizatsiya ajratmalarini shakllantirish va ulardan samarali foydalanish alohida o‘rin tutadi.
Yalpi ichki mahsulot va Milliy daromadni qayta (ikkilamchi) taqsimlash davlat va xo’jalik yurutuvchi subyektlar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar doirasida sodir bo‘ladi. Ana shu darajada xo’jalik yurutuvchi subyektlar va aholining birlamchi daromadlari bir qismini to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqli undirish yo‘li bilan, shuningdek, davlat kreditlashtirishi hisobidan mamlakatning davlat moliyasi tashkil topadi (shakllanadi).
Xo’jalik yurutuvchi subyektlar pul resurslarini, uy xo‘jaliklari daromadlarini ikkilamchi qayta taqsimlash kredit-bank sohasi va sug‘urta tizimi orqali ham amalga oshiriladi. Bular depozitli, vekselli, pulli va banklarning boshqa jamg‘arma operatsiyalari, ular tomonidan yuridik shaxslar va aholiga uzoq va qisqa muddatli kreditlar va ssudalar berish, turli risklarni sug‘urta qilish shakllarida sodir bo‘ladi.
Ko‘p darajali byudjet tizimi va nobyudjet fondlar faoliyatidagi qayta taqsimlash jarayonlarini takomillashtirish moliyaviy salohiyatni yanada kuchaytirish va davlat moliyaviy resurslari o‘sishining quyidagi yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘langan:
• byudjet-soliq sohasidagi daromadlarni qayta taqsimlashning samaradorligini oshirish. Bu narsa davlat tomonidan ta’sirchan fiskal siyosatni hayotga tatbiq etish bilan bog‘liqki, bu siyosat, o‘z navbatida, ishlab chiqarishning o‘sishi va xo’jalik yurutuvchi subyektlarning investitsiyalarga yo‘naltiriladigan moliyaviy resurslarining o‘sishi rag‘batlantirilishini ko‘zda tutmog‘i kerak;
• bank-kredit sektori orqali pul resurslarining qayta taqsimlanishini optimallashtirish. Buning eng asosiy iqtisodiy instrumentlari va mexanizmlari quyidagilar hisoblanishi mumkin:1
kredit siyosati;
uzoq, o‘rta va qisqa muddatli kreditlar hajmlarining nisbati;
Markaziy bankning hisob stavkasi;
ssuda va depozit foizlarining stavkasi;
qimmatli qog‘ozlar bozori.
Iqtisodiyotda bu instrument va mexanizmlardan foydalangan holda davlat tomonidan ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan tarzda tartibga solish davlat, xo’jalik yurutuvchi subyektlarning investitsion imkoniyatlari chegaralarini kengaytiradi, aholining pulli jamg‘armalarini investitsiyalarga jalb qiladi;
• yangi samarali iqtisodiyotni – intellektual infrastrukturaning yuqori sur’atlarda rivojlanishi farqlanuvchi belgisi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini shakllantiradigan xo’jalik yurutuvchi subyektlarning ildam rivojlanishi. Mamlakat raqobatbardosh iqtisodiyotining yadrosini yuqori qo‘shilgan qiymat va yuqori darajada qayta ishlanadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi tarmoqlar tashkil etmog‘i lozim. Iqtisodiyot tarkibiy tuzilishida xom ashyo-energiya sektorining hukmronlik qilishi, yoqilg‘i-energetika kompleksining sanoat ishlab chiqarishida, konsolidatsiyalashtirilgan va respublika byudjeti daromadlarida, eksportda va valyuta tushumlarida nisbatan katta salmoqning legallashi iqtisodiyotning shu tomonga deformatsiyalashganligidan dalolat beradi. Milliy xo‘jalikning bunday tarkibiy nomuvofiqligi iqtisodiyotni qoloqlik sari yetaklaydi, uni modernizatsiya qilish vazifalarini murakkablashtiradi. Shu munosabat bilan xom ashyo tarmoqlaridan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga kapitalning oqib o‘tishini ta’minlovchi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish muammosi dolzarblik kasb etib, bu narsa oxir-oqibatda, davlatning moliyaviy salohiyatini yuqori darajaga ko‘taradi.
• xo’jalik yurutuvchi subyektlar moliyaviy salohiyatining darajasi ularning samarali investitsion-tadbirkorlik faolligiga bog‘liq. Zamonaviy o‘zgaruvchan (dinamik) iqtisodiy muhit xorijiy kapitalni qo‘shgan holda o‘z va jalb qilingan investitsion manbalar asosida ishlab chiqarishni doimiy ravishda ilmiy-texnikaviy jihatdan yangilashni va rivojlantirishni talab qiladi.
Hozirgi paytda ishlab chiqarish kompaniyalarining moliyaviy barqarorligi va raqobatbardoshligini ta’minlashning o‘ziga xos omili ularning yirik tadbirkorlik tizimlariga (moliya-sanoat guruhlari, konsernlar, konglomeratlar, xoldinglar, konsorsiumlar va boshqalar) birlashishi hisoblanadi. Bank va sanoat kapitalining real qo‘shilishi va ta’sirchan moliyaviy kapitalning shakllanishi sodir bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |