2.2-rasm.Funktsional javobgarlik markazlari bo’yicha
analitik hisob rasmsi
Foyda markazini moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobot, shuningdek, rejalashtirilgan foyda olish jadvali (operatsion byudjet) yordamida boshqarish mumkin.
Investitsiyalar markazi - bu rahbar nafaqat daromadlar va xarajatlarga, balki kapital quyilmalarga ajratilgan mablag’larga ham javob beradigan bo’linmadir.
Amaliyotda sof foydasini investitsiya qilish huquqiga ega bo’lgan bunday markazning maqsadi foyda olish hamda sarflanadigan mablag’larning rentabelligi, investitsiyalarning daromadliligi va xususiy mablag’ning ortishiga erishish hisoblanadi.
Investitsiyalar markazi faoliyatini rejalashtirilgan foyda olish jadvali (operatsion byudjet), shuningdek, pul oqimlari to’g’risidagi hisobot, buxgalteriya balansi yordamida boshqarish mumkin.
Javobgarlikning asosiy markazlari bevosita mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar ko’rsatish bilan shug’ullanadi. Ularning xarajatlari bevosita mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritiladi. Asosiy ishlab chiqarish brigadalari, tsexlari va sotish bo’limini ana shunday markazlarga kiritish mumkin.
Javobgarlikning yordamchi markazlari javobgarlikning asosiy markazlariga ko’maklashish uchun tashkil etiladi. Bu markazlarning xarajatlari avval javobgarlikning asosiy markazlari bo’yicha taqsimlanadi, keyin esa asosiy markazlarning umumiy xarajatlari mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxi tarkibiga kiritiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, javobgarlik markazlarini aniqlashda korxona texnologik tuzilmasini e’tiborga olish, uni gorizontal va vertikal ko’rinishlarga ajratish zarur.
2.3-rasm.Ishlab chiqarish korxonalarida javobgarlikmarkazlari tuzilmasi
Gorizontal tuzilmada markaz uchun javobgar har bir shaxs faoliyati doirasi bilan farqlanadi, vertikal tuzilmada esa boshqaruv qarorlari qabul qilishga vakolatli shaxsning harakatlari nazarda tutiladi.
Javobgarlik markazlarining har biri bir vaqtda xarajatlar, daromadlar, foyda yoki investitsiyalar markazi bo’lishi mumkin (2.3.-rasm.).
Bu rasmga asoslanib, korxona javobgarlik markazlarining shakllanishini gorizontal va vertikal ko’rinishlarda tahlil qilib chiqish korxona bo’linmalari rahbarlari faoliyatini markaziy boshqaruv xodimlari faoliyati bilan muvofiq-lashtirish imkonini beradi.
Javobgarlik markazi rahbari vazifalarni bajarish bo’yicha belgilangan majburiyatlar bilan birga moliyaviy javobgarlikni ham o’z zimmasiga olishi shart. Bunda har bir markaz o’ziga tayinlangan turli funktsiyalarni bajarishi mumkin (ishlab chiqarish, marketing, texnik xizmatlar, hisob, nazorat va h.k.). Mazkur holatda, muayyan funktsiyalar yoki vositalar emas, balki xodim yoki ma’muriyat javobgarlik markazi ob’ekti bo’lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |