3-mavzu: Boshlang‘ich sinflarda bayon tashkil etishda ilg‘or xorijiy
tajribalardan foydalanish. (2 soat amaliy)
1.Boshlang‘ich sinflarda bayon
2.O‘qish darsligidagi hikoyalar asosida bayon yozish.
3.O‘qish darsligidagi hikoyalar asosida bayon yozish.
4.Tanlab hikoya qilish va bayon.
5.Qisqartirib hikoya qilish va bayon.
6.Ijodiy qayta hikoya qilish va bayon.
O‘zbekistonda ta’limni isloh qilish ta’limning barcha turlarida maqsad va
vazifalarni qayta ishlab chiqish bilan mahkam bog‘langan. Xalqaro aloqalar
ko‘lamining kengayib borayotgan sharoitida jamiyatning barcha sohalarida o‘z fikrini
og‘zaki va yozma ravishda erkin bayon qila oladigan yuqori malakali malakali
mutaxassislarga ehtiyoj va talab ortib boradi. Ayniqsa, kelajak avlodda o‘z fikrini
nutqning har ikki turida ham erkin bayon qila olishida muhim bosqich bo‘lgan
boshlang‘ich ta’lim sohasida yetuk mutaxassislarni yetishtirish oliy ta’limning dolzarb
masalalaridan biridir. Ushbu muammoning yechimi Davlat ta’lim standartlari va
ta’limga oid davlat hujjatlarida belgilab qo‘yilgan.
Bayon umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan muhim yozma ish turlaridan biri
bo‘lib, o‘qib berilgan namunaviy matn mazmunini ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng
yozma qayta hikoyalashdir. O‘qish darslarida matn ustida ishlash, o‘qilgan matn
yuzasidan savollarga javob berish, reja tuzish va reja asosida og‘zaki qayta hikoyalash
bayon yozishga asos bo‘la oladi.
Qayta hikoyalashning turlari quyidagicha: to‘liq qayta hikoya qilish, matnga yaqin
qayta hikoyalash, tanlab qayta hikoyalash, qisqartib qayta hikoyalash, ijodiy qayta
hikoya qilish.
Har qanday qayta hikoya qilingan matn: hikoya, voqea, teleko‘rsatuv, multfilm
yuzasidan bayon yozish mumkin. Ammo bayon yozish og‘zaki qayta hikoyalashga
nisbatan biroz murakkab faoliyat bo‘lganligi sababli bunday mashq turlarini
boshlang‘ich sinf davridanoq boshlash lozim.
Og‘zaki qayta hikoyalash 1-sinfda ham olib borilsa-da, uning yozma amaliy
ifodasi, asosan, ikkinchi sinf davriga to‘g‘ri keladi. 2-sinfda 30–40 so‘zli matn
yuzasidan o‘qituvchi yordamida bayon yozish, 3-sinfda 40–60 so‘zdan iborat matnning
mazmunini yozma ifodalash, 4-sinfda esa mustaqil tuzilgan reja asosida 70–90 so‘zli
bayon yozish boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun me’yoriy faoliyat hisoblanadi.
Bayon boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining so‘z boyligini oshiradi, nutq
madaniyatini yaxshilaydi, tilga sezgirliklarini oshiradi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bayon yozishga tayyorlashda texnik va ta’limiy
talablar muhim sanalib, texnik talablarga o‘quvchining partada to‘g‘ri o‘tirishi, o‘quv
qurollaridan o‘rinli foydalanishi va yonidgilarga xalaqit bermasligi kirsa, o‘qituvchi
o‘qigan matnni diqqat bilan tinglash, jamoaviy reja tuzishda ishtirok etish, matnni talab
darajasida bayon etish ta’limiy talablar doirasiga kiradi.
O‘quvchilarni bayon yozishga tayyorlashda ham, o‘z navbatida, innovatsion metod
va loyihalardan foydalanilsa, natija samarali bo‘ladi.
3-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan Ona tili darsligining 34-mashqida “Kitob”
matni berilgan. Ushbu matn yuzasidan bayon tashkil etishda quyidagi tavsiyalar muhim
ahamiaytga ega hisoblanadi:
Matn o‘qituvchi tomonidan o‘qib berilgandan so‘ng, o‘quvchilardan biri ham
qaytadan ifodali o‘qib bo‘lgach, savollar yordamida matn mundarijasini yoritib olish
mumkin?
1.Matnda nechta shaxs nomi ishtirok etyapti? (podsho, vazir, donishmand)
2.Matnda nechta narsa nomi alohida ta’kidlanib aytildi. (qilich, non, oinai jahon)
3.Qanday harakatni bildiradigan so‘zlar yodingizda qoldi? (so‘radi, javob berdi,
yoniga chaqirdi, ma’qul tushdi)
O‘quvchilarning jamoa bo‘lib yuqoridagi savollarga javob topishi, matndagi
voqealarni bilish bilan birga uning mazmunini anglashga ham yordam beradi.
1.Podsho vazirlardan nimani so‘radi?
2.Vazirlar qanday javob qaytarishdi?
3.Podsho nega vazirlarning javobini qabul qilmadi?
4.Donishmandning javobi qanday edi?
5.Nima sababdan kitob dunyodagi eng zo‘r va kerakli narsa ekan?
O‘quvchilar yuqoridagi savollarga javob topish asnosida bayon matnini yaratadilar.
Faqatgina matn savollarga javob shaklida bo‘lib qolmasligiga e’tibor qaratish lozim.
Shuning uchun ham savollar yordamida reja tuzib olishlik maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Rejada so‘roq gaplar ishlatilmaydi. Matnni yoritishda yordam beradigan so‘z
birikmalari va gaplardan foydalanish mumkin.
Reja:
1.Podshoning savoli.
2.Vazirlarning savolga javob izlashi.
3.Donishmandning munosib javobi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun yozma nutq og‘zaki nutqga qaraganda ancha
murakkablik tug‘diradi. Chunki ularning ba’zilari hali yozuv malakalarini to‘laligicha
o‘zlashtirib olmagan bo‘ladilar. Shu sabab ham ulardan og‘zaki qayta hikoya qila
olishliklariga ishonch hosil qilingandan so‘ng yozishga ruxsat berilsa maqsadga
muvofiq bo‘ladi.
Yozma ishlar o‘quvchilarning yozma savodxonligi va imlosini yaxshilash bilan
birga ularning nutqi va tafakkuri rivojiga ham samarali ta’sir qiladi. Natijada
o‘quvchilarda:
- narsalarning aniq va yorqin timsollarda aks ettirish;
- miyada timsol-tasavvurni uzoq vaqt yaxshi saqlab qolish imkonini beruvchi
ko‘rish va eshitish xotirasi;
- ongli ravishda ikki va undan ortiq narsani yodda qiyoslash va ularni rangi, shakli,
o‘lchami va tarkibidagi detallar miqdoriga ko‘ra taqqoslash qobiliyati;
- turli ob’yektlarning qismlarini bir-biriga moslab bir butunlik hosil qilish va yangi
xususiyatlarga ega ob’yektlarni yaratish qobiliyati rivojlanadi.
Zamonaviy o‘quv muassasasining asosiy vazifalaridan biri shaxsning muomala
madaniyatini ko‘rsatadigan, darajasini belgilaydigan nutq madaniyatini shakllantirish
sanaladi. Muomala mahorati tilni talaffuz, grammatik, lug‘aviy jihatdan o‘rganish
jarayonida egallangan ko‘nikmalar asosida shakllanadi, tilning ijtimoiy-madaniy
qatlami o‘zlashtiriladi. Muomala mahorati nutq janri va tegishli til vositalari, nutq
vaziyati komponentlari hisobi bilan matn tuzish, jumlalar qurilishi me’yori tanlovi
sifatida tushuniladi va shaxsning muomala madaniyati boyligi sanaladi. O‘quvchilar
baholovchi faoliyat asosida o‘rtoqlarinng yozma ishlarini va boshqa mualliflarning
asarlarini baholay olish mahoratini egallaydilar. Turli ko‘rinishdagi nutq janrlarini
yaratishni o‘rganish o‘quvchilarning muomala vakolatining shakllanish jarayonida hal
qilinishi lozim bo‘lgan xususiy masalalardan biri bo‘libgina qolmay, shaxsning axloqiy-
ma’naviy jihatdan shaklanishida uning salohiyatini, ma’naviyatini, madaniyatini
yuksaltiruvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi, mustaqilligini, tashabbuskorligini
rivojlantiruvchi vosita sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |