Bog'liq Global iqtisodiy rivojlanish Xonkeldiyeva G Sh , Muminova E A ,
Real integratsiya – bu milliy iqtisodiyotlarning birikib ketishi bo‘lib, bunda sherik mamlakatlarning takror ishlab chiqarish jarayonlari milliy chegaralardan tashqariga chiqadi va birlashma tarkibidagi boshqa mamlakatlarning o‘xshash jarayonlari bilan qo‘shilib ketadi, ular o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar esa har bir a’zo mamlakat milliy xo‘jaligining uyg‘unlashgan tarkibiy qismiga aylanadi.
Integratsiyalashuv jarayonlari to‘rtinchi texnologik uklad shakllangan yoki shakllanayotgan mintaqalarda chuqurlashadi va kengayadi. Bunga Yevropa Ittifoqi misol bo‘la oladi. Uning markaziy qismida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining erkin harakatlanishi yo‘lida deyarli barcha to‘siqlar olib tashlangan. Bu yerda milliy davlatlarni saqlab qolgan holda o‘z mohiyatiga ko‘ra yagona iqtisodiy makon shakllangan bo‘lib, unda barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun bir xil ichki va tashqi harakat qoidalari va hatto yagona valyuta – yevro joriy etilgan. Tarixda bunday mustaqil va ancha farovon mamlakatlarning ixtiyoriy ravishda, hech qanday zo‘rlashlarsiz va bosimlarsiz o‘z moddiy, moliyaviy, intellektual va boshqaruv resurslarini birlashtirish holati kuzatilmaydi. Yevropa Ittifoqi hozirgi kunda yagona, ancha ilgarilab ketgan integratsion blok hisoblanadi. Rivojlanayotgan mintaqalarda siyosatchilarning hech qanday urinishlari ushbu jarayonlarni kuchaytirishga va rag‘batlantirishga qodir emas.
Gap shundaki, bunday mintaqalar mamlakatlari bir-biriga ancha cheklangan turdagi tovarlarni, asosan, qishloq xo‘jaligi yoki yoqilg‘i-xomashyo mahsulotlarini taklif etishlari mumkin. Bundan tashqari ular texnologik jihatdan qoloqligi tufayli mana shu tovarlarni ham katta mehnat xarajatlari bilan ishlab chiqaradilar. Mehnat haqi xarajatlari pirovard mahsulot qiymatining katta qismini tashkil qiladi. Bunday mamlakatlarning barchasida mehnat bir xil arzon bo‘lib, ish haqi darajasidagi farqlarning yo‘qligi bir xil tovarlarning narx raqobatbardoshligidan foydalanish imkonini bermaydi. Demak, mazkur mintaqalarda Rikardoning bitta tovar guruhida davlatlararo ayirboshlashning foydaliligini aniqlab beruvchi nisbiy ustunlik yuqori emas. Bu ustunliklar rivojlangan mamlakatlar bilan savdodagina ko‘zga tashlanadi, chunki u yerda mehnat ancha qimmat turadi. Shu sababli chekka makromintaqalarning asosiy eksport oqimlari rivojlangan mamlakatlarga
yo‘naltiriladi. Bunday mintaqalar o‘rtasida investitsiyalar va yuqori texnologiyali xizmatlarni ayirboshlash imkoniyatlari esa ancha past.
Shu sababli jahon iqtisodiy makonida milliy xo‘jaliklarning yuqori o‘zaro bog‘lanishi mavjud bo‘lgan mintaqalar bilan birga bunday bog‘lanishlar past va zaif bo‘lgan mintaqalar mavjud. O‘zaro bog‘liqlikni aniqlashning eng oddiy usuli – bu YuNKTADning yillik statistik to‘plamlarida an’anaviy beriladigan mazkur birlashmaning a’zo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdoning mamlakat jahon umumiy savdosidagi ulushi hisoblanadi. Lekin bu ko‘rsatkich milliy xo‘jaliklarning o‘zaro birlashish darajasini taxminan ko‘rsatadi. Uni aniqroq qilib, mamlakatning o‘z iqtisodiy sheriklariga nisbatan iqtisodiy ochiqlik darajasi yordamida ko‘rib chiqish mumkin. Bu ochiqlik ikki jihatga: savdo-siyosiy va takror ishlab chiqarish jihatlariga ega.