Xalqaro moliya tashkilotlari va ularning xalqaro valyuta munosabatlarini tartibga solishdagi o‘rni
Globallashuv jarayonlarining chuqurlashuvi natijasida davlatlararo har tomonlama hamkorlikning bir ko‘rinishi sifatida xalqaro tashkilotlar va fondlar yuzaga chiqmoqda. Ular siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalarda umumiy tusdagi maqsadlarga erishish uchun davlatlar, milliy institutlar, nodavlat assotsiatsiyalarini birlashtiradi. Xalqaro tashkilotlar o‘z faoliyatini har tomonlama muvofiqlashtirish uchun o‘z fondlarini tashkil etadilar.
Davlatlararo kelishuvlar asosida ishtirokchi davlatlarning yagona moliya va kredit siyosatlarini amalga oshirish uchun pul mablag‘larining davlatlararo
maqsadli fondlari tuziladi. Davlatlararo fondlar (tashkilotlar) o‘z daromadlarini shakllantirish usullari va moliyalashtirish tusiga ko‘ra bir nechta turlarga bo‘linadi. Birinchi turga moliya-kredit tashkilotlarining davlatlararo va xalqaro fondlari kiradi. Ular nizom kapitalida ishtirok etuvchilarga maqsadli kreditlar ajratadilar va maqsadli fondlarni tashkil etadilar. Bu tashkilotlar faoliyati davomida olgan daromadlaridan ulushiga ko‘ra dividend to‘laydilar hamda turli maqsadlar uchun
zahira fondlarini shakllantiradilar.
Mazkur tashkilotlar jumlasiga Xalqaro Investitsiya banki (XIB), Xalqaro Iqtisodiy Hamkorlik banki (XIHB), Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (YeTTB), Xalqaro Valyuta Fondi (XVF)ni kiritish mumkin.
Xalqaro moliya tashkilotlari va fondlarning nizom kapitali shakllanishida, olingan daromadlarni taqsimlab, turli fondlarni tashkil etishda moliya munosabatlari katta rol o‘ynaydi.
Milliy va xalqaro moliya-kredit institutlarining mablag‘lari, xalqaro ishtirokchi-tashkilotlar fondi, manfaatdor mamlakatlarning valyuta fondlari va budjet mablag‘lari to‘lanadigan badallarning manbasi hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqi (YeI)da ham qator davlatlararo fondlar, jumladan, Yevropa Ittifoqining budjeti, Yevropa Taraqqiyot fondi, Yevropa Valyuta Hamkorlik fondi va boshqalar tashkil etilgan.
Ikkinchi tur tashkilotlarining budjetlari ishtirokchilarning har yillik badallari evaziga tashkil etiladi. Bunday tashkilotlarga ma’lum sohalardagi milliy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi xalqaro va umumjahon institutlari kiradi. Ularga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Xalqaro Vaqt Byurosi, Atom energetikasi bo‘yicha Xalqaro Agentlik, Dengiz aloqasi bo‘yicha Xalqaro Tashkilot, Ilmiy xizmatchilarning umumjahon Federatsiyasi va boshqalarni kiritish mumkin.
Uchinchi tur xalqaro tashkilotlariga vaqtinchalik tusga ega bo‘lgan ilmiy dasturlar va kongresslarni kiritish mumkin. Ularni moliyalashtirish qatnashuvchi ishtirokchilar tomonidan amalga oshiriladi. Masalan, Xalqaro biologiya dasturi (1964-1974 yy.), Xalqaro geodinamik loyiha (1971-1980 yy.), Xalqaro osoyishta quyosh yili (1964-1965 yy.), 1957 yildan boshlab har ikki-uch yilda chaqiriladigan Xalqaro tog‘ kongressi va boshqalar. Ushbu tashkilotlar turli mamlakat olimlari bilan yaxlit ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
To‘rtinchi tur xalqaro tashkilotlari xalqaro ilmiy laboratoriyalar, institutlar, ittifoqlar, yaxlit va umumiy sohalar assotsiatsiyalari, ma’lum ilmiy sohalar bo‘yicha byurolardan iborat. Ular mamlakatlarni, milliy ilmiy tashkilotlarni, assotsiatsiyalarni, ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan alohida olimlarni birlashtiradi va ular faoliyatini muvofiqlashtiradi. Ushbu tashkilotlar yillik ulushli badallar, konferensiyalarda ishtirok etuvchilarni ro‘yxatga olish badallari, yuridik
va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari, davriy ilmiy nashrlardan daromadlar hisobidan tashkil etiladigan budjetlar tomonidan moliyalashtiriladilar. Mazkur tashkilotlarga misol qilib milliy va qo‘shma dasturlar bo‘yicha ishlaydigan Kuchli magnit maydonlari va past harorat bo‘yicha xalqaro fond, Xalqaro matematika markazi va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Beshinchi tur xalqaro tashkilotlari faoliyatning ma’lum sohalariga ko‘maklashish va tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni yig‘ish bilan shug‘ullanadilar. Masalan, Xalqaro Yovvoyi tabiat fondi davlat, jamoat tashkilotlari va xususiy shaxslardan yovvoyi hayvonlar va tabiatni qo‘riqlash uchun mablag‘larni yig‘uvchi nodavlat tashkilotdir. Ushbu tashkilot boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ma’lum tadbirlarni moliyalashtiradi. Fond o‘zining nashriga ega bo‘lib, uni sotishdan olinadigan daromadlar fond budjetining daromad manbalaridan biri hisoblanadi.
“Olimpiya birdamligi” fondi rivojlanayotgan mamlakatlar milliy olimpiya qo‘mitalariga moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun tuzilgan. Mazkur fond milliy olimpiya qo‘mitalarining badallari, xususiy kompaniyalar, firmalar va xususiy shaxslarning xayriyalari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining investitsion va nashriyotchilik faoliyati natijasida olingan daromadlari hisobidan shakllantiriladi. Fondga olimpiya o‘yinlarini televizion yoritishdan olingan daromadlarning 1/3 kelib tushadi (olimpiya o‘yinlarini televizion yoritishdan olingan daromadlar mos ravishda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, “Olimpiya birdamligi” fondi va Olimpiya sport turlari bo‘yicha xalqaro Federatsiya o‘rtasida taqsimlanadi).
Fondning budjeti har yili tasdiqlanadi. Asosiy tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha hududlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar xarajatlarning 75-85 foizini tashkil etadi. Ushbu tadbirlarga yig‘inlar o‘tkazish, xakamlar majlisini o‘tkazish, sport buyumlarini sotib olish, milliy olimpiya qo‘mitalariga moliyaviy yordamlar ko‘rsatish va boshqalarni kiritish mumkin. Boshqa mablag‘lar nashriyotchilik faoliyatiga va joriy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan fondlarning tarkibiy tuzilishi, maqsadi, vazifalarini yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida birinchi tur fondlar –moliya-kredit tashkilotlariga mansub Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) haqida ma’lumotlarni keltiramiz.
Xalqaro Valyuta Fondi BMTning maxsus tashkiloti bo‘lib, uni tuzish to‘g‘risidagi kelishuv 1944 yilda Bretton-Vudsdagi valyuta-moliya masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan BMT konferensiyasida imzolangan. 1945 yilning 27 dekabrida ushbu kelishuv kuchga kirgan. Xalqaro Valyuta Fondi amalda o‘z faoliyatini 1946 yildan boshladi.
Bretton-Vuds kelishuviga muvofiq Xalqaro Valyuta Fondining vazifasi unga a’zo bo‘lgan mamlakatlarning oltin va AQSh dollarida ifodalangan valyuta
zahiralarini tartibga solish hamda a’zo mamlakatlarning valyuta paritetlarining barqarorligini ta’minlashdan iborat.
Ushbu kelishuvga ko‘ra a’zo mamlakatlar o‘z valyutalarini belgilangan kurslar asosida xalqaro joriy operatsiyalar bo‘yicha almashinuvini ta’minlashlari shart edi. Shuningdek, mazkur mamlakatlar valyuta operatsiyalarini chegaralash bo‘yicha mavjud to‘siqlarni bekor qilishlari kerak edi (amalda 181 mamlakatdan atigi 60 mamlakat ushbu talabni bajargan).
Xalqaro Valyuta Fondining nizom fondi a’zo mamlakatlarga o‘rnatiladigan kvotalar asosida to‘lanadigan badallardan tashkil etiladi. Kvotalar har bir a’zo mamlakatning moliyaviy badal hajmini aniqlash, proporsional ravishda Xalqaro Valyuta Fondi kreditlari hajmini aniqlash hamda ovozlar sonini aniqlash uchun xizmat qiladi. Kvotalar hajmi mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi va uning jahon iqtisodiyoti hamda xalqaro savdodagi roliga bog‘liq bo‘ladi. Kvota yalpi ichki mahsulot, import va eksport hajmi, oltin-valyuta zahiralari hajmi ko‘rsatkichlari asosida hisoblanadi. Kvotalar hajmi har besh yilda qayta ko‘rib chiqiladi.
Kvotalar hajmidan kelib chiqqan holda Xalqaro Valyuta Fondi boshqaruv organlarida ovozlar soni mamlakatlar o‘rtasida taqsimlanadi. Har bir mamlakat 250 ta ovozga ega va har bir qo‘shimcha 100000 SDR uchun 1 ta ovoz qo‘shib beriladi. Hozirda boshqaruv organida ovozlarning eng ko‘pi AQShga tegishli – 17,7 foiz.
Bugungi kunda Xalqaro Valyuta Fondining asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
valyuta siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
valyuta siyosati sohasida balanslashgan rivojlanishda hamkorlik qilish;
yuqori bandlik darajasi hamda real daromadlarni ta’minlash va rag‘batlantirish, barcha a’zo mamlakatlarning iqtisodiy siyosati asosini tashkil etuvchi, ishlab chiqarish potensialini rivojlantirish uchun jahon savdosining balanslashgan o‘sishini barqarorlashtirish;
valyuta barqarorligini ta’minlash va a’zo mamlakatlar o‘rtasida valyuta munosabatlarini soddalashtirish, shuningdek, raqobat muhitini shakllantirish nuqtai nazaridan kelib chiqqan sodda valyuta devalvatsiyasining oldini olish;
ko‘p tarmoqli to‘lov tizimlarini tashkil etishda ishtirok etish, shuningdek, valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish;
a’zo mamlakatlarga to‘lov balanslari taqchilligini yo‘qotish uchun mablag‘lar berish.
Oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni bajarish uchun Xalqaro Valyuta Fondi o‘z funksiyalari va tamoyillarini ishlab chiqqan.
Xalqaro Valyuta Fondi tamoyillari:
tartibga solishdan chetga chiqish maqsadida xalqaro valyuta tizimi yoki valyuta kursi manipulyatsiyasini ta’qiqlash;
valyuta inqirozlariga barham berish maqsadida valyuta bozorlarida intervensiyani amalga oshirish majburiyati;
Xalqaro Valyuta Fondining funksiyalari:
kodeksda kelishilgan munosabatlarga amal qilish, xalqaro valyuta siyosati va davlatlararo to‘lovlar aylanmasi sohalarida hamkorlik qilish;
to‘lov balansi taqchilligini yengib o‘tish uchun moliyaviy yordam;
maslahat va hamkorlik qilish.
Belgilangan vazifalarini amalga oshirish maqsadida Xalqaro Valyuta Fondi o‘z va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xorijiy valyutada kreditlar yoki a’zo mamlakat to‘lov balansini tenglashtirish maqsadida SDR taqdim etadi.
Moliyaviy operatsiyalar faqatgina a’zo mamlakatning rasmiy organlari: g‘aznachilik, Markaziy bank, valyutani barqarorlashtiruvchi fondlar bilan birga amalga oshiriladi. Xalqaro Valyuta Fondi resurslarini olishni tartibga soluvchi qoidalar barcha a’zo mamlakatlar uchun bir xil amal qiladi. Joriy operatsiyalar bo‘yicha xorijiy valyutaga ehtiyoj sezgan mamlakat kreditning zarurligini isbotlashi shart. Bunday kreditlar hajmi quyidagi shart orqali tartibga solinadi: qarzdor mamlakatning milliy valyutasi uning kvotasini yil davomida 25 foizidan va umumiy hisobda kvota hajmining 200 foizidan ortib ketmasligi kerak. Kreditlar bo‘yicha foizlar har bir moliya yili uchun daromad va xarajatlarni baholash asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Xalqaro Valyuta Fondi tarkibida alohida kredit turlari bo‘yicha bir necha maxsus fondlar tashkil etilgan. Ushbu fondlardan aksariyat hollarda, bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan mamlakatlarda savdo va to‘lov tizimidagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga kreditlar ajratiladi. Ushbu kreditlar, odatda, 4 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarda qaytarilishi mo‘ljallanadi.
Keyingi yillarda Xalqaro Valyuta Fondining daromadi past bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlardagi tarkibiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘rta muddatli makroiqtisodiy barqarorlashtirish dasturlariga ajratiladigan kreditlar salmog‘i ortmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |