18-may – Xalqaro muzeylar kuni Aloqa tarixi muzeyida nishonlandi
18-may butun dunyoda “Xalqaro muzeylar kuni” sifatida an’anaviy tarzda nishonlanib kelinmoqda. Ushbu bayram har yili yurtimizda ham nishonlanadi va muzeylar faoliyatiga bag‘ishlangan ma’lum bir mavzuga ega bo‘ladi.
Muzeylar – bu ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina bo‘lib, u yillar davomida boyib, to‘lib boradi.
Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishi bo‘lib qolmasdan, ular bizni o‘tmish sayohatiga chorlovchi vosita hamdir. O‘zbekiston muzeylari esa 130 yillik tarixga ega. Mamlakat miqyosida muntazam faoliyat yuritayotgan 1200 dan ziyod turli yo‘nalish va soha muzeylari tashrif buyuruvchilarni mamnun qilib kelmoqda. Ta’kidlash joiz, telekommunikatsiya sohasi ham tarixiy rivojlanish bosqichlarini boshidan o‘tkazgan va har bir yaratilgan jihoz, turli ashyolar vaqt o‘tgan sayin asta-sekin tarixga aylanib boradi. Soha tarixi esa Aloqa tarixi muzeyi eksponatlarida aks etgan. Ushbu muzey sohaning o‘tmishi va taraqqiyot bosqichlarini insonlarga tanituvchi maskan hisoblanadi. Bugungi kunda muzey ekspozisiya zallarida namoyishga qo‘yilgan eksponatlar soni 5 508 tani tashkil etib, bu yerda “Tarixingdir ming asrlar...”, “O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlar mamlakati”, “Buyuk ajdodlarimiz”, “Elektraloqa asoschilari (ixtirochilar)”, “Musiqa va axborot saqlovchi vositalar”, “Radiouskunalar”, “Pochta tashish vositasi” (1865 y.), “Buyuk teleminoralar”, “Televizorlar, dunyo teleminoralari maketlari”, “Soha faxriylari va rahbarlari”, “Fotogalereya” (aloqa tarixi, pochta markalari...), “O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan AKT mahsulotlari”, “Radioreproduktor” (1940 y.), “Pochta, telegraf, telefon aloqasi”, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye”, “Televideniyening yaratilishi va rivojlanish tarixi” kabi bo‘limlar mavjud.
Muzey rahbariyati va mutaxassislarning tinimsiz izlanishlari natijasida har yili kamida uchta yangi ekspozisiya yaratilishi o‘ziga xos an’anaga aylangan. “Faxriy aloqachilar” interfaol ekspozitsiyasi ma’lumotlar bazasi doimiy ravishda to‘ldirib boriladi. Shuningdek, “Fotogalereya” va “Soha rahbarlari” ekspozitsiyalari ham qayta tashkil etildi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, muzey qoshida tashkil etilgan, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan kinozalda yurtimiz va jahon muzeylarining virtual ekspozisityasi va xalqimizning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan filmlar tashrif buyuruvchilarga doimiy ravishda namoyish etib boriladi.
Muzeyning uchinchi qavatida joylashgan ikkita, so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan konferensiya zallari sohaning axborot markaziga aylangan.
Muzeylar ma’nan boyib, muntazam ravishda kengayib boradi. Bu borada Aloqa tarixi muzeyi ham. Har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an’analar hamda qadimiy yodgorliklarni o‘rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Chunki ular uzoq o‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan madaniyat, ma’rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi bo‘lib, amaldagi qonun-qoidaga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |